21:00 / 25.03.2018
8 556

Asabni asrashda foydali bo‘lgan 14 ta muhim tavsiya

Asabni asrashda foydali bo‘lgan 14 ta muhim tavsiya
Odam hadeb asabiylashaversa, kayfiyati tez-tez buziladigan, shovqin-suronni, shodlikni, o‘yin-kulgini yoqtirmaydigan, loqayd bo‘lib qoladi, uyda va ishda tinchlik-osoyish­talik bo‘lishini istaydi.

Agar bunday salbiy o‘zgarishlar tez-tez takrorlanaversa, ichki a’zolar faoliyati buziladi, natijada kishining boshi yostiqqa tegadi. Shuni unutmaslik kerakki, kishi tash­qi muhitdagi yomon ta’sirga qanchalik ta’sirchan bo‘lsa, organizmning infeksiyalarga va yuqumli kaslliklarga nisbatan chidamliligi shunchalik pasayib ketadi. Natijada kishi har xil kasalliklarga tez chalinadigan bo‘lib qoladi, ya’ni uning immun tizimi shikastlanadi.

Quyida hadeb asabiylashmaslik, asabni asrashning yo‘l-yo‘riqlarini bayon qilamiz.

1) Sabr-toqatli, mehnatsevar, odob-axloqli, irodali bo‘lish kabi xususiyatlar qanchalik yaxshi rivojlangan bo‘lsa, u o‘z ruhiy muvozanatini shunchalik saqlay oladi. Bu xususiyatlar esa kasalliklarni oldini olishda muhimdir.

2) Uyda, ishda, jamoada sog‘lom ruhiy muhitni yaratish, bir-biriga yaxshilik istagi va o‘zgalarga quvonch baxsh etish inson umrini uzaytiradi. O‘ksinish, xafagarchilikni tez yoddan chiqarish, kek saqlamaslik va ehtiroslarni tiya bilish asab tizimini mustahkamlaydi. Bir vaqtning o‘zida ham kulish ham yig‘lashni bolalardan o‘rganish zarur. Hissiyotlarni chiniqtirish va tarbiyalash kerak.

3) Yoqimli musiqa salbiy hissiyotlarni bosishda va charchoqni yo‘qotishda katta ahamiyatga ega. Musiqa va she’riyat insonning so‘z orqali ifodalay olmagan nozik tuyg‘ularini o‘zida aks etadi va tanga orom bag‘ishlaydi. Yoqimli musiqa eshitib dam oling. Bu albatta sizdagi charchoq va ruhiy zo‘riqish (stress)ni yengishda yordam beradi.

4) Ijobiy hissiyotlar, ya’ni haqiqiy kulgu va jilmayish bosh miya qon tomirlari orqali o‘tadigan qon miqdorini oshirib, miya to‘qimasining kislorod bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.

5) Samimiy kulgu miyani chiqindilardan tozalab, ruhiyatni tetik qiladi va yengillashtiradi, kayfiyatni ko‘taradi.

6) Ertalab odatdagidan o‘n daqiqa oldin turing. Ertaga kiyiladigan kiyimlar, zaruriy ish qog‘ozlari, hujjatlarni yotishdan oldin tayyorlab qo‘ying va hokazo.

7) Bugungi ishni ertaga qo‘ymang, bu stressni, keltirib chiqaradi. Uyda hamma birday ishlashi va foydali mashg‘ulot bilan band bo‘lishi kerak, aksincha bo‘lsa bu sizni asabiylashtiradi.

8) Muvaffaqiyatlaringizni doimo eslab, bundan huzurlanib, bitta omadsizlikka 10 ta omadingizni naqd ekanini yodda tuting.

9) Suhbati zerikarli va doimo hayotdan noliydigan insonlardan yiroq bo‘ling.

10) Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullaning.

11) Uyqu asabga orom beruvchi eng yaxshi vosita ekanligini doimo esda tuting. Har kuni 7-8 soat to‘yib uxlang.

12) To‘g‘ri va sifatli ovqatlanish talablariga rioya qiling.

13) O‘zgalarga doimo yaxshilik qilib yuring. Atrofingizdagilarga ham tez-tez yaxshi tilak bildirib turing. Bundan avvvalo o‘zingizning kayfiyatingiz ko‘tariladi va ezgulik qalbingizni nurga to‘ldiradi.

14) Har bir inson hayotda qiyin vaziyatga tushib qolgan paytda, bunday vaziyatning ahamiyatini hayotining asosiy mazmuni bilan xayolan taqqoslab ko‘rishi lozim. Bu taqqoslash vaziyatni yumshatadi, o‘tkinchi bu holat keltiradigan zarar oldida hayotining asosiy mazmuni naqadar ulug‘ ekaniga ishonch hosil qiladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Asabni asrashda foydali bo‘lgan 14 ta muhim tavsiya