16:56 / 03.11.2017
22 222

Ikkinchi jahon urushi yuz bermasligi mumkin ekan, agar Gitlerni…

Ikkinchi jahon urushi yuz bermasligi mumkin ekan, agar Gitlerni…
Aberdin universiteti professori, Adolf Gitler hayoti va siyosiy faoliyati bo‘yicha mutaxassis Tomas Veber hozirga qadar tarixchilar uchun noma’lum bo‘lgan hujjatni qo‘lga kiritgan. Guardian nashri bergan xabarga ko‘ra, Veberning topilmasi Gitlerning siyosiy faoliyatida burilish yasalishining asl sababini tushunishga yordam beradi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1919 yilda Adolf Gitler Germaniya Sotsialistik partiyasiga a’zo bo‘lish istagini bildiradi. U partiya nashriyotiga tashrif buyurib, partiyaga qarashli gazeta uchun maqolalar yozishni taklif qiladi. Ammo partiya rahbariyati uning taklifini rad etgan.

Myunxendagi Tarix instituti arxividan topilgan hujjat Sotsialistik partiya asoschisi va o‘sha paytdagi rahbari Hans Georg Grassingerning ko‘rsatmasi bo‘lib, unda qayd etilishicha, Gitler partiyaga a’zo bo‘lish uchun tashrif buyurgan vaqtda Grassingerdan qarz ham so‘ragan.

Professor Veberning aytishicha, Germaniyaning eng yirik partiyasi tomonidan a’zoligi rad etilishi Gitlerni natsistlar partiyasiga qo‘shilishiga sabab bo‘lgan. Tarixchi Gitlerning sotsialistlar safiga kira olmagani uning keyingi siyosiy faoliyatida hal qiluvchi rol o‘ynaganini aytadi.

Agar Gitler Sotsialistik partiyaga qabul qilingan taqdirda, u raqobat juda kuchli bo‘lgan nufuzli partiyada yuqori darajaga chiqa olmasligi va tabiiyki, ikkinchi jahon urushi ham yuz bermasligi mumkin edi, deb hisoblaydi Tomas Veber.

Germaniya Sotsialistik partiyasi 20 yillar boshida natsistlardan ko‘ra ancha nufuzli bo‘lgan va o‘sha paytdagi natsistlar yetakchilari partiyani sotsialistlar safiga qo‘shishni orzu qilganlar. Veberning fikricha, agar Gitler Sotsialistik partiyaga qo‘shilgan va natsistlar sotsialistlar bilan ittifoqchiga aylanganida, tarix butunlay boshqacha ko‘rinish olishi mumkin edi.

Sotsialistlar safiga qabul qilinmagan Adolf Gitler nisbatan kuchsiz bo‘lgan natsistlar tomonidan qabul qilinadi. Yosh partiyaga esa yangi yetakchilar zarur edi. 1921 yilda esa bo‘lajak dohiy partiya rahbariga aylanadi. Ammo alamzada Gitlerda Sotsialistik partiyaga qarshi nafrat shakllanib qolgan edi.

«Bu hammaning nazaridan qolib ketgan tarixdir. U Gitlerning Germaniya Sotsialistik partiyasiga qarshi nafratini oxir-oqibat tushunib olishimizda yordam berdi. Agar Gitlerning partiya a’zoligi rad etilmaganda, natsistlar Germaniya Sotsialistik partiyasi ta’sirida yo‘q bo‘lib ketgan va voqealar boshqacha yo‘nalishda rivojlangan bo‘lardi», – deydi germaniyalik olim.

Tomas Veberning Fashistlar Germaniyasiga oid tadqiqotlari natijasi bo‘lgan «Gitlerning yuzaga chiqishi: Natsizmni qurish» nomli Oksford universiteti nashriyotida yaqin orada chop etilishi kutilmoqda. Ma’lumot uchun, 43 yoshli Tomas Veber Germaniyaning XX asrdagi tarixi va gitlershunoslik bo‘yicha yetakchi mutaxassis sanaladi. Avvalroq olimning birinchi jahon urushida Gitlerning ishtirokiga bag‘ishlangan ikkita kitobi nashr qilingan.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ikkinchi jahon urushi yuz bermasligi mumkin ekan, agar Gitlerni…