13:01 / 08.05.2017
34 860

O‘qing judayam qiziq: ko‘krak saratonini qurbaqa yordamida davolagan tabib (Eksklyuziv)

O‘qing judayam qiziq: ko‘krak saratonini qurbaqa yordamida davolagan tabib (Eksklyuziv)
Namanganga ketayotganimda taksida yoshi o‘tganroq bir yo‘lovchiga hamroh bo‘ldim. Uning aytishicha, o‘g‘li Toshkentda qandaydir oliy o‘quv dargohida o‘qir ekan. «Ham tomosha, ham ziyorat deganlariday, bir qon tomirlarini yozib ketyapman-da», dedi tabib. Men hatto u kishining ismini ham so‘ramabman. O‘zi haqida gapirib bergach, tabobat bo‘yicha suhbatlashdik. Ushbu suhbatni siz bilan baham ko‘rgim keldi.

Har bir tabibning o‘z davolash usullari bor. Suhbatdoshim shifobaxsh asalga tabiiy giyohlardan qo‘shib tayyorlangan malham yordamida kasallarni davolarkan. Uning davolash usullaridan ko‘pchilik bemorlar xabardor emish. Jumladan, u kishi me’da qurtini tushirish, bo‘g‘im, bosh, buqoq, qandli diabet, o‘pka, yurak, buyrak, jigar, o‘t, oshqozon-ichak, o‘sma, yuz teri, teri-tanosil kasalligi, organizmda tuz yig‘ilishi, erkak va ayollarning jinsiy zaifligi, bepushtlik, asab hamda bolalarning barcha kasalliklarini davolarkan. Shular to‘g‘risida uning o‘zidan so‘rab ko‘rdim.

— Tabib ota, o‘t pufagi, o‘n ikki barmoqli ichak, buyrak, jigar xastaliklarini qanday davolaysiz?
— Asalga giyohlardan qo‘shib tayyorlangan malham yordamida bemorni massaj qilamiz. Undan ham avval bemor organizmini ortiqcha xilt, ya’ni shlaklardan tozalash amaliyotini o‘tkazamiz.

— Siz zuluksiz qon ham olaman, harom qonni chiqarib tashlayman, dedingiz. Shu haqda ham gapirib bersangiz.
— Zuluksiz qon olish azaldan mavjud. Bunda bankadan foydalaniladi. Banka tanaga qo‘yilsa, harom qon bor joy ko‘karib qoladi. Qon olish hech qachon jazirama kunda amalga oshirilmaydi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham sahobalarga buni qattiq ta’kidlaganlar. Shuningdek, u zot haftaning qaysi kuni qon oldirish lozimligi to‘g‘risida ham hadis aytganlar. Ana shularga qat’iy amal qilinadi.

— Hali suhbatingiz boshida Afg‘onda bir o‘limdan qolganman, dedingiz. O‘shanda asir tushganmidingiz? Keyin qanday qutulib ketgansiz?
— Ha, afg‘onlar qo‘liga asir tushib qolgandim. Qo‘limni qayirib, boshliqlari yoniga olib borishdi. U bo‘lsa «O‘ldirib yuboringlar!» dedi. Meni olib ketishayotganida o‘sha jangarilar rahbariga qarab, sening falon-falon xastaliklaring bor, dedim. U esa hayron bo‘lib, yigitlarini to‘xtatib, meni qo‘yib yuborishlarini buyurdi. Keyin bularni qayerdan bilishimni so‘radi. Men tabib ekanligimni, xastalikni yuzidan aniqlaganimni aytdim. Keyin u menga shart qo‘ydi. O‘zi ancha yildan beri befarzandligini, uyida ham xasta onasi borligini, ularni davolashim kerakligini aytdi. Agar davolasam, qo‘yib yuborar ekan. Men rozi bo‘ldim. Uyidagi xasta onasini ham davoladim. Uning yigitlari qochib ketmasligim uchun kecha-kunduz miltiq bilan qo‘riqladi. Onasi tuzalib, oyoqqa turgach, meni qo‘yib yuborishdi.

— Siz haqingizda «Saroy javohiri»dagi Tan Gem obrazining talqiniga o‘xshash asar yozilsa, foydali adabiyot namunasi yuzaga kelardi. Aytganday, boyagi afg‘onning bepushtligini, umuman bepushtlikni qanday davolaysiz?
— Avvalo, bepushtlik erkakdami yo ayoldami, shuni aniqlayman. Bunda erkak urg‘ochi otga egarsiz yaydoq mindiriladi, uning ayoli esa erkak otga yaydoq mindiriladi hamda otlar bir qancha vaqt choptiriladi. Chunki insondagi issiqlik 36 daraja bo‘lsa, otdagi issiqlik 40 darajadan yuqori. Ot minilganda otdagi taft — issiqlik insonga ta’sir qilib, undagi ko‘p xastaliklar, shamollash, jumladan, prostata bezi ham davolanadi.

— Bepushtlik erkakdami, ayoldami, bu qanday bilinadi?
— Ikkovi ham toqqa olib chiqib ketiladi. Ikkoviga ikkita yantoq o‘simligi ko‘rsatilib, har biri alohida yantoq tagiga peshob qilishi kerakligi aytiladi. Kimning yantog‘i qurib qolsa, demak, o‘sha xastadir. Buni davolash uchun esa qurimagan yantoq choy va boshqa damlamaga aralashtirilib, o‘sha er-xotinga ichiriladi.

— Ko‘krak saratoni qanday davolanadi?
— Juda oddiy. Bir kuni bir ayol oldimga keldi. Aytishicha, ko‘kragi shishib, qorayib ketgan ekan. Men uning turmush o‘rtog‘ini chaqirib, bir qancha qurbaqa tutib kelishini aytdim. Erkak aytganimni qildi. Men unga ayolining ko‘kragi uchiga qurbaqalarning og‘zini qaratib, 5-6 daqiqa ushlab turishini tayinladim. U shunday qildi. So‘ng qurbaqa o‘lib qolayotganini aytdi. “O‘layotgan bo‘lsa yaxshi, boshqasini ham shu tariqa tutib tur”, dedim. Ko‘krakka qarab nafas olayotgan qurbaqalar xastalikni o‘ziga olib, o‘la boshladi. 7-8 ta qurbaqa o‘lgach, o‘sha ayol tuzalib ketdi. Vaholanki, u ayol medikamet va do‘xtirlarga ikki yarim million pul sarflab, o‘limini bo‘yniga olgan ekan. Bu ham xudodan. Qurbaqalarni tutib kelish mashaqqatini aytmaganda, tekinga davolandi. Anginada ham shunday qilinadi. Og‘zingizga qurbaqaning og‘zi tutib turiladi, qurbaqa o‘lsa, demak, tuzalayotgan bo‘lasiz.
Shu payt tabibning telefoni jiringlab qoldi. Tabib manziliga etib kelgan edi. Men esa uning na telefoni va na uy manzilini olishga ulgurdim. Shunday bo‘lsa-da, undan qimmatli ma’lumotlar olganimdan mamnun edim.

Shukur Jabbor

Manba: hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » O‘qing judayam qiziq: ko‘krak saratonini qurbaqa yordamida davolagan tabib (Eksklyuziv)