15:05 / 14.04.2017
7 730

Instagram’da endi selfidan stiker yasash mumkin!

Instagram’da endi selfidan stiker yasash mumkin!
Instagram stikerlar bilan bog‘liq bir nechta yangilanishlarni e’lon qildi. Ularning ichida eng qiziqarlilaridan biri – foydalanuvchilar endi o‘z selfilarini nakleykaga aylantirishlari va keyin bu stikerlarni o‘z foto va videotasvirlariga yopishtirishlari mumkin, deb yozadi Terabayt.uz sayti.

Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yangi funksiyalar foydalanuvchilarga «tarix» yaratishda hamda suratli va videoli xabarlarni yuborishda yanada kreativroq bo‘lishda yordam beradi. Yaxshi jihati – kishilar biror narsaga munosabatini bildirish uchun endi o‘z qiyofalari suratlaridan o‘zlari yasagan stikerlardan foydalanishlari mumkin.

Buning uchun fotorasm yoki videolavha suratga olayotganingizda, tabassumli qiyofa belgichasiga bossangiz, kamera ikonkasi tasvirlangan stiker paydo bo‘ladi, shunda mini-selfi olishingiz mumkin. Rasmga tushirganingizdan keyin yoki undan avval unga ramka tanlashingiz mumkin. Endi bu stikerni ekranning istalgan qismiga joylashtirish va o‘lchamini sozlash qoladi, xolos.

Yaxshi jihatlaridan biri, selfi-stikerlarni nafaqat fotoga, balki videodagi aniq bitta ob’ektga ham yopishtirsa bo‘ladi. Buning uchun stikerni ushlab, kerakli joyga surib olib borasiz, keyin esa bu harakatingizni tasdiqlaysiz. Mazkur funksiya istalgan nakleyka va matn uchun ham amal qiladi. Uni barcha formatlardagi videolavhalarga qo‘yish mumkin. Yana, bitta videoga birato‘la bir nechta stiker yopishtirsa ham bo‘ladi.

Avvalroq Instagram geostikerlarni yo‘lga qo‘ygan edi va endi ularning amal qilish geografiyasini kengaytirmoqda. Bunaqa nakleykalar hozirda Chikago, London, Madrid va Tokio uchun, tag‘in barchasi shu shaharlarning mahalliy aholisi tomonidan yaratilgan.

Ilovada stikerlar uchun alohida ekran paydo bo‘lgan. Tabassumli qiyofa ustiga bosib, o‘ngga varaqlasangiz, shu erda oxirgi ishlatilgan bir nechta nakleykalarni ko‘rasiz.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, Instagram «tarix»laridan endi 200 milliondan ortiq kishi foydalanmoqda. Bu esa, mazkur formatni ilk bor taqdim etgan Snapchat servisining barcha auditoriyasidan ham oshiqroqdir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Instagram’da endi selfidan stiker yasash mumkin!