07:30 / 01.08.2018
7 887

Jaziramada darddan forig‘ bo‘lish sirlari (foto, video)

Jaziramada darddan forig‘ bo‘lish sirlari (foto, video)
Buxoroning Olot tumanida joylashgan, shifobaxsh tuz ko‘li haqida eshitganmisiz? U Turkmaniston chegarasining yaqinida joylashgan. Yana 2 km yo‘l bossangiz Lebap viloyati chegarasiga yetib borasiz. (Elektron xaritadan foydalanadiganlar 39°14’40.84’’ — shimoliy kenglik, 69°42’16.00’’ — sharqiy uzunlik koordinatalarini kiritishlari mumkin).

Bu yerda qadimiy ko‘lning tuzga aylangan qoldiqlari bor. Faqatgina yoz faslida — saraton oyining chillasida 40 kuncha bu yer shifotalablar bilan gavjum bo‘ladi. Biz iyul oyining 20-sanasida bu yerga bordik va avtomobilimiz termometri havo harorati 57 daraja ekanligini ko‘rsatib turardi. Quyosh nurlari qumga urilib, atrofni tandirdek qizitgan, garmsel esib turardi.

Alohida qayd etib joiz, yilning qolgan oylarida qum soviydi va kerakli samarani bermaydi. Shu sababli bu maskan faqat mavsumiy faoliyat ko‘rsatadi — 20 iyundan 1 avgustgacha gavjum bo‘ladi, xolos.

Bemorlar shu yerdagi ko‘plab o‘tovlardan birida yotib qolib davolanishlari ham mumkin. Ayrimlar Olot shahridagi mehmonxonalarda tunashadi yoki Buxorodan qatnab davolanishadi.

Bu yerga respublikamizning deyarli barcha viloyatlaridan shifotalab insonlar kelgan. Buni to‘xtab turgan mashinalarning avtoraqamlaridan ham osongina bilib olish mumkin.

Shifo istagida kelgan bemorlar, avvalo, 10-15 daqiqa 60-65 darajagacha qizigan cho‘l qumiga ko‘milishar ekan. Qayd etish joizki, bunga dosh berish juda qiyin, qizib turgan qumga yalang‘och ko‘milishni u yoqqa qo‘yavering, uning ustida poyafzalda turish ham ulkan matonat talab qiladi. Ana shundan so‘ng 20-30 daqiqagacha tuz ustida yotishadi, unga ko‘milishadi.

Qizigan qum tanangizni yumshatadi, ter sel bo‘lib quyila boshlaydi. Suv ichish mumkin emas, giyohlardan tayyorlangan iliq choy berishadi. Tuz esa ter bilan tanadan chiqayotgan dardni o‘ziga singdirib olar ekan.

Bizga hikoya qilib berishlaricha, davolash kursi 3–5 kunni tashkil etadi. Albatta, qum yo tuzga kirishdan oldin shifokor tashxis qo‘yadi. Chunki bunday ekstremal davolanish uslubi hammaga ham birdek to‘g‘ri kelavermaydi.

Biz gapga tutgan otaxonlardan biri har yili shu yerga kelib 3 kun qum va tuzga ko‘milishini, shu bilan bir yil davomida — kelgusi saratongacha bel og‘rig‘i va oyoq og‘rig‘i nimaligini bilmasligini gapirib berdi.

300 yildan buyon bu maskanda bo‘g‘imlardagi og‘riqlar, tanaga yig‘ilgan tuzlar osteoxondroz kabi dardlar mana shu yo‘l bilan davolanib kelinmoqda.

Olot tumani hokimligi vakillarining Kun.uz’ga ma’lum qilishlaricha, mazkur maskanga katta investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan, ulkan shifo maskani barpo etish istagida bo‘lgan investorlar bor. Kelgusida bu yer yurtimizda va xorijda dong taratuvchi tibbiyot turizmi uchun istiqbolli hudud bo‘lishiga shak-shubha yo‘q.
Shuhrat Shokirjonov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Jaziramada darddan forig‘ bo‘lish sirlari (foto, video)