00:25 / 01.01.2017
7 049

«Sinovlar el-yurtimizni yanada birlashtirdi» — Shavkat Mirziyoyev

«Sinovlar el-yurtimizni yanada birlashtirdi» — Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Prezidenta Shavkat Mirziyoyev mamlakat xalqini Yangi yil bilan tabrikladi. Davlat rahbari teletabrikni bevosita o‘zi yo‘lladi.

«Siz, muhtaram otaxon va onaxonlar, mehribon opa-singillarimiz, navqiron yoshlarimiz, butun xalqimizni yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va quvonch tilayman», — dedi Prezident.

«Poyoniga etayotgan 2016 yilda yurtimiz hayotida yaxshi kunlar, ulkan yutuq va marralar ko‘p bo‘ldi. Shu bilan birga, afsuski, boshimizga og‘ir tashvish va sinovlar ham tushdi. Lekin bu sinovlar el-yurtimizni yanada birlashtirdi. Mard xalqimizning matonati tufayli biz bu sinovlardan ham munosib o‘tdik», — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Yakuniga etayotgan yil avvalo mustaqil Vatanimiz 25 yoshga to‘lgan yil sifatida tariximizda o‘chmas iz qoldirmoqda. O‘tayotgan yilni dehqon va fermerlarimiz, ishchi va quruvchilar, o‘qituvchi va shifokorlar, jasur harbiylarimiz, olimlar, ijodkor ziyolilar — barcha kasb egalari o‘z sohalari bo‘yicha yorug‘ yuz bilan yakunladilar. Ayniqsa, yurtimiz sportchilari Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlarida erishgan beqiyos yutuqlar mamlakatimiz shuhratini butun dunyoda yanada yuksaltirdi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘tib borayotgan yildan rozi bo‘lib, har qancha shukrona aytsak arziydi», — dedi davlat rahbari.

«Biz kirib kelayotgan 2017 yilga „Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili“ deb nom berdik, — davom ettirdi u. — Buning negizida „Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘“ degan olijanob maqsad va vazifalar yotibdi. Yangi yilda bu boradagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda barchamizning, avvalo, rahbar va etakchilarning bir jonu bir tan bo‘lib, astoydil mehnat qilishlariga ishonaman».

«Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash bundan buyon ham asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi», — deb ta’kidladi Prezident.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Sinovlar el-yurtimizni yanada birlashtirdi» — Shavkat Mirziyoyev