14:10 / 09.11.2018
6 648

Islom tibbiyotda ilk penitsilinni kashf etgan

Islom tibbiyotda ilk penitsilinni kashf etgan
Bu maqolamizdagi tavsiyalar ba’zi o‘quvchilarimizga ilk o‘qishda oddiygina bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin ular o‘tgan 1400 yilga hayoliy sayohat qilsalar, aqllarini lol qoldiradigan bir hodisa bilan uchrashganliklarini anglab yetadilar. Chunki keyingi yillardagi kashfiyotlar tibbiyotni o‘zgartirsa hamki bu tavsiyalarning hech birini o‘zgartirolmadi va ularni tavsiya etgan zot qarshisida beixtiyor bo‘yin egmoqda.

Hijratdan avval, Madinada bezgak kasalligi mavjud edi. Bu kasallikdan yuzlarcha kishi o‘lar yoki qattiq iztirob chekardi. Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, shahar atrofidagi botqoqlikni ko‘rib, bu kasallikning suvli va iflos yerdan kelishini aytgan edilar. Shundan so‘ng shu yerdagi odamlarga shaxsan o‘zlari boshchilik qilib 30 ming xurmo daraxti ko‘chatini ektirgan edilar.

Abu Barakatning kitobida shunday yozilgan: "Bir kasal chiqqan joyda bo‘lsangiz boshqa biror yoqqa bormang, boshqa yerda kasallik bo‘lsa, u yerga sayohat qilmang", – deya buyurib, Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam birinchi bo‘lib karantin usulini tavsiya etganlar. Hamma kasalliklarda parhezni qattiq bir shaklda tavsiya etgan va "Hamma da’volarning boshi budir" – degan ham ul Zoti muborakdir.

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam Alloh bergan umrni rohatda, huzur ichida yashash va Alloh rizoligiga erishmoq uchun quyidagilarga mutlaq amal qilishimizni buyuradilar:

1. Doimo toza taomlarni tanovul qiling.

2. Taomni juda issiq va juda sovuq ham yemang.

3. Taomni uzoq chaynab, sekin yuting.

4. Ovqatdan oldin va keyin qo‘llaringizni yuving.

5. Doimo ovqatdan ishtahali bo‘lib turing, ko‘p yemang.

6. Ovqat yeyish davomida ko‘p suv ichmang.

7. Qishda bir oz ko‘proq yog‘li ovqatlar, yozda esa yengilroq ovqatlar va ko‘katlar iste’mol qiling.

8. Ovqatlaringizdan xurmoni kam etmang.

9. Uzum, xurmo va zaytun, Allohga shukr etmoq uchun sizga sihat va quvvat beradi.

10. Charchagan vaqtingizda shirinliklardan tanovul qiling.

11. Siniq kosada ovqat yemang, unday idishda suv ham ichmang.

12. Ovqatlanayotganda doimo yaxshi kayfiyatda bo‘ling, yolg‘iz ovqat yemang.

13. Doimo ovqatdan so‘ng duo o‘qib, shukr qiling.

14. Har oyda bir kun ro‘za tutingki, vujudingiz dam olsin.

15. Asal yeb turing, u ming dardga davodir.

Bunday kabi maslahatlar bisyor.

Turli xil kasalliklarni davolash uchun bergan tavsiyalarning ba’zi xususiyatlarini qisqacha tushuntirib o‘tsak.

Penitsilin: Hijriy 160 yilda vafot etgan va 500 ga yaqin asar muallifi Tavasli Musa Ibni Abu Hayyanning "Al Xolis" kitobida ko‘z kasalliklari va tomoq anginalari uchun Rasulullohning shu tavsiyasi yozilgan:

"Zamburug‘larni oling, namli qorong‘u yerda uch kun saqlang, ularning usti mog‘orlab qoladi. Temir bir six olib qizdiring. Soviganidan keyin uch marta bu mog‘orga surting. Mog‘orni ko‘zga surma surgandek surting va tomoqqa bosib o‘rang".

Chorak asr avval bu davolash usulini xurofot deb atagan ahmoqlar bor edi. Lekin Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam tavsiya etgan ushbu "dori" bugungi kunda shu asrning bir mo‘’jizasi sifatida qabul qilinmoqda. Ha, payg‘ambarlar Payg‘ambari asrimizning penitsilin mo‘’jizasini 1400 yil avval ko‘rsatgan va so‘ngsiz bir ilm sohibining Rasuli bo‘lganini yana bir bor isbot qilgan.

Ko‘zi og‘riganlarga doimo asal, xurmo yeyishni tavsiya etardilar. Bundan tashqari, zamburug‘ suvini ishlatishni tavsiya etgandilarki, buni penitsilin ekanligini yuqorida aytib o‘tdik.

Isitmalaganda: sovuq suv bilan vujudni namlatardilar. Bu usulni hozirda ham tavsiya etish mumkin.

Zaharlanganda: Darhol oshqozonni bo‘shatish uchun qayt qildirar edilar va yelkaning uch joyidan qon oldirardilar:

Sarvari olamning "Agar insonlar oz suv ichsalar vujudlardagi sihat va ishtahani bir maromda davom ettira oladilar", – degan hadisi shariflari katta axamiyatga ega.

Sil: Ozg‘in, yo‘talgan va balg‘am chiqarganlarni, Madinadan tashqariga chiqarar va toqqa – cho‘ponlarning yoniga qo‘yib kelardilar. Shu bilan birga ularga ko‘p sut ichishlarini tavsiya etardilar. Ochiq havoda davo ko‘rgan bu kasallar, ma’lum bir muddatdan so‘ng Madinaga sog‘lom holda qaytardi. Mikrob va laboratoriya butunlay noma’lum bo‘lgan u qorong‘i johiliyat davrida Rasuli Akramning (sallallohu alayhi vasallam) bu kasallikka qo‘ygan tashxis (diagnoz), davolash usullari juda ham diqqatni o‘ziga tortadi va bugungi kunda sil kasalligiga chalinganlarni davolash uchun keng qo‘llanayotgan "SENATORYUM" asoslarga egadir. Taunli va sil kasalliklariga chalinganlarning darhol xalqdan ajratib olinishini tavsiya etardilar.

Ha, zamonaviy tib ilmi qo‘llayotgan karantin usuli ilk marotaba hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tomonidan tavsiya etilgan va o‘sha vaqtlarda ham bu yo‘l bilan minglab insonlarning hayoti qutqarib qolingan.

Pirovardida, Rasulullohning tibbiyot sohasidagi bilimi, kashfiyot va tavsiyalari, uning yuksak ilohiy dahosini va haq Payg‘ambar bo‘lganini yana bir bor ko‘rsatib turibdi.

Qur’onning hech bir hukmi zamonaviy ilmga teskari kelmagani kabi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bu boradagi hech bir tavsiyalari ham zamonaviy tib ilmiga zid kelmayapti.

Ha, asrlar o‘zgaradi, faqat bunday haqiqatlar o‘zgarmaydi. Har bir yangi kashf, har bir rivojlanish bu – haqiqatlarning buyukligi va u Zotning (sallallohu alayhi vasallam) buyukligi oldida bo‘yin egadi.

Manba: Islom.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Islom tibbiyotda ilk penitsilinni kashf etgan