13:08 / 08.12.2017
28 960

Energetik ichimliklar sog‘lik uchun qanchalik zararli?

Energetik ichimliklar sog‘lik uchun qanchalik zararli?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti quvvatni oshiruvchi ichimliklarning salbiy ta’sirlari haqidagi ogohlantirishni e’lon qilib, hukumatlarni uning salbiy ta’sirini olish yuzasidan choralar ko‘rishga chaqirdi. Unda aytilishicha, tobora ommalashayotgan bu ichimlik odamlarda bir qator kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Quyida quvvat ichimliklarining ilmiy isbotini topgan ta’sirlari to‘g‘risida ma’lumot beramiz.

Yurak xuruji: Quvvat ichimligi tarkibida kofeinning yuqori miqdorda bo‘lishi bora-bora yurak salomatligiga ta’sir qiladi. U, ayniqsa, yurakning qisqarishiga olib kelar ekan. Jahon miqyosida bu ichimlikdan bolalar zarar ko‘rishmoqda. Sport bilan shug‘ullanmay, jismoniy faol bo‘lmay turib bu ichimlikdan kuniga 250 ml.dan ortiq ichish yurak faoliyatining ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi.

Bosh og‘rig‘i va migren: Tana quvvat ichimligi orqali oziqlanadigan yuqori miqdordagi kofeinga o‘rganib qolgach, unga ehtiyoj sezilishi bilan bosh og‘riy boshlaydi va tobora kuchayadi. Bu go‘yo giyohvand moddaga o‘rganib qolishga o‘xshaydi. Agar kecha ichilganidan 50 ml kam ichimlik ichilsa ham, bosh og‘rig‘i orqali tana bundan norozi bo‘ladi.

Betoqatlanish va asabiylashish: Ortiqcha kofein inson miyasida bezovtalikni keltirib chiqaradi. Hatto energetik ichimlikka mukkasidan ketish yuqori darajadagi sarosimaga sabab bo‘ladi.

Uyqusizlik: Tanaga yuqori miqdorda quvvat kirgach, odam qanday qilib uxlashi mumkin? Uyqusizlik esa asab tizimiga salbiy ta’sir qiladi, modda almashinuvini izdan chiqaradi, tushkunlikka sabab bo‘ladi.

Insulinga bog‘liq bo‘lmagan (2-tur) qandli diabet: Quvvat ichimligi tarkibi shakarga ham boy bo‘ladi. Ichimlik oshqozonosti bezining insulin ishlab chiqaruvchi to‘qimalarini zararlaydi va o‘ldiradi.

Tobelik:
Ayniqsa, cho‘ntak qurib qolganida bu ichimlikka qaram bo‘lib qolganlarning holi og‘irlashadi. Ular bangi kabi o‘zlarini bilmay qoladilar.

Yuqori qon bosimi: Kofeinga boy mahsulotlar qon bosimini oshiradi. Shundoq ham, qon bosimi ko‘tarilib turuvchi odamlar bu ichimlikka bog‘lanib qolishsa, hayotlarini xavfga qo‘ygan bo‘ladilar.

Ko‘ngil aynishi va boshqalar: Me’yoridan ortiq energetik ichimlik ovqat hazm qilishni qiyinlashtirib, ko‘ngilni aynitadi. Ichimlik tananing suvsizlanishiga, tishlarning yemirilishiga ham sabab bo‘ladi. Shuningdek, quvvat ichimligidan ko‘p iste’mol qilish teri kasalliklarini ham keltirib chiqaradi.

Manba: erkak.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Energetik ichimliklar sog‘lik uchun qanchalik zararli?