07:31 / 25.09.2018
35 374

Gijja va boshqa parazit kasalliklarining kelib chiqish sabablari, ularni davolash yoʻllari (video)

Gijja va boshqa parazit kasalliklarining kelib chiqish sabablari, ularni davolash yoʻllari (video)

“Sogʻlom hayot” loyihasi doirasida bugungi kunda koʻp uchraydigan kasalliklar, yaʼni inson organizmida uchrovchi parazitlar toʻgʻrisida [url=https://kun.uz/news/2018/09/24/uzdagi-ok-doglar-gi... [/url]nashri maʼlumot bermoqda.

Odam va hayvonlarning aʼzo va toʻqimalari hisobiga yashovchi mayda chuvalchanglar – gijjalar (gelmintlar), ular keltirib chiqaradigan kasalliklar gelmintozlar deyiladi. Kasallik manbai bemor odam va gijjalar bilan zararlangan hayvonlar hisoblanadi. Gijjalar – chuvalchanglar, oʻzining parazitlik hayotini odam organizmida oʻtkazuvchi organizmlardir. Bunda odam yoshi rol oʻynamaydi - kattalar ham, bolalar ham bir xilda kasallanishi mumkin.

Parazitlar insonga qanday yuqadi?

Shifokorlarning aytishicha, parazitlar turiga qarab turli usullarda yuqishi mumkin. Masalan, askaridalar, asosan, qoʻlini yaxshi yuvmaydigan bolalarda koʻp uchraydi. Ostrisalar esa odamga iflos qoʻllar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda ogʻiz va burunga tushadigan chang orqali ham yuqishi mumkin.

Kasallik belgilari

Gijjalarning xili, soni va qaysi organda parazitlik qilishiga qarab kasallik har xil kechadi. Parazitlar bilan zararlangan odamning vazni kamayadi, qorinda ogʻriq, koʻngil aynishi, ich ketishi yoki bosh aylanishi, jizzakilik paydo boʻladi, deydi biz bilan suhbatda boʻlgan yuqimli kasalliklar shifokori Saodat Temirova. Gijja ichakda boʻlsa – ich qotadi yoki ich ketishi, koʻngil aynishi, qayt qilish holatlari kuzatiladi. Jigarda boʻlsa - koʻz oqi va badan sargʻayadi, shish paydo boʻladi, badanga har xil dogʻlar tushishi mumkin. Oʻpkada boʻlsa - isitma chiqishi va yoʻtal paydo boʻlishi mumkin. Shuningdek, odamning mehnat qobiliyati pasayadi, bolalarda rivojlanish orqada qoladi, yaxshi oʻsmaydi, xotira pasayadi, uyqusi notinch boʻladi.

Gelmintlarning klassifikatsiyasi juda keng, ayniqsa, issiq iqlimli mamlakatlarda. Hozirda gelmentlarning faqatgina oʻlkamizda keng tarqalganlari haqida yuqumli kasalliklar shifokori Saodat Temirova bilan birgalikda maʼlumot berishga harakat qilamiz.

LYAMBLYA. Hozirda eng koʻp uchrayotgan parazit turi bu - lyamblya hisoblanadi. Lyamblya – oddiy, sodda jonivor. U oʻzidan oʻzi odam organizmida koʻpayadi. Shifokorimiz Saodat Tumirovaning shaxsiy tajribasidan kelib chiqqan fikriga koʻra, lyamblyani shikoyat boʻlsagina davolash maqsadga muvofiq. Lyamblyaning alomatlari ishtaha boʻlmaydi, ertalab nonushta qilishga qiynalish, kun boʻyi och qorinda yurish, bolalarda injiqlik, jizzakilik, ich oʻz-oʻzidan ketishi va qotishi boʻladi. Yuzdagi oq dogʻlar har doim ham gijja alomati emas ekan. Ular zamburugʻdan ham boʻlishi mumkin. Lyamblyani koʻpincha klizma qilishadi, holbuki, uni yoʻqotishda klizma qilish befoyda. Chunki klizma lyamblya oʻrnashgan joygacha yetib bormaydi.

Lyamblya oʻt yoʻllarida, oʻn ikki barmoq ichagida koʻproq parazitlik qiladi. Biz taom tanovul qilganimizda, ovqat hazm boʻlishi uchun, oshqozondan keyin oʻn ikki barmoqli ichakka oʻtadi. Lyamblya oʻn ikki barmoqdagi odam uchun kerakli vitaminlar, minerallar, kaliy, kalsiylar bilan oziqlanadi. Lyamblya qaynatilmagan suv va ichimliklardan yuqishi mumkin. Lyamblyani davolash usullaridan biri uni oʻldiradigan dori 5 kun ichiladi. Lekin bu dorini berishdan oldin jigarni yaxshilab tekshirish kerak. Keyin oʻlgan lyamblyalarni 5 kun ich surar qilib tushirish lozim. 20 kun yoki 1 oy oʻt haydovchi (makkajoʻxori popugi)ni yaxshi berilsa, lyamblya oʻlib ketadi. Lyamlblya yotib davolanishga muhtoj emas, deya oʻz maslahat va tavsiyalarini aytib oʻtdi shifokorimiz Saodat Temirova.

