18:42 / 03.04.2019
9 263

Gastritda taqiqlanuvchi 7 odat

Gastritda taqiqlanuvchi 7 odat
Gastritga “yengil” kasallik sifatida qaralsa-da, uni davolash ancha qiyin. Bu kasallikka qarshi kurash kompleks yondashuv va koʻplab odatlarni qayta koʻrib chiqishni talab etadi: taomni isteʼmol qilish chastotasidan tortib to turmush tarzigacha. Gastrit kasalligida nima qilish mumkin emasligiga doir maʼlumotlar Kun.uz saytida taqdim etildi.

Asabiylashish
Har qanday stress holati sogʻliq uchun zarar. Inson doim tushkun kayfiyatda yurib, depressiyani yenga olmasa, organizm kasallikka qarshilik qila olmay, unda retsidiv va salbiy asoratlar kuzatiladi. Gastroenterologiyada hatto alohida tashxis bor - asabiylik natijasida yuzaga keluvchi gastrit. Inson oʻz his-tuygʻularini barqaror saqlashi muhim: ishlash surʼatini kamaytirish, dam olish, koʻngil yozishni oʻrganish va salbiy taʼsirdan himoyalanish. Agar bularning uddasidan chiqa olmayotgan boʻlsangiz, gastritdan davolanish jarayonida psixoterapevt bilan ham maslahatlashing.

Chekish
Bu odatdan nafaqat oʻpka, balki butun organizm jabrlanadi. Shu jumladan, oshqozon-ichak trakti ham: chekish davomida oshqozonga tushuvchi zararli moddalar uning shilliq qavatiga ziyon yetkazadi va bu kasallikning kuchayishiga olib keladi. Shuningdek, nikotin tuz kislotasi sekretsiyasini kuchaytiradi va u xasta organning shilliq qavatiga zarar yetkazadi. Oxir-oqibat, gastrit oshqozon yarasiga aylanishi mumkin.

Spirtli ichimliklar isteʼmoli
Kasallikka qarshi kurashishning asosiy shartlaridan biri - toʻliq sogʻayish uchun alkogol ichimliklarni umuman isteʼmol qilmaslik. Spirtli ichimliklar oshqozon devorlariga ziyon yetkazadi va patalogiyani chuqurlashtiradi, uning boshqa organlarga zarari haqida-ku gapirmasa ham boʻladi. Shunday ekan, alkogoldan voz kechish faqat foyda keltiradi.

Dori vositalarini oʻylamay qabul qilish
Gastritni mustaqil tarzda davolab boʻlmaydi. Biroq sizda tibbiy davolashni talab qiluvchi boshqa kasalliklar ham boʻlsa, dori vositalarini qabul qilishdan oldin gastroenterolog bilan maslahatlashing. Bu hatto oshqozon bilan bogʻliq boʻlmasa ham. Zero hatto oddiy aspirin ham oshqozon yalligʻlanishini sezilarli darajada kuchaytirishi mumkin.

Sportning baʼzi turlari bilan shugʻullanish
Oʻtkir, eroziv yoki surunkali gastritda imkon qadar chidamlilikni talab qiluvchi jismoniy ogʻirliklarni cheklash kerak. Ogʻir atletika, uzoq masofaga yugurish, yakkakurash, alpinizm kabi sport turlari shular jumlasidandir. Kasallik chekinganidan keyin mashgʻulotlarga qaytish mumkin.

Ovqatlanish rejimini buzish
Davolanish vaqtida notoʻgʻri ovqatlanish shifokorlarning saʼy-harakatlari va dori preparatlarining taʼsirini juda tez orada yoʻqqa chiqaradi. Gastritda davolash parhezi kasallik turidan kelib chiqib belgilanadi: haddan tashqari issiq yoki sovuq taom isteʼmolidan saqlanish lozim. Shu bilan birga, achchiq, qovurilgan, shoʻr, nordon va shirin yeguliklarni ham taomnomadan chiqarib turish kerak. Umuman olganda, kuniga 5-6 marta kichik porsiyalarda ovqatlanish maqsadga muvofiq.

Kasallikka beeʼtibor boʻlish
Yer yuzidagi deyarli har ikkinchi odam gastrit bilan kasallangani haqida eshitgan boʻlsangiz kerak. Ularning aksariyati uchun bu kasallik ogʻir asoratlarga olib kelmasligi mumkin. Koʻpchilik kasallikdan xabari ham boʻlmay, odatiy turmush tarzida yashab yuraveradi hatto. Bularning bari gastritni davolash kerakmikan degan fikrni keltirib chiqaradi. Gastritni davolashdan voz kechish quyidagi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin: oshqozon-ichak yarasi, pankreatit, qon ketishi, anemiya, bulbit va oxir-oqibat saraton. Shifokorlar agar hayotingiz va salomatligingizga befarq boʻlmasangiz, gastritdan albatta davolanishni tavsiya qilishadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Gastritda taqiqlanuvchi 7 odat