23:49 / 24.02.2018
4 729

Siz tuzning bir yillik me’yoriga amal qilyapsizmi?

Siz tuzning bir yillik me’yoriga amal qilyapsizmi?
Tuz miqdorining oshib ketishi, ayniqsa, qon bosimi yuqori yuradiganlar uchun xavfli.
Foto: “Medicine”

Biz kun bo‘yi o‘zimiz o‘ylaganimizdan ham ko‘p tuz iste’mol qilamiz. Chunki u juda yaxshi niqoblangan. Xo‘sh, ortiqcha tuzni qanday fosh qilish mumkin?

Dadillik uchun 120 gramm...
Vazni 60 kilogrammlik kishining tanasida kamida 120 gramm osh tuzi bo‘ladi. Bu — organizm uchun “kerakli zaxira”. Bundan ortig‘i zarar... Tuz tarkibidagi natriy va xlor organizmdagi suyuqlik muvozanatini ushlab turadi: xlor ionlari oshqozon shirasida xlorid kislota hosil bo‘lishida qatnashsa, natriy ionlari kislota-ishqor balansini ta’minlaydi. Har ikkalasi nerv impulslari uzatilishida ishtirok etadi, ularning yordamida qon va to‘qimalar glyukoza va aminokislotalar bilan ta’minlanadi, ular sabab hujayraichi fermentlari ishlaydi.

Aslida biz juda ko‘p tuz yeymiz: sho‘r bodring, tuzlangan karam, fast-fudga o‘ch insonlar kuniga qoshiqlab tuz iste’mol qilishadi!


Chuchuk hayot
Tuz miqdorining oshib ketishi, ayniqsa, qon bosimi yuqori yuradiganlar uchun xavfli. Bundan tashqari, olimlarning aytishicha, “tuzga sezuvchanligi yuqori” odamlar toifasi ham bor ekan. Ularning ovqati sal sho‘r bo‘ldimi, bir pasda qon bosimi ko‘tarilib bildirib qo‘yadi.

Yurak yetishmovchiligida ham organizmda tuz miqdorining ko‘p bo‘lishi yaramaydi. Ortiqcha tuzni chiqarib tashlashdan buyraklar ham qiynaladi. Shu sababli ham istalgan bemorning parheziga qarasangiz albatta tuzni kamaytirish yoki vaqtincha iste’mol qilmay turish tavsiya etilgan bo‘ladi.

Kuniga 2500 milligramm (2,5 gramm), ya’ni uchdan birga to‘ldirilgan choy qoshiq miqdoridagi osh tuzi organizm uchun yetarli.


Sir ochilmoqda
Ayrim kishilar taomga tuzni uning tayyorlanish jarayonida emas, balki keyin qo‘shib yeyishni yoqtirishadi. Qizig‘i, shifokorlar ham bu usulni ma’qullashyapti: ta’m retseptorlari tuz kristallarini tez ilg‘agani bois uning sarfi oz bo‘ladi.

Infografika: “Xabar.uz”


Ammo, baribir, tuzdonni dasturxoningizdan “badarg‘a” qilganingiz bilan ham tuzdan butkul qutuldim desangiz — adashasiz. Dasturxon ustida turgan tuzdondan ovqatingizga tushadigan tuz siz jami iste’mol qiladigan tuzning atigi 15 foizi, xolos. Ma’lumotlarga qaraganda, bizning kunlik me’yorimiz uchun yetarli tuz miqdorining 75 foizi tayyor mahsulotlarda, 10 foizi xom oziq-ovqatlar tarkibida mavjud.

Xo‘sh, siz bugun nimalar, to‘g‘rirog‘i, qancha tuz iste’mol qildingiz? Hisoblab ko‘ring-chi! Qalay, tuzini sal oshirib yubormadingizmi?

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Siz tuzning bir yillik me’yoriga amal qilyapsizmi?