00:23 / 18.11.2019
5 216

Bosh aylanishi: sabablari nima va qanday chora ko‘rish kerak?

Bosh aylanishi: sabablari nima va qanday chora ko‘rish kerak?
Bosh aylanishi katta yoshli insonlarni shifokor qabuliga borishga majbur qiluvchi eng asosiy sabablardan biridir.
Quyida bosh nega aylanishi, uning aynan qaysi xastaliklar bilan aloqasi borligi va nihoyat undan qutulish choralari haqida ma’lumot beramiz.

Bosh aylanishi nima?
Bosh aylanishi charchoq va behuzurlikning to‘satdan paydo bo‘luvchi alomati bo‘lib, bunda insonga uni o‘rab turgan olam atrofida aylanayotgandek tuyuladi. Juda yoqimsiz hissiyot bo‘lib, deyarli hushdan ketishgacha olib borishi mumkin. Biroq, yaxshiyamki, ushbu xurujning bir o‘zi hayot uchun xavfli holatlardan darak berishi juda kam uchraydi.

Bosh aylanishi haqida 3ta fakt:
1. Bosh aylanishi alohida kasallik bo‘lmay, turli xastaliklarning alomati hisoblanadi: qon bosimi keskin tushishidan tortib, o‘ta isib ketish yoki o‘ta darajada suvsashgacha.
2. Bosh aylanishining bir xuruji hech qachon ikki haftadan ortiq vaqt davomida sodir bo‘lmaydi — bu davr mobaynida organizm noxush hisga moslashishga ulgura oladi. To‘g‘ri, vaqt o‘tib bosh aylanishi yana qaytalanishi mumkin.
3. Bosh aylanishi har qanday yoshli insonda kuzatilishi mumkin, ammo keksalarda tez-tez uchraydi — 70 yoshdan oshgan odamlarning 20 foizigacha bo‘lgan qismi bu muammoga duch kelishadi. Katta yoshlilar o‘rtasida ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq aziyat chekishadi.


Nimadan bosh aylanadi?
Agar biz migren, spirtli ichimliklar yoki ma’lum dori-darmonlarni qabul qilish bilan bog‘liq bosh aylanishi haqida qayg‘urmayotgan bo‘lsak, unda gap bosh aylanishining eng keng tarqalgan turi — yaxshi sifatli paroksizmal pozitsiyali bosh aylanishida (YaPBA). Ushbu murakkab nom oddiy ma’noga ega:

- yaxshi sifatli - bu hayot uchun xavfli emas,
- paroksizmal - to‘satdan sodir bo‘ladi, bir daqiqadan kam davom etadi,
- pozitsiyali - harakat paytida «yonadi», masalan, yotoqda yoki ba’zi holatlarda bosh yon tomonga o‘girilganda, shu jumladan oldinga egilganda,
bosh aylanishi - insonda atrofdagi hamma narsa harakatga kelayotgandek his uyg‘onadi.

YaPBA tana holatini fazoda nazorat qila olish imkonini beradigan vestibulyar apparatdagi mitti «buzilish» bilan bog‘liqdir. Ushbu organ bosh suyagiga maxsus suyuqlik bilan to‘lgan holda o‘ralgan uchta yarim doira naychasidan iborat. Kishi boshini qimirlatganda suyuqlik harakatlanadi, membranaga bosim o‘tkazadi va shu tarzda miyaga tana bo‘shliqda o‘z holatini o‘zgartirgani haqida belgi beradi.

Naychalar yonida otolit apparati joylashgan. U ikki suyuqlik bilan to‘la qopchalardan tashkil topgan bo‘lib, ularning ichida sezgir hujayralar joylashgan. Sezgir hujayralar uzra maxsus geldan kalsiy karbonati kristallari, otolitlar ko‘tariladi. Inson harakatga kelganda, kristallar joyidan siljiydi, kiprikchalarga bosim beradi va harakatning boshlanishi va tezligi haqidagi signal miyaga o‘tadi.

Otolitlar o‘z qopchalaridan «tushib ketsa» va kiprikchali sezgir hujayralarga ega bo‘lgan yarim doira naychalariga tushsa muammo paydo bo‘ladi. Ushbu hujayralarning tirnash xususiyati tufayli harakat illyuziyasi yuzaga keladi, odam shunchaki boshini o‘girsa ham bosh aylanishi kuzatiladi.


