14:22 / 28.03.2018
4 556

Apple kompaniyasi iPad’ning yangilangan versiyasini taqdim qildi (video)

Apple kompaniyasi iPad’ning yangilangan versiyasini taqdim qildi (video)
Ta’lim olishga bag‘ishlangan Apple Education Event tadbirida Apple kompaniyasi iPad planshetining talabalar va maktab o‘quvchilari uchun maxsus yaratilgan yangi versiyasini taqdim qildi. Yangi model ham Pro-versiya kabi Apple Pencil stilusini qo‘llab-quvvatlaydi. Bungacha stilus faqatgina 10,5 va 12,9 dyuymli iPad Pro’larda ishlagan.

9,7 dyuymli planshet barmoq izlari skaneri Touch ID, A10 Fusion protsessori, 8 megapikselli orqa kamera va 10 soat davomida quvvatni ushlab turuvchi akkumulyator bilan jihozlangan. Yangi qurilmada iPad Pro’dan farqli ravishda, tashqi klaviaturalar uchun konnektor mavjud emas.

Planshet maktab o‘quvchilari uchun 299 dollardan, boshqalar uchun esa 329 dollardan taklif qilinmoqda. Qurilmaga tadbir yakunlangandan keyinoq buyurtma bera boshlash mumkin va u mijozlarga apreldan yetkazib berila boshlanadi.

Apple tadbirda iPad bilan birga iWork ofis dasturlarining yangilangan paketini taqdim qildi. Bu dasturlar orasida Pages, Numbers va Keynote bor hamda ular Apple Pencil bilan ishlay oladi. Yangi iPad shuningdek boshqa kompaniyalar stiluslari bilan ham ishlay olishi ma’lum qilingan.

Apple shuningdek Shared iPad funksiyasini e’lon qilgan. Bu funksiya bir nechta foydalanuvchilarga bir qurilmadan foydalanish imkonini beradi. Planshetlarni Apple School Manager tizimi yordamida boshqarish mumkin. O‘quvchilar uchun iCloud saqlagichida bepul 200 gigabayt xotira taqdim qilinadi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Apple kompaniyasi iPad’ning yangilangan versiyasini taqdim qildi (video)