OSTRITSA. Bolalarda eng koʻp uchraydigan parazit – ostritsa (oddiy gijja), enteribioz kasalligini chaqiradi. Ushbu gelmintlar katta boʻlmagan oʻlchamda oʻrtacha 1 sm, oq-kulrang rangda, egilgan tanali boʻladi. Bu parazitlarning joylashish joyi yoʻgʻon ichakdir, baʼzida ular ingichka ichakning pastki qismida ham joylashishi mumkin. Ostritsaning koʻpayishi anal teshigi terisi atrofida kechadi. Tunda ostritsa urgʻochisi tuxumlarini qoʻyish uchun teri burmalariga boradi, qiz bolalarda koʻpincha qin lablariga ham oʻtadi. Ushbu gelmintlar 1-1,5 oy hayot kechiradi. Bola oʻz-oʻzini zararlashi uning yillar davomida bezovtalanib yurishiga sabab boʻladi. Parazitni oddiy (qurollanmagan) koʻz bilan najasda ham koʻrsa boʻladi.

Ostritsaning oshqozon va ichaklarga tushishi, organizmning parazit bilan zararlanishi deganidir. Ostritsa tuxumlari tashqi muhitga ifloslangan najas bilan tushadi. Tuxumlarning tashqi qobigʻi noqulay muhitga chidamli va hajmi juda kichik. Bola atrof-muhitni oʻrganish, jismlarning taʼmi va tarkibini bilish maqsadida qoʻllari bilan har narsani ushlab koʻradi hamda ularni ogʻziga olib boradi. Shu yoʻl bilan ostritsaning tuxumlari oʻzining “boʻlajak kichik xoʻjayini” organizmiga tushadi. Ostritsa 20 sm.dan 40 sm.gacha boʻladi. 21 kun davomida yashaydi. Ostritsani davolashning eng oson yoʻli tozalikka eʼtibor berishdir.

ASKARIDA. Parazitlardan yana bir keng tarqalgan, bolalarda koʻp uchraydigan turi – askarida. Bu nematodalar oʻlchami 15 sm.gacha yetadi. Parazit ingichka ichaklar qovuzlogʻida joylashib olib, tushayotgan ovqatlarni yeb qoʻyadi. Askarida najasga kamdan-kam hollarda tushadi. Urgʻochi askarida tuxumlarini najas analizida topish mumkin. Agar najas tahlilida tuxumlar topilmasa, bu degani bola askarida bilan zararlanmagan degani emas. Askaridaning hayot sikli bir necha yillarga yetishi mumkin.

Bola organizmi kurashish qobiliyati past boʻlganligi sababli parazit bemalol koʻpaya oladi. Gijjalar bilan yuvilmagan mevalar va ifloslangan suv orqali zararlanishi ham mumkin. Koʻpincha zararlanish bolalarning hayvonlar bilan muloqotida, ular axlati tushgan tuproq va qumlarda oʻynaganda ham kuzatilishi mumkin. Bolalar koʻchada oʻynab kelganidan soʻng qoʻllarini yuvishmaydi, parazitlar bu vaqtda organizmga tushadi. Shuning uchun barcha bolalar yashash sharoiti va tarbiya muhitidan qatʼiy nazar birday zararlanishi mumkin.

Aniqlash usullari

Bola zararlangandan keyin va birinchi belgilar paydo boʻlganda, parazitlarga gumon qilinganda quyidagi tadbirlar oʻtkazilishi shart:
- Najas analizi 3 marta olinadi, oraligʻi bir necha kun boʻlishi kerak;
- Qonning gelmintlarga analizi;
- Qonning umumiy tahlili (ostritsa tuxumlariga);

Qoʻshimcha tekshiruv sifatida:
- Ichki aʼzolar UTTisi;
- Rentgenografiya;
- KT va MRT;

Bu tekshiruvlar parazitlarning boshqa organlarda joylashgan joylarini aniqlab beradi.

Eslatma
Kasallik xar bir odamda individual tarzda kechadi, shuni hisobga olgan holda, qanday davolanish muolajasini olishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishni unutmang! Yilida ikki marta oʻzingizga vaqt ajratib, shifokorga murojaat qilib, tekshirtirib tursangiz hamda asosiysi gigiyena va tozalikka eʼtibor qilsangiz parazitlar sizni bezovta qilmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Gijja va boshqa parazit kasalliklarining kelib chiqish sabablari, ularni davolash yoʻllari (video)