22:52 / 18.11.2018
4 638

Toshkentda o‘zbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ishga tushiriladi (foto)

Toshkentda o‘zbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ishga tushiriladi (foto)
Foto:Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
Yaqin kunlarda poytaxtimizning Yunusobod tumanida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda o‘zbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ishga tushirilishi kutilmoqda.

Vazirlik matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, an’anaviy sharq davolash usullari asosidagi Xitoy tibbiyot markaziga bugunga kelib 20 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lib, 300 ta ish o‘rni tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bu markazning o‘ziga xosligi shundan iboratki, unda ham sharq tabobatining asrlar davomida sinovdan o‘tgan davolash uslublari, ham g‘arb tibbiyotining ilg‘or natijalaridan foydalaniladi.

Foto:Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
Bugungi kunga kelib dori preparatlarining 8 xil ko‘rinishdagi (tabletkalar, kapsulalar, suyuq ko‘rinishdagi va b.) turlarini ishlab chiqaradigan farmatsevtika zavodi qurib bitirildi. Zavod yuqori xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi va GMP (Good Manufacturing Practic – dori vositalari, tibbiyot uskunalari, diagnostika jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari, biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish me’yorlari, qoidalari va ko‘rsatmalarini mujassam etgan xalqaro tizim bo‘lib, ma’lum preparat yaratilganida belgilangan talablarga mos ravishda hamda mazkur preparatni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning talablari asosida preparat ishlab chiqarilishini ta’minlaydi) talablariga mosligi bilan ahamiyatga molik. Mazkur tibbiyot maskanining qurilishiga Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bay Chunli (Bai Chunli) hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Biorganik kimyo instituti direktori Shavkat Solihov tamal toshlarini qo‘yishgan bo‘lib, hozirda 6000 kv.m maydonga ega 4 qavatli tibbiy diagnostika markazining korpusi va uchta mehmonxona binolarining qurilishi yakunlanmoqda.

Foto:Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
Zavod qurilishi import o‘rnini bosuvchi generik dorilarni ishlab chiqarish va ularning tannarxini arzonlashtirishga xizmat qiladi. Bu esa hududimizdagi kasalliklarni oldini olish va ularni davolashga mo‘ljallangan yangi original dori vositalardan foydalanish imkonini beradi. O‘z navbatida, ilmiy muassasalarda yaratilgan yangi dori vositalarni amaliyotga tatbiq etishda tajriba-sinov va texnologik reglamentlarni yaratish uchun amaliy yordam beradi. Farmatsevtik kompaniyalarda ishlayotgan mahalliy texnik kadrlarning malakasini oshirishga ko‘maklashish, zamonaviy tashhislash jarayoniga xorijiy klinikalarning yetakchi mutaxassislari ishtirokida konsalting xizmatlarini tashkillashtirish ham markaz oldiga qo‘ygan vazifalardandir. Shuningdek, klinika joylashgan hududda yashovchi, ijtimoiy qiynalgan 100 ta oilaga xar yili 1 marta yengillashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish ham rejalashtirilgan.

Mazkur o‘zbek-xitoy ilmiy texnologik parki kadrlar tayyorlash va zamonaviy ilm-fan natijalarini amaliyotga jalb etishning o‘ziga xos platformasini shakllantirish orqali fan, ta’lim va ishlab-chiqarishning o‘zaro integratsiyalash natijasida o‘ziga xos namunaviy innovatsion klasterni yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Toshkentda o‘zbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ishga tushiriladi (foto)