23:21 / 06.12.2016
8 525

O‘zbekistonda 2018 yildan elektron vizalar tizimi ishlaydi

O‘zbekistonda 2018 yildan elektron vizalar tizimi ishlaydi

Bugun O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni O‘zA tomonidan e’lon qilindi. Mazkur farmonga berilgan sharhda shunday deyiladi:

Xorijiy turistlar uchun mamlakatimiz jozibadorligini oshirish maqsadida davlatning viza siyosatini tubdan liberallashtirishni nazarda tutuvchi Farmonning eng muhim jihati quyidagilardan iboratdir:

2017 yilning 1 aprelidan boshlab 15 ta davlat, shu jumladan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya kabi davlatlarning turistlari, shuningdek 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga keluvchi 12 davlat, shu jumladan Belgiya, Indoneziya, XXR (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSh, Fransiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning fuqarolari uchun viza rejimi butunlay bekor qilinadi;

barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona turizm vizalari joriy etiladi, vizalar olish, shu jumladan viza olish so‘rovnomalarini to‘ldirishning onlayn tizimidan foydalangan holda olish tartibi sezilarli ravishda soddalashtiriladi, shuningdek 2018 yildan boshlab elektron vizalar tizimi joriy etiladi.

Mazkur tartib-qoidalar O‘zbekistonning turizm sohasidagi ijobiy qiyofasini yuqori darajaga ko‘tarish, mamlakatga turistlar oqimini talay darajada ko‘paytirish, shuningdek, mazkur sohadagi ishbilarmonlik faoliyatini kuchaytirish imkonini beradi.

Aeroportlar, vokzallar hamda davlat chegarasi orqali boshqa o‘tish punktlarida xizmat ko‘rsatish sifati va saviyasini tubdan oshirish xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlarida qulay shart-sharoitlar yaratilishining muhim omili hisoblanadi. Farmonda shu maqsadlarda quyidagilar nazarda tutiladi:

2017 yilning 1 apreligacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun “yashil yo‘lak” bojxona nazorati tizimini, pasport va bojxona nazoratidan o‘tishning, bagajni olishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish hamda transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish;

aeroportlar va vokzallarda rezidentlar va norezidentlarning pasport nazoratidan alohida-alohida o‘tishlarini tashkil qilish;

aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida qulay turizm axborot makonini, shu jumladan turizm-axborot punktlari faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni amalga oshirish asosiy transport uzellarida xizmatlar ko‘rsatish sifatining eng ilg‘or jahon standartlariga mos kelishini ta’minlashga, mamlakat xalqaro aeroportlari va vokzallarining reytingini oshirishga qaratilgandir.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda 2018 yildan elektron vizalar tizimi ishlaydi