10:58 / 30.12.2016
5 840

Ketayotgan Obamadan “syurpriz”: Rossiyaga qarshi sanksiyalar va diplomatlarning chiqarib yuborilishi

Ketayotgan Obamadan “syurpriz”: Rossiyaga qarshi sanksiyalar va diplomatlarning chiqarib yuborilishi

AQSh hukumati payshanba kuni bir qator Rossiya fuqarolari va kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritilishi haqida ma’lum qildi. Ular Amerika siyosiy institutlariga kiberhujumlarni amalga oshirganlikda ayblandi, deyiladi Kun.uz sayti.

Bundan tashqari, Vashington mamlakatdan 35 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuboradi. Ular razvedka faoliyatini olib borganlikda ayblandi. Shuningdek, AQSh hududida Rossiyaning ikkita diplomatik idorasi ham yopilmoqda. Bundan tashqari, Vashington Moskvani Rossiyada ishlovchi amerikalik diplomatlar va tashkilotlarni ta’qib qilishda ham ayblagan.

Kremlda esa bunday xatti-harakatlarni “uch haftadan so‘ng ketayotgan kishilarning tajovuzkor akti”, shuningdek AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning yangi ma’muriyatiga zarar etkazishga urinish, deb baholashgan. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva tegishli tartibda javob choralarini qo‘llashi, biroq bu borada shoshmasligi haqida ma’lum qildi.

So‘nggi oylarda Rossiyaning AQShdagi saylovlarga elektron tizimlarni buzib kirish orqali ta’sir ko‘rsatgani borasidagi ayblovlar bir qator amerikalik amaldorlar va turli darajadagi siyosatchilar tomonidan keng muhokama qilindi. AQSh razvedka hamjamiyati rasmiy vakillari saylovlar tizimlariga uyushtirilgan kiberhujumlar ortida rossiyalik xakerlar turgani haqida ma’lum qilishdi. Keyinchalik MRB (Markaziy razvedka boshqarmasi) Rossiyani Demokratik partiya serverlarini buzib kirishda aybladi. Bu Donald Trampga saylovlarda g‘alaba qozonishga yordam berish maqsadida amalga oshirilgani aytilgan.

Prezident Barak Obama esa dekabrda lavozimidan ketishidan avval bu boradagi isbotlarning bir qismini taqdim etishi hamda sanksiyalar kiritishga va’da bergandi.

Payshanba kuni chop etilgan sanksiyalar ro‘yxatida Rossiya bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Korobov, birinchi o‘rinbosarlari Vladimir Alekseev va Igor Kostyukov, o‘rinbosari Sergey Gizunov bor. Noyabrda esa rossiyalik Aleksey Belan FQB (Federal qidiruvlar byurosi) tomonidan kiberjinoyatlari uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgandi.

Shuningdek, Rossiyaning beshta mahkamasiga nisbatan sanksiyalar kiritildi – Federal xavfsizlik xizmati (FSB), Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi bosh razvedka boshqarmasi (GRU), “Ma’lumotlarni yaratish va qayta ishlash professional assosiasiyasi”, “Maxsus texnologiyalar markazi” va ma’lumotlarni himoya qilish shug‘ullanuvchi “SOR Sekyuriti” kompaniyasi.

Bundan tashqari, AQSh hukumati qaroriga ko‘ra Vashington va San-Fransiskoda bo‘lgan 35 rossiyalik diplomatga mamlakatni 72 soat ichida tark etishlari belgilab qo‘yildi. Obama ularni “josuslar” deb atagan bo‘lsa, davlat departamenti “ularning harakatlari diplomatik yoki konsullik maqomiga ega emas”ligini ma’lum qildi.

AQSh FQB va ichki xavfsizlik vazirligi Amerika partiyalaridan birining serverlariga uyushtirilgan kiberhujumlar haqida hisobot taqdim etishdi. Bu holat prezidentlik saylovlari vaqtida yuz bergan hamda ularda rossiyalik fuqarolar va mahkamalarni ayblashmoqda. Aynan qaysi siyosiy partiya serverlari buzib kirilgani ma’lum qilinmagan. Shuningdek, AQSh hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, xakerlar 2015 yilda taxminan ming kishiga (ular orasida AQSh rasmiy shaxslari ham bo‘lgan) zararli kodga ega maktublar jo‘natishgan. Buning oqibatida xakerlar tizimga kirishga muvaffaq bo‘lishgan, deyiladi hisobotda.

Obama esa Rossiyaga qarshi sanksiyalar “AQShdagi saylovlarga aralashgani” uchun kiritilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u “AQSh diplomatlariga bo‘lgan bosim” haqida ham gapirgan. Moskva bu ayblovlarni rad etmoqda.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya bu ayblovlarga keskin qo‘shilmasligini ma’lum qildi.

“Biz bunday qarorlar va sanksiyalarni asossiz, deb hisoblaymiz hamda ular xalqaro huquq nuqtai nazaridan noqonuniydir. Bunday harakatlar munosabatlarning keskin yomonlashuviga olib keladi. Bu kutilmagan tajovuzkorlik harakati”, - dedi u.

Peskovning qo‘shimcha qilishicha, “javob choralari Amerika tomoniga jiddiy noqulaylik keltirib chiqarishi aniq”.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ketayotgan Obamadan “syurpriz”: Rossiyaga qarshi sanksiyalar va diplomatlarning chiqarib yuborilishi