08:04 / 27.03.2018
19 121

Asalari zahri kimlarga va qachon foyda beradi?!

Asalari zahri kimlarga va qachon foyda beradi?!
Azal-azaldan asalari zahri tabobatda eng kerakli davo choralaridan biri hisoblangan. Qadimgi Yunoniston, Arabiston va Misr hamda Osiyo halqlarida asalarini chaqtirish paytida odam noxushlik, og‘riq sezsa ham, a’zolardagi qon aylanish tezlashishi sezilgan. Shu-shu tabiblar bu usuldan yuzab kasalliklarni davolashda foydalana boshlashgan. Asalari zahri qaysi xastaliklarda asqotishi, kimlarga esa umuman tavsiya etilmasligi haqida Namangan viloyati Xalq tabobati markazi tabibi, shifokor-terapevt Abduhalil BANNAYeV ma’lumot beradi.

Qaysi kasalliklarda qo‘llaniladi?
Davolash malakali shifokor-fizioterapevt yoki ushbu amaliyot uchun ruxsatnomasi bo‘lgan tabib nazoratida amalga oshiriladi. Aynan u kasallikning turi, bemorning holati, yoshiga qarab, davolash usuli, miqdorini belgilaydi. Masalan, qon tomir xastaliklari, ayniqsa, xafaqon (qon bosimining oshishi)da asalari qo‘l-oyoq terisiga qo‘yiladi. Ushbu usul yordamida belangi, osteoxondrozni ham davolash mumkin. Chunki asalari zahri ichida suyak tizimini mustahkamlovchi moddalar juda ko‘p. Nevroz, depressiya, yurak-qon tomir buzilishlarida ham ari chaqtirishga murojaat etish mumkin. Immuniyet tushganda, ortiqcha vaznda, podagra kasalligida, keksalardagi tarqoq skleroz, xotira pasayishida ham qo‘l keladi.

Tana moslashishi uchun
Birinchi chaqtirish bel sohasiga amalga oshirilib, atigi 5 soniya asalari tanaga qo‘yiladi. Har kuni chaqtirish muddati 5 soniyadan uzaytirilib boriladi.

Bunda birinchi kuni bitta asalarini qo‘yib, har kuni ularning sonini bittaga ko‘paytiriladi. Hammasi bo‘lib tanaga 10-15 tagacha asalari qo‘yib chaqtirish mumkin. Agar bemor chaqtirishni ko‘tarolmasa, muolaja kunora amalga oshiriladi.

Tanaffus qilinadimi?
Asalari zahri bilan davolashda bir kunda 4-6 tagacha asalarini chaqtirish mumkin. Bunda davolash muddati o‘nta muolajani o‘z ichiga oladi. Ilk oltita muolajadan keyin, chaqtirish uchtagacha kamaytiriladi.

Agar bemorda surunkali kasalliklar kuzatilayotgan bo‘lsa, chaqtirish usuli 45 kun davomida uzluksiz davom ettirilib, orada 2 oy tanaffus qilinadi.

Erkaklardagi jinsiy zaiflikni davolashda asalari chaqtirish chov orasi va tizza ostiga bajariladi.

Zarari ham bor!
Odamni ari chaqqanida teri ostiga zahri bilan birga nishi ham tushadi. Aynan shu zahar tufayli qizish, achishish va boshqa noxush belgilarni sezamiz. Asalari zahri tarkibida gistamin moddasi bor. Uni esa allergiyaga moyil odamlar ko‘tarolmaydi. Chunki allergiklarning qonida ushbu moddaning miqdori tabiatan yuqori bo‘ladi. Natijada, odamning yuzi shishib ketadi, vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, anafilaktik shok holati yuz berishi mumkin. Ayniqsa, qandli diabet bilan og‘rigan, homilador ayollar, isitma, o‘sma kasalligi bor bemorlar, oshqozon osti bezi, yurak kasalliklari qo‘zg‘agan paytda, buyrakdagi toshda davolashning bu turi tavsiya qilinmaydi.

Gormonal dori qabul qiladigan, klimaks yoshidagi ayollar ushbu muolajani ko‘p qo‘llamasliklari shart. Asalari chaqtirish usuli ayollarda osteoporoz kasalligini kuchaytirishi mumkin.

Bilib qo‘ygan yaxshi
Bemor jismonan harakatchan bo‘lishi, ya’ni har kuni badantarbiya bilan shug‘ullanishi, ochiq havoda sayr qilishi, asosan sutli-sabzavotli ovqatlar iste’mol qilishi va kamroq go‘sht yeyishi tavsiya etiladi.

Davolanish paytida spirtli ichimliklar ichish, tamaki chekish mumkin emas.

Ayniqsa, davolanish paytida gimnastika, uqalash muolajalari bilan shug‘ullangan odamlar tez tuzaladi. Umurtqa kasalliklari, osteoxondroz, belangi va nevralgiyalarni davolashda asalari suti, mumini qabul qilish ham yaxshi natija beradi.
Barno HOJIMIRZAYeVA tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Tohir Malik
Tohir Malik 8 мая 2021 10:33
Zoʻr va ijobi
Yangiliklar » Salomatlik » Asalari zahri kimlarga va qachon foyda beradi?!