14:00 / 26.11.2019
8 082

IMEI-kod haqida nimalarni bilish kerak?

IMEI-kod haqida nimalarni bilish kerak?
Ayni kunlarda mobil qurilmalarining (planshet, smartfon va boshqalar) IMEI-kodini roʻyxatdan oʻtkazish masalasi dolzarb boʻlib turibdi. Bir qarashda oʻta texnologik, murakkab, ammo har bir fuqaro uchun muhim boʻlgan ushbu tizim haqida koʻplab savollar yuzaga kelmoqda.

“Huquqiy axborot” kanali shularni eʼtiborga olib IMEI-kod toʻgʻrisida eng koʻp berilayotgan dolzarb savollarga oydinlik kiritdi.
Diqqat! Bu hamma bilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar, chunki hademay IMEI-kodlarni bepul roʻyxatdan oʻtkazish uchun berilgan muddat tugaydi.

IMEI-kod nima?
Mobil qurilmaning 15 xonalik raqami IMEI-kod deyiladi. IMEI-kod barcha mobil qurilmalarda mavjud boʻlib, SIM-kartaning har bir slotiga alohida beriladi. Agar mobil qurilmada SIM-kartalarning ikki yoki undan koʻp slotlari mavjud boʻlsa, ushbu mobil qurilma ikki yoki undan ortiq IMEI-kodlarga ham ega boʻladi.

Demak, agar Sizda ikkita SIM-karta bilan ishlaydigan mobil qurilmangiz boʻlsa, ikkila IMEI-kodni ham roʻyxatdan oʻtkazishingiz lozim.

IMEI-kodni roʻyxatdan oʻtkazish nimaga kerak?
- mobil qurilmalarning IMEI-kodi/kodlarini tekshirish orqali sifatsiz, inson sogʻligʻiga zarar keltiradigan va respublika hududiga noqonuniy yoʻl bilan olib kirilgan qurilmalar savdosining oldini olish uchun;
- mobil qurilma yoʻqolib qolgan yoki oʻgʻirlangan holatda uning qidiruv ishlarini tezkor amalga oshirish uchun;
- mobil gadjetlarni qoʻllagan holda sodir etiladigan jinoyatlarni samarali va tezkor fosh etish uchun;
- Oʻzbekiston telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish uchun.

Qurilmaning IMEI-kodini qayerdan bilish mumkin?
IMEI-kodni qurilmaning klaviaturasida *#06# buyrugʻini terish orqali bilib olish mumkin. Bundan tashqari, ushbu kod qurilmaning qutisida, kafolat kartasida va ayrim qurilmalarning batareyasi ostida yozilgan boʻladi.

Qachon roʻyxatdan oʻtkazish kerak?
Qurilmaga birinchi marotaba SIM-karta qoʻyilganidan keyin 30 kun ichida uning IMEI-kodi roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.

Mobil qurilmalarining IMEI-kodlari tizim operatoriga murojaat qilish orqali:
- 1-noyabrdan 1-dekabrgacha – bepul;
- 1-dekabrdan soʻng – toʻlov asosida roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Qurilmaning IMEI-kodi roʻyxatdan oʻtkazilmasa, nima boʻladi?
Qurilma orqali birinchi tarmoq hodisasi sodir etilgandan boshlab 30 kun ichida IMEI-kodi roʻyxatdan oʻtkazilmasa, uning SIM-slotiga mahalliy aloqa operatori tamonidan xizmat koʻrsatish toʻxtatiladi. Yaʼni ushbu qurilma orqali uyali aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoni boʻlmaydi.

Qurilma IMEI-kodi roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyingina SIM-slotga mahalliy aloqa operatori tamonidan xizmat koʻrsatish tiklanadi.

IMEI-kod qancha toʻlov evaziga roʻyxatdan oʻtkaziladi?
Bitta IMEI-kodi uchun BHMdan foiz hisobida (2019-yil 1-sentyabrdan BHM 223 000 soʻmga teng):
- import qiluvchi uchun – 20% (44 600 soʻm)
- ishlab chiqaruvchi uchun – 10% (22 300 soʻm)

jismoniy shaxs (rezident) uchun birinchi tarmoq hodisasidan boshlab:
- 30 kun ichida – 20% (44 600 soʻm)
- 30 kun oʻtgandan keyin – 25% (55 750 soʻm)

jismoniy shaxs (norezident) uchun:
- chet el SIM-kartasidan (roumingdan) foydalanilganda – bepul;
- mahalliy SIM-kartadan 30 kun ichida foydalanilganda – bepul;
- mahalliy SIM-kartadan 30 oʻtgandan keyin foydalanilganda – 20% (44 600 soʻm).

Tizim operatoriga qanday murojaat qilinadi?
Buning 5 ta yoʻli bor:
1) uzimei.uz sayti orqali;
2) my.gov.uz sayti orqali;
3) 1170 raqamiga SMS yuborish orqali;
4) *1170# ga USSD soʻrov yuborish orqali;
5) Pochta aloqa boʻlimiga yoki Tizim operatoriga (Toshkent shaxri, Olmazor tumani, Sebzor dahasi, 18-A manziliga) shaxsan borish orqali.

SIM-kartani oʻzgartirganda, IMEI-kodni qayta roʻyxatdan oʻtkazish kerakmi?
Yoʻq. IMEI-kod 1 marotaba UZIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi. SIM-karta oʻzgartirilganda IMEI-kodni qayta roʻyxatdan oʻtkazish talab qilinmaydi.

IMEI-kodning holatini qanday tekshirsa boʻladi?
1) UZIMEI rasmiy veb-sayti orqali;
2) 1170 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish orqali;
3) 1170 SMS yuborib yoki *1170# USSD soʻrovlari yordamida.

Oʻylaymizki, yuqoridagi maʼlumotlar siz uchun foydali boʻldi. Asosiysi, IMEI-kodni roʻyxatdan oʻtkazib beraman deb katta miqdorda mablagʻ talab qilayotgan firibgarlarning qurboniga aylanmang. Hozircha (1-dekabrgacha), IMEI-kodlar bepul roʻyxatdan oʻtkazilmoqda. 1-dekabrdan soʻng esa qancha mablagʻ evaziga roʻyxatdan oʻtkazilishini bilib oldingiz.

Unutmang! Har bir mobil qurilmaning IMEI-kodi roʻyxatdan oʻtkazilishi shart!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » IMEI-kod haqida nimalarni bilish kerak?