23:59 / 14.11.2017
10 847

Britaniyalik bashoratchining 2018 yil uchun bashorati…

Britaniyalik bashoratchining 2018 yil uchun bashorati…
U Kreyg Gamilton-Parker. Yaqin o‘tmishda Angliyadagi Breksitni, Trampning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasini, Las-Vegasdagi fojialar va yana ko‘plab olamshumul hodisalarni to‘g‘ri bashorat qilgan. Mana, endi angliyalik bashoratchi 2018 yili dunyo ahlini nima kutishi haqidagi bashoratlarini ilgari surdi.
Birinchi navbatda Gamilton-Parker ekologik inqirozga to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, insoniyatni 2018 yili haqiqatan o‘ta kuchli ekologik inqiroz kutayotgan ekan.

Vezuviy vulqoni uyg‘onishi natijasida Italiya, AQSh va Avstraliyani jiddiy talofatlar kutadi. Bu davlatlar ichkarisida kuchli yong‘inlar yuzaga keladi, Xitoy va Hindiston aholisi ustiga suv toshqinlari bostirib kelishi ehtimoldan xoli emas. Yer yuzining ba’zi hududlarida shu qadar kuchli yer silkinishlari sodir bo‘ladiki, hech qachon zilzila bo‘lmagan, buning neligini bilmaydigan xalqlar ham megazilzilani o‘z boshidan o‘tkazishi mumkin. Karib dengizida bo‘ronlar hukm sura boshlaydi. Antarktida muzlari favqulodda erish pallasiga kirib, dengizlarni egallab oladi. Buning oqibatida kemalar harakati qiyinlashadi. Bu ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan halokatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Siyosiy jabhada ham vaziyat xuddi kuchli to‘fonlarni eslatishi muqarrar. Masalan, Trampni prezidentlik kursisidan ag‘darish, impichment yo‘li bilan boshqa prezident saylashga urinib ko‘rishadi. Ammo amerikaliklarning bu masalada omadi chopmaydi. Shimoliy Koreya xalqi esa Kim Chen Inni taxtdan ag‘darishi haqiqatga ancha yaqin bo‘lib turibdi.

Dunyoda dahshatli gripp pandemiyasi tarqalish ehtimoli bor. Bu kimyoviy qurol ishlatish natijasida paydo bo‘ladi. G‘arbiy Yevropada dunyoda faoliyati taqiqlangan terrorchi guruhlar kimyoviy quroldan foydalanishga harakat qilib ko‘radi. Bu ish o‘ziuchar dronlar ko‘magida amalga oshiriladi. Lekin bu xudo qarg‘agan kallakesarlar ham yovuz niyatiga yeta olishmaydi. Begunoh odamlarni xudoning o‘zi saqlaydi.
Rossiya va Xitoy dunyoda tengsiz iqtisodiy va harbiy ittifoq tuzadi. Bu aynan Amerikaga qarshi ittifoq hisoblanib, oxir-oqibat AQSh Sharqdagi biznesidan mahrum bo‘ladi. Xuddi shu narsa Amerika iqtisodining inqirozga yuz tutish pallasini boshlab beradi.

Umuman aytganda, 2018 yil dunyo ahlining iqtisodiy ahvoli uchun omadli kechmaydi. Ayniqsa, Amerika hamda G‘arbiy Yevropa davlatlari iqtisodi katta tezlikda pastga sho‘ng‘ishni boshlaydi.
Biroq yer yuzi aholisi ma’naviy jihatdan eng yuqori cho‘qqilarni zabt etadi. Boshga tushadigan mushkulotlar yaxshilar bir yon, yomonlar ikkinchi yonga o‘tib, o‘zaro birlashuvini ta’minlaydi.

Yana shu narsani alohida aytib o‘tish joizki, bashoratchining bashoratlari, u garchi o‘ta mashhur bo‘lsa-da, baribir mavhum. Sababi, birinchi navbatda odamzodni kelajakda nimalar kutishi faqat Yaratgan egamga ayon. Shuning uchun bunday bashoratlarga salgina bo‘lsa-da beparvo nazar tashlash to‘g‘riroq bo‘ladi. Asosiysi, biz 2018 yildan faqat muvaffaqiyatlar, tinchlik, barqarorlik, mustahkam salomatlik kutib qolamiz. Xudoning o‘zi bizlarni shu niyatlarimizga yetkazadi inshoolloh!

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyalik bashoratchining 2018 yil uchun bashorati…