Koronavirus: U qanday yuqadi va undan qanday himoyalanish mumkin?

  • 25 yanvar 2020, 08:27
  • 5 351
  • Tibbiyot
  • Koronavirus: U qanday yuqadi va undan qanday himoyalanish mumkin?
    Hozirgi kundagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu, bu shubhasiz Xitoyning Uxan shahridan tarqala boshlagan virusdir. Hududi uzoq, tarqala boshlangan muddati qisqa bo‘lishiga qaramay bu koronavirus butun insoniyatni hadikka soldi va qator savollarni keltirib chiqardi.

    Nega bu kasallikka e’tibor kuchli?
    Bu koronavirus fanga 2002 yildan buyon ma’lum bo‘lishiga qaramay, shu paytga qadar tarqalish xavfi pastligi uchun yetarli darajada o‘rganilmagan va unga qarshi samarali vositalar ishlab chiqilmagandi. Qolaversa, yuqumli kasalliklarning oldini olishda eng keng qo‘llanadigan vaksinalar ham bu virusga qarshi yaratilmagan.

    Umuman, so‘nggi yillardagi qator viruslarga qarshi vaksina yaratish ortda qolmoqda. Sababi, virus tez mutatsiyaga uchraydi va unga qarshi vositalar befoyda bo‘lib qoladi. Vaksina ishlab chiqish ko‘p muddat va mablag‘ talab qiladigan jarayon, ishlab chiqib bo‘linganda esa ahamiyatini yo‘qotishi mumkin.

    Aynan bu virus bu qadar keng shov-shuv bo‘lishining yana bir jiddiy sababi – u Xitoyda paydo bo‘lganidir. Aholi nihoyatda zich va qo‘shni davlatlar bilan aloqalar behad tig‘iz bo‘lgan bu mamlakatda virusning tarqalish xavfi juda yuqori. Lekin shu bilan birga Xitoy bunday kasalliklarga qarshi kurashishda ham katta tajriba to‘plagan.

    O‘lim xavfi
    O‘lim xavfi bor. Ammo hozir vahima qilinayotgan darajada emas. Avvalo o‘lim nima sababdan kelib chiqayotganiga e’tibor berish lozim. Ayni bu virus o‘pkani jiddiy zararlashi ortidan ko‘p kishining umriga zomin bo‘lmoqda. Qolaversa, har qanday yuqumli kasallik singari organizmning umumiy holati ham juda muhim. Kimdir ayni kasallikni oddiy shamollashdek o‘tkazsa, kimdir asoratlar ortidan vafot etishi mumkin. Lekin o‘pka va boshqa ichki a’zolar jiddiy zararlangan taqdirda ham o‘lim holati 30-35 foiz atrofida kuzatilishi aniqlangan.

    Ya’ni, o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolanish kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lishni anglatsa, eng og‘ir holatlarda ham yashab ketish imkoniyati nisbatan yuqori. Hozirgacha vafot etgan 26 kishi orasida eng yoshi 48 yoshda, eng keksasi esa 89 yosh bo‘lgan. Virusdan zararlanganlar soni so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra 900 nafarni tashkil etmoqda.

    Bu virus qanday yuqadi va undan qay tartibda himoyalanish mumkin?
    Bu virusning ilk manbai jonivorlar ekani ma’lum bo‘lgan. Uxanda ham dengiz mahsulotlari, qushlar, ilon, quyon va boshqa hayvonlar sotiladigan bozor infeksiya o‘chog‘i ekanligi aniqlangan. Shuningdek, bu virusning dastlabki manbasi ko‘rshapalak ekanligi bo‘yicha taxminlar bor. Ma’lumki, bu jonivor Xitoyda keng iste’mol qilinadi.

    Odamdan odamga yuqsada, koronavirusni gripp bilan adashtirmaslik lozim, kechishi o‘xshash bo‘lsada, bular butunlay boshqa kasalliklar.
    Himoyalanishda eng muhimi tozalikka rioya qilish, jamoat joylari va virus xavfi bo‘lgan hududlarda niqobsiz yurmaslik, qo‘llarni sovunlab yuvish juda muhim.

    Virus ataylab tarqatilyaptimi?
    Har qanday kasallik epidemiyasida bu yangi dard insoniyatni qirish yoki dori vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning sotuv hajmini oshirish maqsadida tarqatilgani haqidagi nazariyalar paydo bo‘ladi va ba’zida jiddiy ekspertlar ham bu gaplarni tasdiqlashadi. Lekin odatda bu taxminlar o‘z tasdig‘ini topmaydi.

    Qolaversa, 1000 kishi kasallangani va 30 kishi halok bo‘lishi dunyo miqyosida shu qadar kichik raqamlarki, odamlarni ajal sari yetaklagan boshqa kasalliklar bilan solishtirilganda hamma gap vahimaga borib taqalishi ayon bo‘ladi.

    Abror Zohidov.

    » » Koronavirus: U qanday yuqadi va undan qanday himoyalanish mumkin?