20:37 / 19.09.2018
15 041

Ogʻiz hidlanishiga qarshi kerakli tavsiyalar

Ogʻiz hidlanishiga qarshi kerakli tavsiyalar
Ovqat hazm qilish tizimi bilan bogʻliq kasalliklar, tish va milk muammolari, shu bilan birga tomoq-burun xastaliklarida ogʻizdan yomon hid kelishi kuzatilishi mumkin.

Bu muammoning bosh sababchisi ovqat hazm qilish tizimidagi patologik oʻzgarishlardir. Masalan, ichaklar va oshqozon mikroflorasining buzilishi, qabziyat, oshqozonosti bezi faoliyatining buzilishi, jigʻildon qaynashi, meʼda yalligʻlanishi kabi sabablar.

Quyida sizga ularning oldini olish boʻyicha tavsiyalarni beramiz.

Oziq-ovqatlarni aralashtirib isteʼmol qilmang!
Ichaklar mikroflorasi mingdan ortiq fermentlardan iborat. Har bir fermentning oʻz vazifasi bor. Agar ulardan birortasining faoliyati buzilsa, mikroflora tizimi izdan chiqadi. Buning natijasida esa ovqat ichaklarda yaxshi soʻrilmaydi, hazm qilish jarayoni buziladi. Yaxshi hazm boʻlmagan, singimagan taomdan paydo boʻluvchi badboʻy hid ichak yoʻllari orqali ogʻizdan kela boshlaydi.

Bunday yoqimsiz holga chalinmaslik uchun turli taomlarni aralashtirib isteʼmol qilmang. Taomni shirin ichimliklar bilan yeyishdan oʻzingizni tiying. Taomni oddiy qaynatilgan iliq suv bilan isteʼmol qilgan maʼqul. Yogʻli ovqatlardan oldin shirinlik yemang. Ovqatni hazm qilishda muammo kuzatilsa, taomni koʻkatlar, karamli salat yoki kam miqdorda olma sirkasi qoʻshgan holda isteʼmol qiling.

Ogʻizni tuzli suvda chayib turing!
Shuningdek, yomon hidga tomoq ogʻrigʻi, tomoqning yalligʻlanishi kasalliklari ham sababchi boʻlishi mumkin. Qolaversa, tishning chirishi, kariyes va milklarning shamollashi ham, tish kovaklarida ovqatning yigʻilib qolishi ham ogʻizdan keladigan yoqimsiz hidga sababchi boʻlishi mumkin. Tish va milk sabab paydo boʻladigan ogʻizdagi hidlarda ogʻizni tez-tez tuzli suvda chayish tavsiya etiladi.

Isiriq – ming dardga davo!
Tishni namokob bilan chayish yaxshi foyda beradi, lekin har doim ham emas. Faqatgina yiringli jarayonlarda koʻproq foyda berishi mumkin. Shu bilan birga, isiriq bilan chayish ham yaxshi natija beradi. Buning uchun isiriq qaynagan suvda damlanadi. Undan soʻng sovitilib, ogʻiz boʻshligʻi chayiladi.

Yalpiz – musaffo dimogʻ kafolati!
Deyarli barcha tish yuvish pastalarining tarkibida yalpiz mavjud boʻladi. Eng mashhur saqichlarda ham aynan yalpizning mazasi mavjudligi bekorga emas. Boisi yalpiz eng yaxshi va ogʻiz boʻshligʻi, dimogʻni musaffo qiluvchi kuchli vosita. Yalpiz bir zumda ogʻizdan kelayotgan badboʻy hidni yoʻqotadi. Tez-tez yalpiz chaynab turish, yoki uning yordamida tayyorlangan damlamalar isteʼmoli, unda ogʻiz chayish yoqimsiz hidga qarshi juda foydali vositalarning yana biridir.

Marmarak – ayni kerak giyoh!
Marmarak yoki shalfey salat, ovqat tayyorlashda koʻp foydalaniladi. Mashhur hakim Gippokrat shifobaxsh xususiyatlariga baho berib, uni “muqaddas oʻsimlik” deb atagan ekan. Qadimgi Misrda esa uni ayollar bepushtligini davolashda tavsiya etganlar. Xushboʻy marmarak – boʻyi 50-100 santimetrga yetadigan koʻp yillik oʻt. Oʻrta Osiyo togʻlarining etaklari hamda pastki qismidagi togʻ daralarida, toshloq qiyaliklarida va bogʻlarda oʻsadi. Tibbiyotda yer ustki qismidagisi ishlatiladi. Tarkibida efir moyi, flavonoidlar, oshlovchi va boshqa moddalar bor. Oshqozon va ichak kasalliklari, halqum shilliq pardasi yalligʻlanishi, anginani davolashda marmarak damlamasidan foydalanish mumkin. Xitoyda marmarakni damlab ichishni xush koʻrishadi, AQSHda esa salatlar, shoʻrvalar, sabzavot, goʻsht, baliqqa qoʻshib isteʼmol qilinadi.

