11:24 / 14.01.2018
5 629

«O‘zbek orzusi» loyihasiga asos solindi: u yoshlarning muvaffaqiyatga erishishiga ko‘maklashadi

«O‘zbek orzusi» loyihasiga asos solindi: u yoshlarning muvaffaqiyatga erishishiga ko‘maklashadi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbektelekom» AK mamlakatimizning faol yoshlari bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalar hamda qiyin sharoitli yoshlarga kompyuter savodxonligini oshirish va ingliz tili bo‘yicha maxsus kurslarni tashkillashtirishga kirishdi.

— Hozirda mamlakatimiz rahbariyati O‘zbekistonning jahon AKT bozoridagi darajasini oshiradigan yuqori malakali va istiqbolli kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda, — deydi ushbu loyihaning 22 yoshli koordinatori Temur Allayarov. — Biroq jamiyatimizda muvaffaqiyatga faqat tanish bilishchilik orqali erishish mumkin, degan stereotiplar ham shakllanib qolgan. Bunday qarash yosh avlod rivojiga juda salbiy ta’sir qiladi. Shu sabab, Prezident tomonidan qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, biz maxsus qadriyatlar va kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirishga qaror qildik va uni «Amerika orzusi» iborasiga qiyoslab «O‘zbek orzusi» deb nomladik. «O‘zbek orzusi»ning asosiy jihati — har qanday fuqaro moddiy sharoitidan qat’i nazar, ulkan muvaffaqiyatga o‘z mehnati va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi yordamida erisha olishi hisoblanadi. Umid qilamizki, kurslarimizga qatnashganlar bu yerda olgan ma’lumotlarini, zamonaviy dunyoda muvaffaqiyat uchun kerakli bo‘lgan ko‘nikma va bilimlarini o‘zlarining yaqinlari hamda tanishlari bilan bo‘lishadilar.

Loyiha koordinatori Temur Allayarov loyiha haqida ma’lumot bermoqda. Foto: «Xabar.uz»


G‘oyalarni amalga oshirish uchun, kam ta’minlangan oilalar va qiyin sharoitli yoshlarning kompyuter savodxonligini oshirish, ingliz tili bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil qilishga qaror qilindi.

Ushbu bosqichda loyihaning tajriba talqini Toshkent shahrining Sergeli tumanida ishga tushirildi.

— Vazirlik rahbariyati g‘oyamizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganidan va darslar o‘tkazish uchun ofislarni qisqa muddatda uskunalar bilan jihozlab berayotganidan minnatdormiz, — deya o‘z fikrini davom ettirdi Temur Allayarov. — Tushunish lozimki, agar biz mamlakatimizni dunyoda yetakchi va eng yaxshi kadrlar salohiyatiga ega davlat sifatida ko‘rishni xohlasak, jamiyatni rivojlantirishda hozirning o‘zidayoq bilimimiz va tajribamizni chindan yordamga muhtojlar bilan bo‘lishishni boshlashimiz kerak. Axir yurtimiz yoshlari o‘z qobiliyati va iqtidori bilan ajralib turadi. AKT-mutaxassislarga ichki va jahon bozorida ulkan taqchillik bo‘lib turgan bir paytda, ushbu tashabbus o‘zining mevasini juda tez orada beradi deb o‘ylayman.

Faol volontyorlarga maxsus sertifikatlar beriladi. Foto: «Xabar.uz»

Ushbu loyiha doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan eng faol volontyorlar va o‘qituvchilar maxsus sertifikatlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, loyihaning istiqbolli qatnashchilarini amaliyot va ish bilan ta’minlanishini tashkillashtirish ham rejalashtirilayotganini ta’kidlash lozim.

Jamiyatimizni rivojlantirishga qo‘shilishni istovchilar yoki loyiha bo‘yicha batafsil ma’lumot olishni xohlovchilar o‘zlarning taklif va g‘oyalarini [email protected] elektron manziliga yuborishlari mumkin.

Manba: Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » «O‘zbek orzusi» loyihasiga asos solindi: u yoshlarning muvaffaqiyatga erishishiga ko‘maklashadi