11:04 / 21.01.2018
9 190

Limon – qishning eng yaxshi tabibi

Limon – qishning eng yaxshi tabibi
Limon qish faslidagi shamollash, darmon qurishi, yuqumli kasalliklarga malham bo‘luvchi ajoyib meva. Tarkibida 7 foizgacha limon kislota, 2-3 foizgacha qand, A, B, C, D, darmondorilari, natriy, kaliy, kalsiy, fosfor, temir, magniy kabi moddalar mavjud. Qon bosimini pasaytirish xususiyatiga ega, qand xastaligida dori sifatida ham ishlatiladi. Quyida uning shifobaxsh xususiyatlarini sanab o‘tamiz.

Laringitni davolashda kichikroq limonning suvini siqib, 3 osh qoshiq asalga aralashtirasiz va ustidan yarim litr qaynagan suv solasiz. Bu aralashmani kun bo‘yi ichishingiz yoki tomoqni g‘arg‘ara qilishingiz mumkin.

Angina boshlanayotganda bir kunda ikki marta yarimtadan limonni yaxshilab chaynab yeyish kifoya.

Faringitdan azob chekayotganda bitta limon suvini siqib, 5 osh qoshiq asal bilan aralashtirasiz, keyin unga 3 stakan tirnoqgul tindirmasi (nastoyka) qo‘shiladi. Bu tindirma bilan tomoqni artib turish eng yaxshi davodir.

Grippning oldini olish uchun ovqatlarga limon sharbatini qo‘shib iste’mol qilish kerak.

Zotiljam, ya’ni pnevmoniyada 4 bosh sarimsoq qirg‘ichdan o‘tkaziladi, bitta limon go‘sht qiymalagichdan chiqariladi va 8 osh qoshiq asal bilan aralashtiriladi. Aralashma 7-10 kun davomida ertalablari 1 choy qoshiqdan iste’mol qilinadi.

Bronxitni davolashda 5 dona piyoz, 7 osh qoshiq asal, bitta limon kerak bo‘ladi. Piyoz va limonni qirg‘ichdan o‘tkazib asal bilan aralashtiring va kuniga 3-4 mahal 2-3 osh qoshiqdan iste’mol qiling. Muolaja muddati ikki hafta.

Shifokorlar oshqozon kislotaliligi yuqori, qon bosimi esa past bo‘lgan, me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasiga chalingan bemorlarga limonni kamroq iste’mol qilishni tavsiya qiladi.

Limon xarid qilishda e’tibor beradigan jihatlar bor. Agar limon yetarlicha qattiq bo‘lmasa, bilingki, u pishib o‘tgan. Pishib o‘tgan limon mazasi buzilgan, shifobaxshligi yo‘qolgan bo‘ladi. Sap-sariq, qattiq limon sotib olishga harakat qiling. Uni qorong‘i joyda saqlasangiz uzoq vaqt turadi va shifobaxshligini yo‘qotmaydi.
Sojida ALLAYoROVA tayyorladi

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Limon – qishning eng yaxshi tabibi