16:44 / 20.10.2018
4 721

Ispan olimlari: “OIVga chalingan bemorlarni davoladik”

Ispan olimlari: “OIVga chalingan bemorlarni davoladik”
Ispan olimlari odam immuntanqisiligi virusi (OIV)ga chalingan olti nafar bemorni o‘zak hujayra ko‘chirib o‘tkazish orqali davolashganini aytishmoqda.

Madriddagi Gregorio Maranon nomidagi klinika hamda Barselonadagi OIVni tadqiq qilish instituti olimlarining hamkorlikdagi izlanishlari natijasi Annals of Internal Medicine nomli tibbiyot jurnalida e’lon qilindi.

Maqolada latent rezervuardagi OIV infeksiyasi kindik va suyak iligidan o‘zak hujayrani ko‘chirib o‘tkazish orqali davolangani aytilgan.

OIVning latent rezurvuari – bu infeksiya yuqqan “uyqudagi” hujayralar guruhi bo‘lib, ularni na dori-darmon, na odamning immun tizimi tuza oladi.

Olti nafar bemor antiretrovirus preparatlarni qabul qilishda davom etmoqda, biroq olimlar ularning organizmi virusdan butkul xalos bo‘ldi degan fikrda.

Ispan olimlarning tadqiqotiga “Berlin bemori” nomini olgan amerikalik Timoti Braun bilan bog‘liq hodisa asos bo‘ldi. U OIVdan qutulgan dunyodagi yagona kishidir. Braunga OIV infeksiyasi tashxisi 1995 yilda qo‘yilgan, 2006 yilda esa u oqqon kasalligiga chalindi. Unga ikki bor suyak iligi ko‘chirib o‘tkazilgan. 2011 yilda Timoti Braun OIVdan butkul xalos bo‘lganini bildirdi.

Olimlar yangi tadqiqot Braunning kasallikdan qanday qutulganini aniqlashtirishga yordam berishiga umid qilishmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ispan olimlari: “OIVga chalingan bemorlarni davoladik”