16:26 / 29.11.2017
5 152

Apple taxlama telefonini patentladi

Apple taxlama telefonini patentladi
Yangi patent arizasiga ko‘ra, Apple'ning navbatdagi innovatsiyasi kitob kabi ochib-yopiluvchi, moslashuvchan ekranli taxlama iPhone bo‘lishi mumkin.

Kompaniya taxlama iPhone bilan biryo‘la ikki maqsadni ko‘zlaydi - katta ekrandan foydalanish zavqidan mahrum qilmaslik va bunday katta o‘lchamli telefonning cho‘ntak yo sumkachaga sig‘masligidan tashvishlanmaslik. Uni qog‘oz kabi buklab joylash va kerak bo‘lganda qo‘ng‘iroqni amalga oshirish yoki pochtani tekshirish mumkin bo‘ladi.

Patent arizasida aytilishicha, mazkur texnologiya har qanday displeyli elektron qurilmaga nisbatan qo‘llanishi mumkin - u hoh portativ kompyuter yo smartfon, hoh qo‘l soati yoki boshqa elektron jihoz bo‘lsin.

Agar Apple bu patentni buklanuvchi ayfonni ishlab chiqarishda qo‘llashga qaror qilsa, kompaniya xuddi shu texnologiyani o‘zining boshqa mahsulotlarida qo‘llashi ham ehtimoldan xoli emas. Masalan, Mac kompyuterlari yoki Apple Watch aqlli soatlari, deb yozadi Fortune. Umuman olganda, patent olishning o‘ziyoq kompaniyaning haqiqatda ushbu texnologiyani amalda tadbiq qilish niyatida ekanidan dalolat beradi.

Ta’kidlash joizki, Apple moslashuvchan ekranli taxlama smartfonga qiziqish bildirayotgan yagona kompaniya emas. Samsung ham xuddi shu yo‘nalishda ish olib bormoqda. Yaqinda Janubiy Koreya gigantining 2018 yilda Galaxy X taxlama telefonini ishlab chiqarish rejalari tasdiqlangani haqida xabar berildi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Apple taxlama telefonini patentladi