22:55 / 20.09.2018
42 325

Qon quyuqlashuvining sababi va jiddiy oqibatlari

Qon quyuqlashuvining sababi va jiddiy oqibatlari
Odatda, qon quyuqlashgani haqida shifokordan eshitamiz. Ungacha bemor bosh ogʻrigʻi, tushkunlik, xotira pasayishi kabi belgilardan shikoyat qilib yuraveradi. Tashhis toʻgʻriligini qon tahlillari tasdiqlagach, oʻz vaqtida davolanish zarur. Aks holda, hayotingizga depressiya, qonda tromb yigʻilishi va yurak kasalliklarini chaqirgan boʻlasiz. Xoʻsh, aslida qon quyuqlashuviga nimalar sabab boʻladi?

SABABLARI

Qon quyulishiga sovqotish, qattiq asabiylashish, qandli diabet, hatto baʼzi mahsulotlar sababchi boʻlishi mumkin. Bemor uyquchan, behol, jizzaki, kayfiyati oʻzgaruvchan boʻlib qoladi, qon bosimi koʻtariladi, ogʻzi quriydi, qoʻl-oyoqlari doim muzdek boʻladi. Notoʻgʻri ovqatlanish, organizmda gijja borligi, stress va darmondori yetishmasligi ham qon quyuqlashishiga olib kelishi mumkin.

QONNI QUYULTIRADI:

Shakar, pishiriqlar, kartoshka, banan, tuxum, grechixa yormasi, gazli ichimliklar, xolodes (dirilloq), uzum, fast-fud va qovurma taomlar, oʻsimliklardan – dalachoy va gazandaoʻt. Ularni imkon boricha taomnomada kamaytiring.

*Yurakni davolashda ishlatiladigan siydik haydovchi dori vositalari;
*shahvatni koʻtaruvchi dori vositalari,
*homiladorlikdan saqlovchi dori-darmonlar qonni quyultirish xususiyatiga ega.

Ularni qabul qilishda meʼyorni oshirib yubormang.

DAVOLASH UCHUN TAVSIYALAR

Qonning umumiy hamda biokimyoviy tahlilini topshiring

Tezroq ichki kasalliklar shifokori (terapevt) koʻrigidan oʻting. Muammoning yechimi oddiy dori preparatlarida boʻlishi mumkin. Lekin dori vositalarini oʻz bilganingizcha, qabul qilishni maslahat bermaymiz.

Kun davomida sof suyuqlik – oddiy qaynatilgan yoki gazsiz mineral suvni 2,5-3 litrgacha ichish, qonni suyultiradigan mahsulotlar – anjir, sarimsoqpiyoz, koʻkpiyoz, shotut, bodring, sitruslilar, qizil bulgʻor qalampiri, olma, olcha, limon, oʻstirilgan bugʻdoy, pomidor, baliq, kakao, anor, dengiz karami, kungaboqar pistasini imkon qadar koʻproq isteʼmol qilish kerak.

Majnuntol, tut daraxtining ildizi poʻsti tabiiy aspirin hisoblanadi. Ushbu daraxtlardan birining poʻsti yoki ildizini maydalab, bir osh qoshigʻini bir stakakn suvda qaynatib ichilsa, qon tozalanadi va quyulishdan holi boʻladi.

Nahorga ikki piyola issiq qaynatilgan suv ichib, ortidan bir osh qoshiq zigʻir yoki zaytun moyidan qabul qilishni kanda qilmang.

Yotishdan 1 soat oldin piyoda sayr qilish, yugurish qonni suyultiradi. Mashqni uyda, turgan holatda ham bajarish mumkin.

Davolovchi shifokor bilan maslahatlashib, zuluk bilan davolanishni ham sinab koʻrsa boʻladi. Faqat ushbu muolaja maxsus tibbiy muassasalarda, mutaxassis nazoratida bajarilishi shart. Bilib-bilmay, oʻzingiz mustaqil qoʻllamang.

Maydalangan dafna yaprogʻining bir choy qoshigʻi bir chimdim koʻk choy, ikki boʻlak limon bilan aralashtirib, damlanadi. Ozroq asal qoʻshib, choy singari kun davomida ichiladi. Shuningdek, zanjabil va dolchin solib damlangan choylar ham ushbu muammoni tez va samarali hal etishda yordam beradi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Qon quyuqlashuvining sababi va jiddiy oqibatlari