15:17 / 17.11.2016
18 253

Abu Rayhon Beruniy: “Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi”

Abu Rayhon Beruniy: “Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi”

Sharqshunos olim Yu.Krachkovskiy dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan buyuk bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniyga «Uning qiziqqan ilm sohalaridan ko‘ra, qiziqmagan sohalarini sanab o‘tish osondir», deb baho bergan edi. Darhaqiqat, u shu qadar keng miqyosli izlanishlar olib borgan va hozirgi zamon kishilarini ham hayratga soladigan natijalarga erishgan. U arab, so‘g‘d, fors, suryoniy, yunon, sanskrit tillarini bilgan va bu Beruniyga mazkur tillardagi asarlar bilan chuqur tanishish imkonini bergan.

Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Beruniy 16 yoshidan boshlab astronomik izlanishlar ustida ish olib borgan. Uning astronomiya, geografiya, matematika fanlariga oid «Geodeziya», «Mas’ud qonuni» kabi asarlari dunyo ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shdi. «Hindiston» nomli shoh asari G‘arb va Sharq olimlari, shu jumladan, hozirgi zamon hind olimlari tomonidan yuksak baholangan. Allomaning «Mineralogiya» asari o‘z zamonasi uchun Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq, hatto Evropada ham mineralogiya sohasida eng yaxshi, tengi yo‘q asar, sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, «Dorivor o‘simliklar haqida kitob»i XX asrning 30-yillarida ham Turkiyada asosiy qo‘llanma vazifasini o‘tagan. Xalq orasida «Saydana» nomi bilan mashhur bo‘lgan mazkur asar Sharq mamlakatlari, ayniqsa, Markaziy Osiyoda o‘sadigan dorivor o‘simliklarning to‘la tavsifi berilgani bilan ahamiyatli.

— Osmon jismlarini geometrik tushuntirish asosida Beruniy Kopernikdan bir necha asr avval Erni koinotning markazi deb biluvchi geosentrik nazariyani inkor etgan holda, quyoshni koinot markazi deb o‘rgatuvchi geliosentrik qarashni ilgari surgan, — deydi Qarshi davlat universiteti qoshidagi 4-akademik liseyning tarix fani o‘qituvchisi Abdusattor Qodirov. — «Geodeziya» asarida Beruniy geosentrizm bilan bog‘liq ba’zi nazariyalarning to‘g‘riligiga shubha bilan qaraydi. Beruniy harakat traektoriyasi va osmon yoritqichlari shaklining ellipsoid ekanligi haqida birinchi bo‘lib fikr yuritgan olimlardan bo‘lib, joylarning geografik uzoqligini, kengligini aniqlash yo‘llarini tanlab olishda muhim yangilikka qo‘l urdi. U trigonometriyani, geometriyani keng qo‘llash orqali o‘zidan oldingi astronomlarga nisbatan ancha aniq natijalarga erishdi. Buyuk olim Er yuzasining har bir qismi o‘zining uzoq tarixiy taraqqiyotiga ega ekanligini qayd etadi.

Markaziy Osiyoning ba’zi mintaqalari, shu jumladan, Amudaryo vodiysining geologik rivojlanishini birinchi marta jiddiy o‘rganishga harakat qilgan ham Beruniydir. Uning Amudaryo vodiysining geologik o‘tmishi va Orol dengizining paydo bo‘lishi haqidagi xulosalari o‘sha zamonning eng muvaffaqiyatli geologik tahlillaridan biridir. Olim «Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi» degan nazariyaga suyanadi. Beruniyning foydali qazilmalar qatlamining paydo bo‘lishi, jinslar emirilishining ahamiyati, tog‘ jinslarining nurashi haqidagi xulosalari katta ilmiy ahamiyatga ega.

Dunyo ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan Beruniyning saylanma asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Fan sohasida esa Beruniy nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi.

Quyida ulug‘ bobokalonimizning hayotiy kuzatishlari asosida yuzaga kelgan hikmatli so‘zlaridan parchalar keltiramiz.

Odamgarchiligi bor mard kishi o‘zidan va o‘ziniki ekanligiga hech kim tortishib o‘tirmaydigan narsadan boshqasiga egalik qilmaydi.

* * *

Ne’matning qadri u yo‘qolgandagina bilinadi.

* * *

Odamlarning tuban darajalisi ham o‘zidan tubanroq bo‘lgan birovga egalik va raislik qilishdan xoli emas.

* * *

Bugunning chorasini ko‘rib, ertaga ehtiyoji qolmagan kishi aqllidir.

* * *

Asalarilar ham o‘z jinsidan bo‘laturib, ishlamay, uyadagi asalni bekorga eb yotadiganlarini o‘ldirib tashlaydilar.

* * *

Minnat qilish berilgan ehsonni yo‘qqa chiqaradi.

* * *

Ikkala da’vogar rozi bo‘lishibdi-yu, qozi rozi bo‘lmabdi.

* * *

Har bir kun uchun haq va haqiqat hozir narsa.

* * *

Tenglik hukm surgan joyda sotqin, aldamchi ehtiroslar, g‘am-g‘ussa bo‘lmaydi.

* * *

Ulug‘ hodisalar har vaqt yuz beravermaydi.

* * *

Buzuq niyatli va yomon axloqli kishilar o‘rtaga kirib olishi bilan ish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

* * *

O‘z istagiga erishishga taqdir yordam bermagan kishiga malomat qilinmaydi.

* * *

Komil narsa ortiqchalikni ham, kamchilikni ham qabul etmaydi.

* * *

Yolg‘onchilikdan chetlanib, rostgo‘ylikka yopishgan kishini boshqa odam u yoqda tursin, yolg‘onchining o‘zi ham sevib maqtaydi.

* * *

Tillarning turlicha bo‘lishiga sabab — odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida bir-biriga ehtiyoj tug‘ilishidir.

* * *

Hasad bilan g‘azab ikki qanot bo‘lib harakatga kelsa, toza va chiroyli hayotlarni xira va kuduratli qilib yuboradi.

* * *

Haddan ortiq g‘azab vahshiylik keltiradi va bevaqt qilingan lutf obro‘ni ketkazadi.

Zamira RO‘ZIEVA tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Abu Rayhon Beruniy: “Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi”