08:30 / 13.11.2017
5 807

Tramp Putinga ishonishini aytdi, Putin esa uni tarbiyali inson deb atadi

Tramp Putinga ishonishini aytdi, Putin esa uni tarbiyali inson deb atadi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh davlat rahbari Donald Tramp shanba kuni Vetnamdagi sammit doirasida qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazib, Suriya bo‘yicha qo‘shma bayonotni muvofiqlashtirishdi. Putin o‘tgan yili Amerika prezidenti saylovlariga Moskvaning aloqasi yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi. Kun.uz shu haqida xabar berdi.

Ikki davlat rahbarining ushbu uchrashuvi iyul oyidan beri bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvidir. Rossiya prezidenti AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashganiga doir ayblovlarni yana bir bor rad etdi, Tramp esa Putinga ishonishini aytdi.

"U har safar men bilan uchrashganida bunday qilmaganini aytadi va men unga haqiqatda ishonaman", - dedi Danang kurort shahardan Vetnam poytaxti Xanoyga qarab yo‘l olayotgan Tramp.

"O‘ylashimcha, bu unga nisbatan haqoratdir va bu bizning mamlakatimiz sha’niga yaxshi ish emas", - deydi AQSh davlat rahbari.

Respublikachilar bilan raqobatlashuvchi Demokratlar partiyasi siyosatchilari Tramp saylov oldi kampaniyasining Moskva bilan aloqadorligiga doir dalillarni topishga urinishmoqda. Maxsus prokuror Robert Myuller esa bu borada alohida tergov olib bormoqda, uning doirasida shtabning sobiq rahbari Pol Manafort va uning maslahatchisi Rik Geytsga nisbatan ayblovlar qo‘yildi. Respublikachi prezidentning o‘zi esa Kreml bilan kelishuvga doir bayonotlarni "safsata" deb atamoqda.

Amerika maxsus xizmatlarining xulosasiga ko‘ra, elektron tizimlarni buzib kirish, shuningdek soxta yangiliklar va targ‘ibotlarni tarqatishni o‘z ichiga olgan operatsiyaga shaxsan Putinning o‘zi rahbarlik qilgan, maqsad - Xillari Klintonni diskreditatsiya qilib, Trampning g‘alabasini ta’minlash bo‘lgan.

Rossiya tomon mazkur ayblovlarni bir necha marotaba inkor etgan.

Danangdagi sammit yakunlari bo‘yicha o‘tgan matbuot anjumanida Putin Manafortni Rossiya bilan taxminiy aloqadorlikda ayblashdan Trampning raqiblari manfaatdor ekanini aytgan.

"Rossiya bilan yagona aloqa - bu uning Amerika piar agentligi rahbari va ehtimol, egasi sifatida shu sohada ishlaydiganlar bilan ishbilarmon sifatida shartnomalar imzolaganidadir, u Ukraina bilan, shu jumladan sobiq prezident Yanukovich bilan ham ishlagan. Biroq buning Rossiyaga qanday aloqasi bor, tushunmayman. Hech qanday! Shunchaki quruq safsata va AQShning amaldagi prezidentiga qarshi kurash uchun har narsani bahona qilish. Shunday bo‘lsa-da, yana bir bor takrorlayman, bu bizning ishimiz emas, o‘zlari hal qilishsin", - dedi RF prezidenti jurnalistlarga.

Vetnamdagi sammit doirasida ikki mamlakat prezidenti Suriya bo‘yicha qo‘shma bayonotni muvofiqlashtirishdi. Kremlga ko‘ra, hujjat Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Reks Tillerson tomonidan prezidentlarning Danangdagi uchrashuvi uchun maxsus tayyorlangan.

"Prezidentlar Suriyadagi mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini qo‘llab-quvvatlashgan. Ular vaziyat bo‘yicha yakuniy xulosalar BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga muvofiq, Jenevadagi jarayonlar doirasida ma’lum bo‘lishi kerakligini tasdiqlashdi", - deya xabar beradi Kreml.

Ikki davlat rahbari shuningdek suverenitet, mustaqillik, birlik, hududiy yaxlitlik va Suriyaning dunyoviy xarakteriga sodiqlikni tasdiqlashdi va Suriyadagi barcha tomonlarni Jenevadagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishga va uning muvaffaqiyatini ta’minlashga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirishdi.

Trampning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, ular "Putin bilan juda tez kelishib olishgan (Suriyaga doir bayonot bo‘yicha)": "Bir-birimizni u qadar yaxshi bilmasak-da, munosabatlarimiz yomon emas".

Putin Tramp bilan muloqotdan keyin uni "tarbiyali va birga ishlash uchun o‘zaro muloqotda qulay inson" deya ta’rifladi.

"Bilasizmi, men uning odatlaridan bexabarman, biz yaxshi tanish emasmiz hali. Biroq Qo‘shma Shtatlar prezidenti o‘zini yuksak darajada to‘g‘ri, yaxshi niyatli inson sifatida tutmoqda va biz yaxshi muloqot olib bormoqdamiz", - dedi Putin.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Vetnamda u va Putin o‘rtasida ikki-uch juda qisqa muloqot bo‘lib o‘tgan.

Danangdagi telesyujetlarda sammit doirasidagi suratga tushish jarayonlarida Putin va Trampning iliq muloqotga kirishganini ko‘rish mumkin.

Boshqa bir kadrlarda esa Tramp stol atrofida o‘tirgan Putinning yoniga kelib, uning yelkasiga do‘stona qoqib qo‘yadi. Prezidentlar shuningdek juma kungi kechki ovqat vaqtida ham qo‘l siqib ko‘rishishdi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, grafiklarning to‘g‘ri kelmagani sabab ikki prezidentning alohida uchrashuvini tashkillashtirishning imkoni bo‘lmagan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Putinga ishonishini aytdi, Putin esa uni tarbiyali inson deb atadi