Ko‘pincha YaPBA quyidagilar natijasida yuzaga keladi:
- bakterial yoki virusli infeksiya tufayli o‘rta quloq yallig‘lanishi;
- keskin chayqalish, bosh jarohati yoki quloq sohasida jarrohlik o‘tkazilishi;
- uzoq vaqtli yotoq rejimi;
- vestibulyar apparati kasalliklari - masalan, Menera xastaligi;
- otolit organi membranasi yorilishi.
Keksa odamlarda YaPBA yoshga bog‘liq kasalliklar tufayli yuzaga kelishi mumkin, ammo ko‘pchilik bemorlarda buning sababini aniqlab bo‘lmaydi: odam yotog‘idan turadi va unda to‘satdan bosh aylanishi kuzatiladi.

Agar inson hayotida birinchi marta bosh aylanishi kuzatilayotgan bo‘lsa, eng yaxshisi:
- keskin faol harakatlardan saqlaning;
- bosh aylanishi minimal darajada namoyon bo‘ladigan tana holatini egallashga harakat qiling;
- xuruj o‘tib ketishini kuting.

Agar bir necha daqiqada yengillashmasa yoki boshqa (har qanday) alomatlar qo‘shilsa, tez yordam chaqirishingiz yoki ko‘p tarmoqli shifoxonaning qabul bo‘limiga borishingiz kerak. Agar bosh aylanishi hujumi bir necha daqiqa o‘tgandan so‘ng o‘tib ketsa ham, poliklinika shifokori bilan maslahatlashish zarur.

Statistikaga ko‘ra, ayniqsa yoshlarda, ushbu noqulay holat YaPBA, psixogen bosh aylanishi va funksional somatoform buzilishi foni sababli ro‘y beradi. Ular hech qanday tahdid solish imkoniga ega emas. Ammo bosh aylanishi birinchi marta paydo bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘tish kerak.

Shifokorga qachon murojaat qilinadi?
Bir tomondan olib qaraganda, har bir odam umri davomida kamida bir marta bo‘lsa ham bosh aylanishini his qiladi. Boshqa tomondan, YaPBAdan tashqari, bosh aylanishi suvsizlanish yoki giperventilyatsiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin yoki bu jiddiy kasalliklarning alomatlari bo‘lishi mumkin - aritmiya va insultdan tortib, qon tomir aterosklerozi yoki saratongacha. Shuning uchun deyarli barcha odamlar vaqti-vaqti bilan duch keladigan beziyon bosh aylanishini jiddiy sog‘liq muammolaridan darak beradigan bosh aylanishidan ajratishni o‘rganish juda muhimdir.

Yaxshi sifatli bosh aylanishi o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va hech qachon qaytmaydi. Noqulaylik hissini yengillashtirish uchun bir necha daqiqa yoting. Hujumdan so‘ng sekin, muloyim va ehtiyotkorlik bilan harakatlanishga harakat qiling, tez-tez dam oling va suv ichishni unutmang - bu suvsizlanishni oldini olishga yordam beradi. Chekish va alkogoldan voz keching.

YaPBA yoki ortostatik bosh aylanishi (odam to‘satdan yotgan yoki o‘tirgan holatda boshlanganda) bir necha kundan keyin, ba’zan esa bir necha soatdan keyin qaytadi. Agar bosh aylanishi bir daqiqadan ko‘proq davom etsa va muntazam ravishda takrorlansa, siz shifokor - terapevt yoki nevrolog ko‘rigiga borishingiz kerak.

Bosh aylanishi ko‘plab jiddiy kasalliklarning boshlanishi bo‘lishi mumkinligi sababli, bosh aylanishining birinchi epizodidan keyin tibbiy yordamga murojaat qilishingiz kerak - hatto u qisqa bo‘lsa ham, o‘z-o‘zidan o‘tib ketgan bo‘lsa ham. Har bir holatda o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va malakali maslahatchining tavsiyasi muhim.

