11:00 / 23.10.2018
8 396

Ko‘k choy qanday jiddiy kasalliklariga davo ekanligi aniqlandi

Ko‘k choy qanday jiddiy kasalliklariga davo ekanligi aniqlandi
Epigallokatexin gallati (EGKG) ko‘k choy (Camellia sinensis) barglari tarkibidagi asosiy polifenollardan biri hisoblanadi. Qandli diabet, Parkinson, Alsgeymer, insult va semirish kasalliklarini o‘rganish davomida ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganligi sababli so‘nggi paytlarda tadqiqotchilar orasida ushbu moddaga qiziqish ortib borayotganini kuzatish mumkin. Yaqinda xitoylik olimlar jamoasi EGKGning yana bir yangi xususiyatini aniqlashdi. Unga ko‘ra ushbu polifenol hujayra ichidagi kichik interferlovchi RNKlarning harakatini rag‘batlantirar ekan. Bu haqida xalqaro «ACS Central Science» ilmiy jurnali xabar bermoqda.

Kichik interferlovchi RNK molekulalari (ki-RNK) hujayra ichi viruslarga qarshi kurashish mexanizmining asosiy qismi hisoblanadi. ki-RNK turli kasalliklarni davolash vaqtida kasallik qo‘zg‘ovchi genlarning faoliyatini nazorat qilishda katta potensialga ega.

Olimlarning kuzatishlari bo‘yicha ki-RNK o‘z funksiyasini hujayra ichida bajarish vaqtida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishi juda sekinlik bilan ro‘y berar ekan. Bunga hujayra ichidagi membranalarning turlicha zaryadga egaligi, shu bilan birga ayrim fermentlarning ki-RNK harakatiga to‘sqinlik qilishi sabab bo‘ladi.

Ushbu muammoni bartaraf etish uchun ko‘plab olimlar uzoq yillardan beri tadqiqotlar o‘tkazib keladi. Ayrim tadqiqotchilar ki-RNK yuzasini maxsus polimerlar bilan o‘rab ularning harakatini tezlashtirishga urinib ko‘rgan, lekin natija ko‘ngildagidek chiqmagan. Kichik polimerlar ki-RNKning harakatini yetarlicha ta’minlay olmagan bo‘lsa, katta polimer molekulalari o‘zining toksik xususiyati tufayli hujayraning boshqa funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Professor Yiyun Cheng boshchilik qilgan xitoylik olimlar jamoasi hujayradagi ki-RNK molekulasining harakatini osonlashtirish uchun EGKG polifenolidan foydalanib ko‘rish mumkin yoki mumkin emasligi yuzasidan tadqiqot olib bordi.

Tadqiqotchilar dastlab EGKG va ki-RNKni birlashtirib kichik hajmdagi nanozarrani hosil qilishgan. Ushbu nanozarra yuzasi tabiiy holatda manfiy zaryadga ega bo‘lgan. Tadqiqotchilar nanozarra yuzasini kichik musbat zaryadli polimerlar bilan qoplab, uning sun’iy muhitda o‘stirilayotgan hujayra ichidagi migratsiyasini kuzatishgan. Tajribada EGKG bilan birikkan ki-RNK hujayra membranasidan qiyinchiliksiz o‘tib borgan va kasallik qo‘zg‘ovchi genlar ekspressiyasini to‘xtata olgan. Jarayon mexanizmini quyidagi rasmda ko‘rish mumkin.

Shundan so‘ng professor Cheng ushbu nanozarrani ichagida yallig‘lanishga sabab bo‘luvchi ferment geniga ega sichqon organizmida sinab ko‘rgan. Natija xuddi tajribadagidek ijobiy chiqqan. Ichagi zararlanib vazn yo‘qotgan sichqon EGKG va ki-RNKdan hosil qilingan nanozarra yordamida tezda o‘z vaznini qayta tiklagan.

Olimlarning ta’kidlashlaricha, ushbu tadqiqot natijalari yordamida yuqorida keltirilgan kasalliklarni davolash mumkin bo‘ladi.

Manba: Turon24.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ko‘k choy qanday jiddiy kasalliklariga davo ekanligi aniqlandi