11:51 / 09.04.2017
6 826

Dronlar tufayli shu yildayoq eng kuchli o‘zgaruvchi 6 soha

Dronlar tufayli shu yildayoq eng kuchli o‘zgaruvchi 6 soha
Amazon kompaniyasining yangicha onlayn-savdo standartlari borasidagi sa’y-harakatlari tufayli buyurtmalar dronlar yordamida «shu kunning o‘zida» emas, balki «shu soatning o‘zidayoq» etkazib berila boshlagani butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘layotir. Boshqa sohalarda ham dronlar tufayli yaqin orada ko‘plab o‘zgarishlar yuz berishini kuzatuvchilar ta’kidlashmoqda. Umuman olganda, ko‘p sohalarga dronlar allaqachon kirib kela boshlagan: qishloq xo‘jaligi, kinematografiya, fotografiya, kirib borish mushkul bo‘lgan (tom, ko‘prik, uyali aloqa minorasi kabi) ob’ektlarni tekshirish…

Yaqin-yaqinlargacha dronlarning tarqalishi juda sekin kechdi, bunga qisman yuridik cheklovlar ham sabab bo‘ldi. Biroq endi fan va texnologiyalarning ayrim sohalari ayni shu yilning o‘zidayoq ular sababli yangicha tus olishi mumkin. Masalan…

O‘yinlar va sport

2016 yili sport tadbirlarini suratga olishda dronlardan foydalanilgan bo‘lsa, endi ularning o‘zlari musobaqalar ishtirokchilariga aylanishadi. Dronlar poygasi va otishmasi ommalashadi, bunda o‘yin ishtirokchisi va tasvirga oluvchi dronlar alohida bo‘lib, ular oralig‘ida masofa saqlanadi.

Ammo dronbording sport turi allaqachon yuzaga kelib bo‘ldi, bu yil esa uning keng ommalashuvi kutilayotir. Bu o‘yinda sportchiga tros yordamida bog‘langan dron uni tortib uchadi, sportchi esa dronni pult yordamida boshqargancha qor yoki suv yuzasida sirg‘alib boradi.

Tibbiyot

O‘tgan yili Ruandada dronlar yordamida etkazib berish bilan shug‘ullanuvchi dunyodagi ilk milliy xizmat yo‘lga qo‘yildi. U etib borish mushkul bo‘lgan hududlarga bemor hayoti uchun muhim bo‘lgan donorlik qoni zaxiralarini eltib beradi. Bu hali boshlanishi…

Tibbiy muassasalar orasida zaruriy dori-darmonlar va donorlik qonini etkazib berish ko‘pchilikka yordam bersa-da, bitta muassasaning ichida tibbiy materiallarni etkazib berishda ham dronlardan foydalanish mumkin. Bu an’anaviy yo‘llardan ko‘ra tezkorroq va samaraliroqdir. Bitta operator 20 tagacha dronni nazorat etishi mumkin, nazariy jihatdan qaraganda, bu – bitta kasalxonadagi 20 nafar bemorning joni saqlanib qoladi, deganidir.

Qidiruv-qutqaruv operasiyalari

Ayrim hududlarga vertolyot bilan ham kirib borish qiyin bo‘ladi, shunaqa joylarda qidirish va qutqarish ishlarida dronlarning yordami juda asqotadi.

Bundan tashqari, yaqinda yong‘inga qarshi kurashda ham dronlarning yordami tegdi. Nyu-York yong‘inni o‘chirish xizmati tajriba sifatida qo‘llayotgan dronlar infraqizil (jonli organizmdan chiquvchi) nurlarni qayd etuvchi videokameralar bilan jihozlangan. Ular yonayotgan ob’ektning qaerida odam qolib ketganini aniqlab, boshqaruv pultiga signal yuboradi, bu esa real vaqtda vaziyatni to‘g‘ri baholashga, o‘t o‘chiruvchilarning hayotini xavf ostiga qo‘ymaslikka yordam beradi.

Tasvirlarni anglash texnologiyalari sohil bo‘ylarida xizmatga jalb etilsa, suvga cho‘kayotgan kishilarni aniqlashda juda qo‘l keladi. Pilotsiz suzadigan qutqaruvchi moslamalar esa har qanday qutqaruvchidan ko‘ra tezroq yordamga etib bora oladi.

Huquq-tartibot himoyasi va mudofaa

Ko‘pincha dronlar xususida gap ketganida, bitta masala ko‘tariladi: kishilarning xususiy dronlaridan josuslik, noqonuniy tasvirga olish, terrorchilik hujum maqsadlarida foydalanishlari mumkin-ku!

O‘rinli savol. Echimi ham o‘zida: dushmanga qarshi o‘zining quroli bilan kurashish. Ha, osmonda dronlar patrulini tashkil etish hamda ular yordamida shubhali va noqonuniy pilotsiz uchuvchi jihozlarni qo‘lga olish usullarini ishlab chiqishga qaratilgan startaplar mavjud.

Mudofaa sohasida ham dronlarning foydasi tegadi: ular borish mushkul bo‘lgan hududlarda aloqa uzellari bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Jamoat tadbirlarida – konsert, paradlarda yoki tabiiy ofat payti aholini evakuasiya qilishda esa, aloqa tarmog‘ini yaxshilashga dronlarni jalb etsa bo‘ladi.

San’at va ko‘ngilochar tomoshalar

Ledi Gaganing «Superboul» turnirida chiqishi davomida yuzlab dronlar yordamida shou ko‘rsatganida, ko‘ngilochar tadbirlar sohasida dronlarning imkoniyati katta ekaniga yuz millionlab kishi guvoh bo‘ldi. Uchar moslamalardan boshqa tur tomoshalarda ham foydalanish boshlansa, bu kabi misollar ko‘payaveradi.

Logistika

Garchi xarid qilingan tovarlarni zudlik bilan etkazib berishda dronlarning imkoniyatlariga havas qilsak-da, riteylerlar va kurerlik xizmatlarining boshqa yo‘nalishlarida ham ularning xizmati katta bo‘ladi. Ular omborxonalarni, mahsulot va konteynerlarni arzon va samarali usulda nazorat etish imkonini beradi. Hali ishlab chiqaruvchilar omborlarni robotlar yordamida butkul avtomatlashtirish ustida bosh qotirib o‘tirishganida, dronlar allaqachon ombor maydonlarini tekshirib, zaxiralarni hisoblab, eltib berishlar tarmog‘iga kirib borishga tayyor turibdi.

Yuqorida sanab o‘tilgan va boshqa sohalarning taraqqiyoti yo‘lida dronlar xizmatidan foydalanish darajasi bundan buyog‘iga oshaveradi. Yuridik to‘siqlar olib tashlanib, texnologiyalar rivojlangani sayin, ularning xizmati ham samaraliroq, ishonchliroq va xavfsizroq bo‘lib boradi.

Manba: Terabayt.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Dronlar tufayli shu yildayoq eng kuchli o‘zgaruvchi 6 soha