“Rejalarimizdan biri - plastik kartalardan voz kechish” — Dekabr oxirida HUMOPay ishga tushirilishi kutilmoqda

  • 03 dekabr 2019, 19:20
  • 2 313
  • Texnologiya
  • “Rejalarimizdan biri - plastik kartalardan voz kechish” — Dekabr oxirida HUMOPay ishga tushirilishi kutilmoqda
    Bugun, 3 dekabr kuni, Ground Zero markazida HUMO va Mastercard toʻlov tizimlari hamkorligida amalga oshirilgan qulay toʻlov shakli haqida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Milliy banklararo protsessing markazi direktori Shuhratbek Qurbonov HUMO toʻlov tizimiga oid yangiliklar, qilingan ishlar yuzasidan maʼlumot taqdim etdi.

    «HUMO toʻlov tizimi joriy yilning may oyida ishga tushirildi. 7 oy ichida nimalarga erishdik?

    Banklar bilan hamkorlikda butun respublika boʻylab 170 mingdan ortiq terminallarni ishga tushirdik. 2,2 milliondan ortiq HUMO kontaktsiz kartalari orqali toʻlovlarni osongina amalga oshirish mumkin. Mingdan ortiq bankomatlar ishlayapti. Ularning soni yana oshiriladi. Yetti oy mobaynida tizimda 2,5 trln soʻm pul mablagʻi aylanmasi amalga oshirildi. HUMO bankomatlari orqali Visa, Mastercard xalqaro kartalaridan naqd pul olish imkoniyati yaratildi.

    Kelajakdagi rejalarimizdan biri - plastik kartalardan voz kechishdir. Dekabr oyi oxirida HUMOPay tizimini ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Qoʻlingizdagi telefon orqali toʻlovlarni onlayn amalga oshiringiz mumkin boʻladi. Keyingi rejalarimizdan biri plastik karta oʻrniga maxsus stikerlarni naqdsiz toʻlov vositasiga aylantirishdir. Siz bu stikerni doim yoningizda olib yuradigan buyumlarga, masalan, telefon, qoʻl soati, hamyonga yopishtirishingiz mumkin boʻladi. Plastik kartani yoʻqotib qoʻyish xavotiri boʻlmaydi».

    Qurbonovning qoʻshimcha qilishicha, bolalar uchun plastik karta orqali toʻlov amalga oshirish bir qancha noqulaylik olib keladi: yoʻqotib qoʻyish, bexosdan sinib qolish holatlari boʻlishi mumkin. Shuni hisobga olib, plastik karta oʻrniga maxsus aqlli soat, bilaguzuklardan toʻlov vositasi sifatida foydalanishni yaqin orada ishga tushirish koʻzda tutilgan.

    » » “Rejalarimizdan biri - plastik kartalardan voz kechish” — Dekabr oxirida HUMOPay ishga tushirilishi kutilmoqda