Kariyesni davolash uchun 1 osh qoshiq quruq marmarak va igir oʻsimligi ustiga 1 stakan qaynoq suv solib damlang. Damlama 1 soat tursin, soʻng u bilan ogʻzingizni chayqang. Agar biron tishingiz ogʻrib qolsa, shu damlamaga biroz paxta ivitib olib, uni ogʻriyotgan tishga qoʻying. Ushbu muolajani bir necha oy davomida, toki kariyes yoʻq boʻlguniga qadar takrorlab turish lozim.

Diqqat! Marmarakdan tayyorlangan dorilarni shifokor koʻrsatmasisiz, uzoq va ortiqcha miqdorda qabul qilish yaramaydi. Aks holda zaharlanib qolish mumkin. Homiladorlarga marmarakdan tayyorlangan dorilar mumkin emas.

Rayhon isteʼmol qiling!
Agarda taom yoki salatga qoʻshilgan rayhon bargini chetga surib qoʻyadigan odatingiz boʻlsa, xato qilasiz. Rayhon organizmning umumiy holatini yaxshilashda juda katta koʻmakchi. Shu sababli ham boshidan jarrohlik amaliyotini kechirgan kishilarga uni isteʼmol qilish tavsiya etiladi.

Tomoq ogʻrigʻi va ogʻizdagi infeksiyalarni yoʻqotishda qaynagan suvga solingan rayhon bargidan tayyorlangan damlamada foydalanish lozim. Ogʻizdan badboʻy hid kelishi, milk shamollashi, ogʻrishi va kariyesda, buyrakdagi mayda toshlarni eritishda, siydik yoʻli kasalliklarining oldini olish va davolashda ham ayni damlama qoʻl keladi. Shu bilan birga bosh ogʻrigʻi, yurak kasalliklari, revmatizm kabi koʻplab kasalliklarni davolashda ham rayhondan foydalanish mumkin.

Choy – koni foyda!
Amerikalik olimlar qora va koʻk choy tarkibida uchrovchi polifenolning kariyesning shakllanishi va milkning kasallanishiga sabab boʻluvchi bakteriyalar oʻsishini sekinlashtirishini aniqlashdi.

Aniqlanishicha, ogʻiz boʻshligʻini qora choy bilan bir daqiqa davomida kuniga 10 marta chayadigan odamlarda suv bilan chayqaydiganlariga qaraganda kamroq mikroorganizmlar uchragan. Boshqa bir tadqiqotchilar esa, choyxoʻrlarga kuniga 3-4 chashka choy ichishni tavsiya qiladi.

Ilmiy xodimlarning fikriga koʻra, yana oʻsha choydagi polifenol moddasi yoqimsiz hid tarqatadigan oltingugurt birikmasini meʼyorida ushlab, kamaytirib turadi. Choy tarkibida siyoh xususiyatiga ega fenol birikmasi boʻlgan tannin moddasi mavjud. Agarda choyni koʻp ichib yuborsangiz, u tishlaringiz yorqinligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun tarkibida boʻyoq xususiyati kam boʻlganligi va samarali himoya vazifasi uchun koʻk choyni koʻproq isteʼmol qilgan maʼqul.

Choy daraxtining moyi – ajoyib dori!
Bu moy deyarli barcha ogʻiz chayishga moʻljallangan suyuqliklar tarkibida boʻladi. Boisi u ogʻiz boʻshligʻidagi mikroorganizmlarga qarshi faol kurashadi. Choy daraxtining moyi bakteriya, virus va zararli zamburugʻlarga qarshi foydali vosita. Bu antibakterial dori bilan ogʻizni chayib turish, noxush hidlarga qarshi kurashishda sizga qoʻl keladi.

Qalampirmunchoq – xushboʻy ziravor!
Qalampirmunchoqning foydali jihatlari haqida buyuk tabib Abu Ali ibn Sino ham yozib, uning yaxshisi quruq va oʻtkir hidlisidir deganlar. Ibn Sino qalampirmunchoqning ogʻiz hidini yoqimli qilishini yozgan. Qalampirmunchoq tarkibidagi evgonel moddasi ogʻizga oʻziga xos hid berish barobarida, mikroblarni oʻldiradi, hamda ovqatni hazm qilish xususiyatiga ham ega.

Qalampirmunchoq shuningdek, tish yemirilishi, ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavati yalligʻlanishi, pulpit, parodontoz kabi stomatologik xastaliklarda ham yaxshi naf beradi.

Tez-tez qalampirmunchoqdan oz-oz chaynab yurishga odatlansangiz, salomatligingiz uchun katta hissa qoʻshgan boʻlasiz.

Guruch – ommalashgan shifobaxsh mahsulot!
Guruch hazm aʼzolari faoliyatini yaxshilaydi va oshqozon va ichak yarasi, gastritni davolaydi. Shu sababli ham, mazkur kasalliklar sabab kelib chiqadigan ogʻizdan kelayotgan badboʻy hidni yoʻqotadi. Buning uchun xom guruchni chaynash kerak boʻladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ogʻiz hidlanishiga qarshi kerakli tavsiyalar