21:24 / 06.07.2018
30 079

Ko‘zingiz xiralashishining 5 ta asosiy sababi

Ko‘zingiz xiralashishining 5 ta asosiy sababi
Ko‘z insonning eng ko‘p ishlaydigan a’zolaridan biridir. Hozir ofisu idoralarda o‘tirib ishlaydiganlarning ko‘pchiligida ko‘rish qobiliyati pasaymoqda. Sababi oddiy: qog‘ozdagi turli kattalikdagi harfli matnlar, kompyuter oldida uzoq o‘tirib ishlash, telefonga uzoq tikilish… Boz ustiga, uyga borgach, «zangori ekran»dan ko‘z uzmaymiz. Bunday zo‘riqishdan har qanday o‘tkir ko‘z ham charchaydi. Bu jarayonni to‘xtatish mumkinmi?

Mutaxassislarning aytishicha, bu ko‘p jihatdan o‘zimizga bog‘liq. Xo‘sh, ko‘rish qobiliyati nega pasayib ketadi? Buning beshta sababi bor.

Birinchisi
Ko‘z mushaklarining ishlamasligi. Atrofdagi buyumlarni ko‘rishimiz ko‘z pardasiga bog‘liq. Agar muntazam ravishda ko‘zni matnlar va kompyuter ekranidan uzmasak, ko‘z gavhari mushaklari kuchsizlanib, bo‘shashib qoladi. Ishlamay qo‘ygan har qanday mushak esa bora-bora kuchsizlanib, shaklini yo‘qotadi.

Nima qilish kerak? Uzoq va yaqinni doim yaxshi ko‘rish uchun ko‘z mushaklarini mashq qildirish talab etiladi. Mashq juda oddiy: diqqatni jamlab, oldin uzoqdagi buyumlarga, so‘ng yaqindagilariga galma-galdan qaraladi.

Ikkinchisi

To‘rpardaning qarishi. Ko‘z to‘rpardasi hujayralari ko‘rishga yordam beradigan yorug‘likka ta’sirchan pigmentlardan tashkil topgan. Yosh ulg‘aygan sari ular yo‘qola boradi va ko‘rish qobiliyati pasayib ketadi.

Nima qilish kerak? Imkon qadar tarkibida A vitamini ko‘p bo‘lgan mahsulotlar (sabzi, sut, go‘sht, baliq go‘shti)dan iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ko‘rish pigmentlarini tiklashga chernika ham yaxshi foyda beradi.

Uchinchisi
Qon aylanishining yomonlashuvi. Inson organizmidagi barcha hujayralar qon tomirlari orqali oziqlanadi va nafas oladi. Ko‘z to‘rpardasi arzimas qon aylanishi buzilishidan ham aziyat ko‘radi. Oftalmologlar ko‘z tubini tekshirayotganda ham, aynan, shunga jiddiy e’tibor qaratadi. To‘rpardalarda qon aylanishining buzilishi og‘ir xastaliklarga olib kelishi mumkin.

Nima qilish kerak? Tez-tez ko‘z shifokori ko‘rigidan o‘tib turing. U qon aylanishini yaxshilaydigan dori va preparatlarni tayinlaydi.

To‘rtinchisi
Ko‘zning haddan tashqari zo‘riqishi. Ko‘z keragidan ortiqcha yorug‘likdan ham, me’yoridan past yorug‘likdan ham birday kuchli zo‘riqadi.

Nima qilish kerak? Avvalo, o‘ta yorug‘lik yoki xira yorug‘likda ishlashdan tiyilish lozim. Ko‘chada quyoshga qarshi ko‘zoynak taqib yurish tavsiya etiladi. Mayda harfli matnlarni o‘qimaslik va xira joyda ishlamaslik kerak. Transportda o‘qish ham juda zararli. Notekis yorug‘lik va chayqalish ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi.

Beshinchisi

Ko‘z shilimshig‘ining quruqshab qolishi. Tasvirlarni aniq-tiniq ko‘rishda ko‘z shilimshig‘ining tozaligi juda muhim. Negaki, undan buyumlardan qaytgan, singan yorug‘lik o‘tadi. U esa yosh suyuqligi bilan yuvib turiladi. Shu bois ko‘zlar quruqshab qolganda ko‘rish yomonlashadi.

Nima qilish kerak? Ko‘zlardan bir-bir yosh kelib turishi foydali va tabiiy. Ayrimlar piyoz to‘g‘rab, ko‘zlarni yoshlantiradi, ba’zilar tomizg‘i dorilardan foydalanadi. Har ikkala holat ham yaxshi naf beradi.

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ko‘zingiz xiralashishining 5 ta asosiy sababi