Oʻzbekistonliklar ham foydalanib koʻrgan Rossiyaning FaceApp dasturi AQSH xavfsizligiga tahdid soladi

  • 03 dekabr 2019, 23:00
  • 1 704
  • Texnologiya
  • Oʻzbekistonliklar ham foydalanib koʻrgan Rossiyaning FaceApp dasturi AQSH xavfsizligiga tahdid soladi
    FaceApp “keksaytirgan” AQSH va Rossiya prezidentlari / MT
    Federal Qidiruv Byurosiga (FQB) koʻra, Rossiyada ishlab chiqarilgan har qanday ilova dastur, shu jumladan rasmlarni qayta ishlashga moʻljallangan FaceApp ham AQSH uchun “ehtimoliy xavf” hisoblanadi.

    FQB Nyu-York shtatidan saylangan senator Chak Shumerning FaceApp ilova dasturini tekshirish koʻrish haqidagi soʻroviga aynan shunday javob bergan. Senator esa bu javobni oʻzining Tvitterdagi sahifasida nashr qildi.

    “Bu ogohlantirishni oila va doʻstlarga ulashishga arziydi. Bu yil FaceApp dasturini millionlab odamlar koʻchirib olgani uchun men FQBdan uning xavfsiz yoki yoʻqligi haqida soʻradim. Mana, yaqindagina FQBdan javob keldi”, deb yozgan Shumer.

    Senator nashr qilgan jamvobda FQB Rossiyada ishlab chiqarilgan har qanday shu kabi mahsulotni “ehtimoliy aksilrazvedka tahdidi” deb baholashi aytilgan.
    FaceApp dasturini Sankt-Peterburgdagi Wireless Lab kompaniyasi ishlab chiqqan boʻlib, unga “Yandeks”ning sobiq xodimi Yaroslav Goncharov boshchilik qiladi.

    Ushbu ilova dastur neyron tarmoqlar asosida ishlayb, kiritilgan fotosuratdagi yuzni “keksaytiradi” yoki “yoshartiradi”, turli xil soch turmaklarini “taqqoslaydi”; shuningdek, foydalanuvchi boshqa jinsga mansub boʻlganida uning ehtimoliy koʻrinishi “qanday boʻlishi mumkinligini” taxmin qiladi.

    Kompaniyaning bayonotiga koʻra, garchi asosiy tadqiqot va ishlab chiqarish guruhi Rossiyada boʻlsa ham foydalanuvchilar kiritgan maʼlumotlar (yaʼni, rasmlar) Rossiyaga berilmaydi, rasmlarning katta qismi bulutli xizmatlarda qayta ishlanadi, keyin esa butunlay oʻchirib tashlanadi. Wireless Labʻning qoʻshimcha qilishicha, foydalanuvchilar haqidagi maʼlumotlar uchinchi shaxslarga ham berilmaydi.

    Bir necha oy avval, yozning boshlarida FaceApp ilova dasturi oʻzbekistonliklar ichida ham keng ommalashgan, koʻpchilik ijtimoiy tarmoq foydlanuvchilari “keksaygan”, “yoshargan” suratlarini oʻz sahifalariga joylashtirgan edi.

    » » Oʻzbekistonliklar ham foydalanib koʻrgan Rossiyaning FaceApp dasturi AQSH xavfsizligiga tahdid soladi