22:30 / 12.11.2019
2 841

AKT vaziri: «Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqildi»

AKT vaziri: «Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqildi»
Foto:«Xabar.uz»
2019 yilning 12 noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining a’zolari, siyosiy partiyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasida saylov jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov axborot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 oktyabrdagi «Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan bir qator ishlar bajarildi.

Saylov jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirishni ta’minlash maqsadida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqildi va saylov.gov.uz manzili bo‘yicha joylashtirildi. Bugungi kunda 3400 dan ortiq okrug va uchastka saylov komissiyalarining a’zolariga tizimda ishlash huquqi (login va parol) taqdim etildi (15 noyabrga qadar to‘liq yakunlanadi).

Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 20,5 mln. dan ortiq saylovchi fuqarolardan iborat Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi hamda Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan integratsiya qilindi.

Markaziy saylov komissiyasining yangilangan rasmiy veb-sayti ishlab chiqildi.

Respublika bo‘yicha jami 28 mingdan ortiq okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari, operatorlari hamda siyosiy partiyalar a’zolarining Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalari oshirildi. Joriy yilning 15 noyabriga qadar 33 mingdan ortiq foydalanuvchilarning ko‘nikmalarini oshirish ishlari yakunlanadi.

Axborot tizimida ishlash jarayonida yuzaga keladigan muammolarga tezkorlik bilan yordam berish maqsadida uzluksiz (7 kun 24 soat) ishlaydigan qo‘llab-quvvatlash (Call-Center, 71 200-7337) markazi tashkil etildi.

Markaziy saylov komissiyasi bilan birgalikda videokuzatuv qurilmalari bilan jihozlash uchun 60 ta hamda biometrik pasport ma’lumotlarni identifikatsiya qilish qurilmalari bilan jihozlash uchun 20 ta namunaviy saylov uchastkalari tanlab olingan. Ushbu namunaviy uchastkalarda jami 120 ta videokuzatuv qurilmalari hamda 60 ta biometrik pasport ma’lumotlarni identifikatsiya qilish qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublikamizning barcha viloyat va tumanlarida tashkil etilgan 15 700 dan ortiq saylov okruglari va uchastkalarini telefon aloqasi hamda internet xizmatlari bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda joylardagi mahalliy hokimiyatlarning murojaatlariga binoan jami 5 500 dan ortiq ob’ektlar telekommunikatsiya tarmog‘iga ulangan bo‘lib, mahalliy hokimiyatlar bilan birgalikda belgilab olingan saylov okrugi va uchastkalarini telekommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » AKT vaziri: «Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqildi»