11:40 / 25.09.2018
13 684

Agar buyragingiz sogʻlom boʻlib, sizga uzoq vaqt xizmat qilishini istasangiz...

Agar buyragingiz sogʻlom boʻlib, sizga uzoq vaqt xizmat qilishini istasangiz...

Buyrak kichik tos sohasida joylashgan juft aʼzo boʻlib, qonni filtrlaydi, peshob ishlab chiqaradi va tanadagi kislota-ishqor muvozanatini taʼminlaydi. U shunday zahmatkash aʼzoki, hatto xastalanib, bor-yoʻgʻi 30 foiz kuchi bilan ishlaganda ham odamning meʼyoriy hayot kechirishini taʼminlay oladi. Aynan shuning uchun ham buyrak jiddiy zararlanguncha oʻz holidan “shikoyat” qilmaydi. Uning sogʻlom faoliyatiga bizning baʼzi bir odatlarimiz kutilmagan zarba boʻlishi mumkin. Agar buyragingiz sogʻlom boʻlib, sizga uzoq vaqt xizmat qilishini istasangiz, quyidagi odatlaringizdan voz keching.

Shirin gazli ichimliklarga tobeʼlik

Yaponiyaning Osaka universiteti xodimlari oʻtkazgan tadqiqot natijalariga koʻra, kuniga ikki yoki undan koʻp marta toʻyib gazli ichimlik ichish buyrak kasalliklari rivojlanishiga olib keladi. Olimlar tadqiqotda 12 ming kishining salomatligini kuzatishdi. Ular orasida gazli ichimliklarni koʻp isteʼmol qilgan ishtirokchilarning peshobida oqsil oshib ketgani aniqlandi. Bu buyrak zararlanganining birinchi belgisidir.

Kashandalik

Chekish yurak-qon tomirlarida skleroz degan xastalikni keltirib chiqaradi. Bu muammo oqibatida qon tomirlarining torayishi va choʻziluvchanligining yoʻqotilishi barcha organlar kabi buyrakda ham qon taʼminotiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Tibbiyot amaliyotidagi maʼlumotlarga koʻra, kuniga chekilgan ikki dona sigareta ham bir necha yil ichida tomirlar torayishi va boshqa xastaliklar rivojlanishiga sabab boʻlish uchun yetarli omildir.

V6 vitamini tanqisligi

Sogʻlom ovqatlanishga rioya etish buyrakning yaxshi ishlashida katta ahamiyatga ega. Dunyoda oʻtkazilgan tadqiqotlarda odam organizmida V6 vitamini yetishmasligi buyrak toshiga sabab boʻlishi aniqlangan. Buyrak ishini qoʻllab-quvvatlash uchun har kuni kamida 1,3 milligram V6 vitamini qabul qilish kerak. Bu vitamin baliq, noʻxat, mol buyragi, kartoshka kabi mahsulotlarda koʻp boʻladi.

Uyqusizlik

Biz tunda uxlaganimizda boshqa aʼzolar kabi buyragimiz ham dam oladi. Uyquning doimiy ravishda buzilishi, kuniga 7 soatdan kam uxlash buyrak kasalliklarini chaqiradi. AQSHdagi Toronto universiteti kardiolog olimlarning aniqlashicha, buyrakning zaif toʻqimalari uyqu payti qayta tiklanar ekan.

Kamharakatlik

Jismoniy mashq — buyrakni himoya qilishning yana bir sinalgan usuli. Umuman olganda, meʼyoriy vazn buyrakda tosh toʻplanishi imkoniyatini kamaytiradi.

Yetarli miqdorda suv ichmaslik

Buyrak oʻz faoliyatini yaxshi amalga oshirishi uchun yetarli miqdorda suv ichishimiz kerak. Agar yetarli suyuqlik qabul qilinmasa, qonda toksinlar yigʻila boshlaydi. Meʼyoriy hisobda kuniga 10-12 stakan suv ichish tavsiya etiladi.

