18:45 / 30.11.2018
4 288

“O‘zbektelekom"...gacha qo‘shimchasidan voz kechdi. Endi kafolatlangan internet tezligi taqdim etiladi

“O‘zbektelekom"...gacha qo‘shimchasidan voz kechdi. Endi kafolatlangan internet tezligi taqdim etiladi
30 noyabr kuni O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatda internet tezligini oshirish borasida amalga oshirilgan texnik ishlar yuzasidan hisobot anjumanini o‘tkazdi. Tadbir “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tdi.

Anjuman boshlanishida AKT vazirligi hamda “O‘zbektelekom” mutasaddilari prezentatsiyalarini taqdim etib, oxirgi o‘n oy mobaynida olib borilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Dastlab AKT vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov o‘z chiqishida texnik modernizatsiya ishlariga to‘xtalib o‘tdi, jumladan, o‘tgan davr mobaynida 2 mingdan ortiq optik tolali kabel tizimlari yotqizilgani, 4 mingga yaqin 4G baza stansiyalari o‘rnatilganini aytib o‘tdi.

1 dekabrdan internet xizmatlarida kuzatiladigan asosiy o‘zgarishlar

Anjuman davomida “O‘zbektelekom” boshqarmasi direktori Alisher Zufarov oxirgi paytlarda kompaniya haqida juda ko‘p salbiy fikrlar bildirilganini tan oldi. Ayni paytda u kamchiliklarni bartaraf etish borasida olib borilgan ishlar samarasi tez orada namoyon bo‘lishi, narxlar tushib, tezlik oshishini ta’kidlab o‘tdi.

Uning aytishicha, 1 dekabrdan internet xizmatlari ko‘rsatilishida keskin yaxshilanishlar bo‘ladi. Ma’lumotga qaraganda, xalqaro internet-kanalning o‘tkazish quvvati o‘n barobarga — 110 Gbit/s dan 1200 Gbit/s gacha oshiriladi.

Internet-trafikni xususiy provayderlarga yetkazish narxlari ikki barobarga pasayadi. Hozirda 1 Gbit/s 169 ming tursa, 1 dekabrdan bu narx 85 ming so‘mga tushiriladi.

Shuningdek, “O‘zbektelekom” o‘z abonentlariga ko‘rsatiladigan xizmat narxlarini keskin tushiradi. Limitsiz internet narxi 2-4 barobarga, internet-trafik narxi 2-3 barobarga pasayadi.

“Bir kunda hammasi o‘zgarmaydi”. Oddiy foydalanuvchilar tezkor internetdan qachon foydalana oladi?

Turon24 vakili savol-javob asnosida ilgari xususiy provayderlarda bo‘ladigan o‘zgarishlarga qiziqdi. Aytilishicha, “O‘zbektelekom” allaqachon mijozlari uchun arzonlashtirilgan tariflarni ishlab chiqib, saytga joylashtirib qo‘ygan. Shuningdek, kompaniya xususiy provayderlarga arzonlashtirilgan narxlarda internet-trafik yetkazib bermoqda. Ular qachon texnik imkoniyatlarini kerakli darajaga yetkaza oladi, qachon narxlarni arzonlashtirib, tezlikni oshiradi — bu narsa “O‘zbektelekom”ga bog‘liq emas, – deya ta’kidladi Olimjon Umarov. U ayni paytda jarayon nazorat qilinib, muvofiqlashtirib borilishini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, tadbirda qatnashgan ayrim provayderlar vakillari xususiy sohada o‘zgarishlar bir kunda bo‘lib qolmasligini tan oldi: bunga erishish uchun, yuqoridagi muammolardan tashqari, provayder va mijoz o‘rtasidagi shartnomalar qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Kutilayotgan asosiy o‘zgarishlardan biri – tarif paketlarida ko‘rsatilgan tezliklarning to‘liq ta’minlanishidir. Ya’ni, shu paytgacha tariflarda “tezlik ... Mbit/s gacha” deyilgan bo‘lsa, bundan buyon tariflarda “...gacha” qo‘shimchasi ishlatilmaydi — ko‘rsatilgan tezlik to‘liq ta’minlanadi.

Tadbirdan so‘ng Turon24 vakili Olimjon Umarov bilan suhbatlashib, modernizatsiya uchun ishlatilgan mablag‘lar, shuningdek, narxlarning tushirilishidan ko‘rilgan zarar nimaning hisobidan qoplanishiga qiziqdi. Bunga javoban “O‘zbektelekom” vakili O‘zbekistonga internet yetkazuvchi davlatlar – Rossiya va Qozog‘iston sotib olinayotgan internet hajmi keskin ortishi munosabati bilan narxni tushirganini bildirdi. Modernizatsiyaga ketgan mablag‘ esa AKT vazirligi tomonidan kiritilgan uzoq muddatli investitsiya bo‘lib, mamlakatda internet bozorining rivojlanishi asnosida qoplanadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » “O‘zbektelekom"...gacha qo‘shimchasidan voz kechdi. Endi kafolatlangan internet tezligi taqdim etiladi