17:04 / 05.04.2017
5 766

Koreyaliklar Yakkasaroy tumanidagi xonadonlarga aqlli hisoblagichlar o‘rnatishadi

Koreyaliklar Yakkasaroy tumanidagi xonadonlarga aqlli hisoblagichlar o‘rnatishadi
Poytaxtning Yakkasaroy tumani Boshliq massividagi 29-ko‘p qavatli uyda sinov loyihasi doirasida eng yangi gaz, elektr, sovuq va issiq suv hisoblagichlari o‘rnatiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimiyati hududiy kommunal foydalanish birlashmasi rahbarining o‘rinbosari Oybek Bekmirzaev ma’lumotiga tayanib Sputnik nashri xabar berdi.

Uning aytishicha, shahar kommunal xo‘jaligi tizimida smart hisoblagichlarni joriy etish loyihasini hududiy kommunal foydalanish birlashmasi Axborot va kommunikasiya vazirligi va Janubiy Koreya kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

"Qirq xonadonli uyning 20 xonadoni tanlab olindi. Ularning har biriga yagona dasturiy ta’minotga ega bo‘lgan sovuq va issiq suv, berilgan issiqlik, elektr energiyasi, gaz hisoblagichlari o‘rnatiladi. Tizim yarim yil davomida sinovdan o‘tkaziladi. Ishlash uslubi juda oddiy: xonadon egasining telefoniga foydalanilgan xizmat uchun haq to‘lashi lozimligi haqida xabar keladi. Agarda to‘lov amalga oshirilmasa, aynan qaysi xizmatdan qarzdorlik bo‘lsa o‘sha xizmat kompyuter tomonidan o‘chirib qo‘yiladi", — dedi Bekmirzaev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunda inson omiliga hojat qolmaydi va uyma-uy yurib pul yig‘ishga chek qo‘yiladi.

Hozirda uskunalar keltirilgan bo‘lib, bojxona ko‘rigi jarayonidan o‘tmoqda. Janubiy koreyalik mutaxassislar Toshkentga etib kelishdi va ishni boshlashga shay. Loyihaning o‘zi xorij kompaniyasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

"Kommunal xizmatlarimiz ham ishni boshlashga tayyor: slesar va metrologlardan iborat ishchi brigadalari tayyorlangan. Biz qancha uzunlikdagi kabel va boshqa mahsulotlar ketishini ham hisoblab chiqqanmiz, xullas, hamma narsa tayyor", — dedi mutaxassis.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Koreyaliklar Yakkasaroy tumanidagi xonadonlarga aqlli hisoblagichlar o‘rnatishadi