16:24 / 07.10.2017
10 952

“Baliq yomg‘iri”: tabiat mo‘’jizasimi yoki g‘ayrioddiy hodisasi?

“Baliq yomg‘iri”: tabiat mo‘’jizasimi yoki g‘ayrioddiy hodisasi?
Har joyning o‘z toshu tarozi bor deganlaridek, har bir yurtning o‘ziga xos g‘alati tabiati ham bo‘larkan. Masalan, Gondurasda ham ana shunday g‘aroyib hodisa ro‘y berib turadiki, uni eshitib haqiqiy mo‘’jiza deysiz.

Bu mamlakatda yomg‘ir mavsumi bizdagi yoz chillasidan, ya’ni iyun oyidan to oktyabrgacha davom etadi. Nima ham qila olishardi, hududning o‘ziga xos tabiati shunaqa...

Ammo, bu yomg‘ir mavsumini mamlakatning 18 ta departamentidan bittasi — Yoroda intizorlik bilan kutishadi.

Chunki, aynan iyunda bu yerda hech bir qarmoqsiz, hech bir to‘rsiz baliq ovlash mumkin. Ha, muhtaram o‘quvchi, siz hozir xayolingizda yuz bitta taxminni o‘tkazdingiz, lekin aslida...

Iyun oyida Yoroda baliq xuddi “Chalpak yoqqan kun” ertagidagidek osmondan yog‘adi, biroq, tabiiyki, yiliga faqat bir mavsum davomida...

“Baliq yomg‘iri” anchadan buyon davom etadigan “an’ana”. Shu bois mahalliy hokimiyat oxir­oqibat bu g‘aroyib hodisani chinakam bayramga aylantirishga qaror qildi. “Yomg‘ir”dan so‘nggi kun — dam olish kuni deb e’lon qilindi!

“Baliq yomg‘iri” festivali Yoro departamentida 1998 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Bunday g‘aroyib hodisani kuzatish uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan yiliga minglab sayyohlar tashrif buyurishadi.

Mahalliy xalq ham, sayyohlar ham bunday “mo‘’jiza”ning sababini bilishni istaydi.

Bu “g‘aroyib yomg‘ir” doim bir xil ssenariy bo‘yicha yuz beradi... Xullas, iyun-iyul oyining mo‘’jizaviy bir kunida to‘satdan (qaysi kunligini hech kim oldindan aytib berolmaydi) osmonni to‘satdan qop­qora bulut qoplab chaqmoq chaqa boshlaydi, momoqaldiroq gumburlaydi, shiddatli dovul esa duch kelgan narsani o‘rab osmonu falakka ko‘taradi. Bunday to‘polon ikki­uch soat davom etadi va to‘satdan bir lahzada to‘xtaydi.

To‘polondan so‘ng tevarak atrof baliqlarga to‘lib-toshgan bo‘ladi! Bu hodisaga o‘rgangan mahalliy aholi shu zumdayoq qo‘llariga savatlarini olib baliq tergani oshiqadi...

Bir necha kun Yoro aholisi turli xil baliqlarni istaginicha: qovurib, pishirib, dimlab tanovvul qiladi.

Tanovvul davomida har galgidek bu safargi “yomg‘ir” qanday ro‘y berganligini muhokama qilishadi.

Mavzu yangi bo‘lmasa-da har gal dolzarb suhbat tus oladi. Ammo, hech kim buning aniq sababini aytib bera olmaydi. Shu bois bu muhokamalar har gal qolgan joyidan davom ettirilaveradi...

Dunyo olimlar mazkur voqea-hodisaga turli taxminlarni ilgari surishgan. Biroq hech birida ilmiy asos yo‘q... Axir bunday dovul qirg‘oqqa tutash hududlarda deyarli kunora bo‘lib turadi, “yomg‘irdan tushgan” baliqlar esa odatda suv tubida yashab ko‘payadigan baliqlar turiga mansub bo‘ladi.

Ushbu “g‘aroyib yomg‘ir” o‘rta asrlarga xos tarixiy hujjatlarda, xususan rassomlarning “qaydnomalarida” muhrlangan.

Masalan, XIX asrga taalluqli ingliz karikaturasida xonakilashtirilgan hayvonlar, yaniqrog‘i “it va mushuklar yomg‘iri” aks ettirilgan.

Olaf Magnus qalamiga mansub 1555 yilda chizilgan karikaturada ham “baliq yomg‘iri” aks ettirilgan.

Shunga o‘xshash holat Singapur aholisi tomonidan ham badiiy tasvir orqali izohlangan.

“Baliq yomg‘iri” — tabiat mo‘’jizasimi yoki g‘ayrioddiy hodisasi, bu hozircha noma’lum.

Anig‘i shuki, har bir kishi bir yil davomida kamida 3–4 marta baliq tanavvul qilishi lozim. Uning tarkibida organizm uchun muhim mikroelementlar bor.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, yiliga o‘rtacha vazndagi kishi uchun 14–17 kg baliq go‘shti iste’mol qilish — fiziologik me’yor hisoblanadi.

Bu me’yor ichida “baliq yomg‘iri” nazarda tutilmagani rost...

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Baliq yomg‘iri”: tabiat mo‘’jizasimi yoki g‘ayrioddiy hodisasi?