Agar siz yoki yoningizdagi odamda quyidagi alomatlar kuzatilsa, bosh aylanishi jiddiy kasallikdan darak berayotganini anglatadi:
- to‘satdan paydo bo‘lgan kuchli bosh og‘rig‘i;
- ko‘krak sohasida og‘riq;
- nafas qisishi;
- oyoq-qo‘llarining uvishishi yoki falajlanish;
- hushidan ketish;
- ikki tomonlama ko‘rish;
- tez yoki tartibsiz yurak urishi;
- chalkash va noaniq nutq;
- yurish va qadam bosishda qiynalish;
- qusish;
- talvasa, ya’ni tomir tortishishi (sudoroga);
- eshitishning keskin o‘zgarishi;
- yuz mushaklari qotib qolishi yoki zaiflashishi;
- 38° C dan yuqori harorat.
Agar bosh aylanishidan tashqari, ushbu alomatlardan kamida bittasi paydo bo‘lsa, darhol tez yordam chaqirishingiz kerak.


Bosh aylanishini davolash mumkinmi?
Qoidaga ko‘ra, bosh aylanishi o‘z-o‘zidan yoki asosiy kasallik davolangandan keyin yo‘qoladi va shu vaqtgacha shifokor noqulaylikdan xalos bo‘lishga yordam beradigan dori-darmonlarni buyurishi mumkin. YaPBAni ham muvaffaqiyatli davolash mumkin.

- YaPBAni davolashning asosiy usuli otolit zarralarini labirint boshlanish qismidagi yarim doira naychalardan qaytarishga xizmat qiluvchi repozitsion nayranglarni ishga solishdan iboratdir. Bunday davolanishning samaradorligi 95 foizga yetadi. Dori-darmonlar bilan davolash ikkilamchi YaPBAda har doim individual tarzda buyuriladi.

YaPBA xurujlari takrorlanishini oldini olish va «vestibulyar apparatni chiniqtirish» uchun bemorlarga vestibulyar gimnastika va/yoki Brandt-Daroff mashqlarini bajarish foydali bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan, qon bosimining pastligi jiddiy, hayot uchun xavfli vaziyatlarni (ichki yoki oshqozon-ichak traktidan qon ketishi, infarkt, insult, anafilaktik yoki septik shok) istisno qilishni va ularni tezkor va malakali davolashni talab qiladi.

Agar biz «deyarli sog‘lom odam» haqida gapiradigan bo‘lsak va ortostatik bosh aylanishi hushidan ketishdan darak bersa, bemorni gorizontal holatda yotqizish va oyoqlarini baland holatga keltirish kifoya. Bunday ortostatik bosh aylanishining eng xarakterli misoli - homiladorlik paytida yoki uzoq muddatli safga jalb qilingan yangi askarlarda kuzatiladi.

Agar bunday holatlarning sababi aniqlansa va hayot uchun xavf tug‘dirmasa, bemorlarga uzoq vaqt davomida tik turmaslik, tananing holatini o‘zgartirib turish, yurish va bosh aylanishi alomatlari paydo bo‘lganda, o‘tirishga yoki yotishga harakat qilish tavsiya etiladi.

Ko‘pincha siquvchi paypoq kiyish foydalidir - bu oyoqning pastki qismida venoz kanali hajmini qisqartirishga yordam beradi.

Keksa bemorlarda muntazam pasayuvchi qon bosimi fonida bosh aylanishini davolash qiyin klinik vazifa bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda bosh aylanishi odatda juda muhim bo‘lmagan alomatdir. Bunday bemorlarni muvaffaqiyatli davolash uchun, qoida tariqasida, bir nechta mutaxassislik shifokorlari ishtiroki talab etiladi.

Xulosa
1. Har bir odam hayoti davomida hech bo‘lmaganda bir marta bosh aylanishiga duch keladi. Agar bosh aylanishi xuruji qaytalanmasa, demak, hech qanday ko‘ngilsiz holat sodir bo‘lmagan. Ozroq dam olishning o‘zi yetarli.
2. Ko‘pincha «g‘ayritabiiy» bosh aylanishi ichki quloq kasalliklari va ortostatik muammolar bilan bog‘liq. Agar bosh aylanishi muntazam takrorlansa va bir daqiqadan ko‘proq davom etsa, shifokor bilan maslahatlashish kerak.
3. Ba’zida bosh aylanishi jiddiy kasallikning alomati bo‘la oladi. Agar sizning yoningizdagi odam bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, ko‘z ikkilanishi, ko‘krak og‘rig‘i, talvasa, nutq buzilishi va yurish qiyinlashishi kuzatilsa, zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Bosh aylanishi: sabablari nima va qanday chora ko‘rish kerak?