Zarur dori-darmonlarni ichmaslik

Yuqori qon bosimi va qandli diabet — bu hayot tarzi va notoʻgʻri ovqatlanish natijasida kelib chiquvchi kasalliklar. Agar sizda shu xastaliklardan birontasi boʻlsa, buyragingizni ehtiyot qiling. Yaʼni zarur boʻlgan dori-darmonlarni oʻz vaqtida qabul qiling.

UCH XIL TOSH, UCHTA DARD

Buyrak toshlari joylashishi va hajmiga qarab turlicha boʻladi. Masalan, urat, oksalat, fosfat toshlari siydikda shovul kislotaning koʻpayib ketishi natijasida choʻkmalar paydo boʻlishidan soʻng kelib chiqadi. Kalsiy tuzining siydikdan koʻp ajralib chiqishi oqibatida ham tosh hosil boʻladi. Xastalikning bu turini davolash uchun parhezga qatʼiy rioya qilish kerak. Tarkibida shovul kislota hamda tarkibida tuzlar mavjud boʻlgan mahsulotlar (masalan, shovul, ismaloq, lavlagi, kartoshka, anjir, olxoʻri, qulupnay, kakao, shokolad, qora choy) ni isteʼmol qilmagan maʼqul. Aksincha, magniyga boy mahsulotlar (masalan, naʼmatak, yongʻoq, sabzi, oʻrik, grechixa, arpa, kashnich) ni koʻproq isteʼmol qilish lozim. Bular organizmda oksalat toshlari hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi.

Buyrak toshi kasalligi bor bemor semirib ketishdan saqlanishi, jismoniy harakatda boʻlishi, xamir ovqat, non, shakarni iloji boricha kam yeyishi kerak. Qon-tomir, yurak xastaligi boʻlmasa, bir kunda 2 litrgacha suyuqlik ichishi mumkin. Chunki suyuqlik toshlarni yuvadi. Spirtli ichimliklar ichish aslo mumkin emas. Ichkilik organizmdagi tuzlarning erishiga toʻsqinlik qiladi. Bemor shifokor belgilab bergan parhezga qattiq rioya qilishi zarur.

Toshlarni maydalash uchun…

Toshlarni maydalash uchun davolanish mobaynida bemor uy sharoitida qoʻshimcha muolajalarni qoʻllashi, yaʼni xalq tabobati usullaridan foydalanishi mumkin.

Boʻyimodaron oʻsimligidan Ibn Sino buyrak toshini maydalashda va tushirishda foydalangan. Buning uchun boʻyimodaronni gullagan paytida guli bilan uzib olib, soyada quritiladi. Damlama tayyorlash uchun ogʻzi yopiladigan idishga 1 stakan qaynab turgan suv quyiladi va oʻsimlikning yer ustki qismidan 1 osh qoshiq solib, 1 soat damlanadi. Soʻngra dokadan suziladi. Damlamadan kuniga 3-4 mahal ovqatdan oldin 1 osh qoshiqdan ichiladi. Bemor 10 kundan soʻng 3-4 kun dam olib, muolajani yana takrorlaydi.

Semizoʻt oʻsimligi tarkibida koʻp miqdorda C vitamini, qand, alkaloid, glikozid, fosfor, kalsiy unsurlari bor. Ibn Sino uning damlamasini buyrak xastaliklarini davolashda qoʻllagan va oʻta shifobaxsh ekanini alohida taʼkidlagan.

Dorilanmagan qovun eti ham bu kasalga davodir. Uzum sharbatini isteʼmol qilib turish yanada foydali. Bundan tashqari, Ibn Sino behining siqib olingan sharbatiga asal va sirka qoʻshib shifobaxsh dori tayyorlagan.

Ogʻriq qoldiruvchi vositalar

Biz qancha koʻp dori-darmon qabul qilsak, farmatsevtika preparatlarining aʼzolarga, asosan, buyrakka salbiy taʼsirini shuncha oshiramiz. Sintetik dorilar bir yoqdan foyda qilsa, bir yoqdan ziyondir.

Manba: “Hordiq”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Agar buyragingiz sogʻlom boʻlib, sizga uzoq vaqt xizmat qilishini istasangiz...