10:32 / 28.11.2017
7 531

Chingizxondan kuch-qudrat va yetakchilikka oid saboqlar

Chingizxondan kuch-qudrat va yetakchilikka oid saboqlar
Yetakchilar har xil bo‘ladi. Makiavelli kabi - makkor, shiddatli va shafqatsiz. Ba’zilari esa Buyuk Kir kabi - kamtar, saxiy va sadoqatli. Buyuk sarkardalar qatorida Chingizxon ham yodga olinadi, biroq uni ehtiyotkorlik bilan chetlab o‘tishadi: uning so‘zlaridan parchalar keltirilmaydi va biznesga oid kitoblarda tilga olinmaydi, na seminarlarda va na hatto latifalarda. Axir qonxo‘r yovuzdan nimani ham o‘rganish mumkin bo‘lardi?

Shunday ekan, ko‘p madaniyatlar Chingizxon xotirasini o‘chirib tashlashni ma’qul ko‘rishadi. SSSRda, masalan, uni hatto tilga olish ham taqiqlangan edi. Biroq haqiqat shundaki, har qanday tarixiy shaxsdan nimadir o‘rganish mumkin bo‘lgani kabi, Chingizxonning ham o‘rnak olsa arzigulik jihatlari bo‘lgan. Chunki u haqida deyarli barcha bilganlaringiz - to‘qib chiqarilgan, deyiladi Forbes'da.

U qiynoqlarni bekor qilgan, diniy e’tiqod erkinligini kiritgan, ajratilgan qabilalarni birlashtirgan, zodagonlar imtiyozlarini inkor qilgan, o‘z hududlarini meritokratiya tamoyiliga ko‘ra boshqargan, o‘rganishni yaxshi ko‘rgan va mo‘g‘ul jamiyatidagi ayollar huquqlarini himoya qilgan. U ulug‘ fath qiluvchi va deyarli yetti asr mavjud bo‘lgan 31 million kvadrat kilometrli imperiyani boshqaruvchi general bo‘lgan. (Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlari Bog‘dodni qo‘lga olishganida, bu Chingizxon davridan buyon birinchi marta shaharning muvaffaqiyatli zabt etilishi bo‘lgan).

Ha, u shafqatsiz jangchi bo‘lgan, biroq uning barcha ishlari ko‘ngilxushlik yo‘lida bo‘lmagan. Hozir "Asosiysi - g‘alaba emas, ishtirok", deyishadi. Mo‘g‘ullar bu gapga qo‘shilmagan bo‘lishardi. To‘qnashuvlarda g‘alaba qilish ularning hayoti mazmuniga aylangandi va ular buning uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishardi. Ular urushdan keyingi dunyoni ham xuddi shunday ishtiyoq bilan qayta tiklashardi. Boshqa sarkardalar dushman qo‘lidan erta o‘lim topgan bir vaqtda Chingizxon keksayib, sevimli oilasi qurshovida hayotdan ko‘z yumgan.

Uning buyuk missiyasi oddiy va dangal bo‘lgan: butun dunyoni bir imperiya ostida birlashtirish. Biroq uning o‘zi aytganidek, "Maqsadlar katta ekan, mening zimmamdagi majburiyatlar ham oson bo‘lmaydi". Tarixiy ma’lumot uchun Jek Uezerfordning "Chingizxon va zamonaviy dunyoning tug‘ilishi" kitobiga murojaat qilamiz. U qanday qilib Chingizxon bunday ulkan missiyasini ado etishning uddasidan chiqqanini tushunishga yordam beradi va uning kuch-qudrati sirlarini ochib beradi. Quyida xonning avlodlari tomonidan saqlab kelingan to‘qqiz sabog‘i taqdim etiladi.

Ishni oxiriga yetkaz
"Mo‘g‘ul jangchisi boy berilgan kurashdagi ishtiroki bilan maqtana olmasdi. Chingizxon aytganidek, har qanday ish faqat oxiriga yetkazilgandagina mazmun kasb etadi".

Sabr-toqatda o‘rnak bo‘l
"Yomg‘irda birga xo‘l bo‘lardik, sovuqda esa - birga muzlardik".

Kattaroq maqsadlar uchun xizmat qil
"Yetakchining odamlari baxtsiz ekan, uning o‘zi hech qachon baxtli bo‘la olmaydi".

Maqsadga ega bo‘l
"Inson maqsadni ko‘rmay, o‘z hayotini, qolaversa, boshqalar hayotini boshqara olmaydi... Qadimgilarning bir gapi bo‘lgan: "Maqsad bir bo‘lsa, hech qanday kulfat qo‘rquv uyg‘otmaydi".

O‘zingga ishon
"Eng yaxshi do‘stingiz - dono qalbingiz. Ko‘pchilikka ishonish mumkin, biroq hech bir do‘st o‘zingizchalik ishonchli bo‘la olmaydi. Ko‘plar maslahat berishi mumkin, biroq hech kimning ovozi vijdoningizdan ustun kelishi kerak emas. Ko‘p narsani qadrlash mumkin, biroq o‘z hayotingizdan qadrlirog‘i yo‘q".

Kamtar bo‘l
"G‘ururni jilovlash yirtqich arslonni jilovlashga o‘xshaydi - bu juda qiyin. Biroq o‘z g‘ururini boshqara olmagan kishi xalqni boshqara olmaydi".

Hamma narsada me’yorga rioya qil
"Men hashamatni tan olmayman, hamma narsada me’yorga rioya qilish kerak... Qimmatbaho kiyim, tezkor tulporlar va go‘zal ayollar turganda o‘z qarashlarimiz va maqsadlarimizni unutib qo‘yish oson. Bunday holatlarda siz quldan farq qilmaysiz va barchasidan mahrum bo‘lish ehtimolingiz yuqori bo‘ladi".

Odamlarni tushunishni o‘rgan
"Ko‘lning turli tomonida fath qilingan qabilalarni ko‘lning turli tomonida boshqarish kerak".

Dunyoni o‘zgartir, biroq sekin-astalik bilan

"Hukmronlik qila turib, katta yoshlilarning dono maslahatlariga quloq tut. Eski yopinchiq yangisidan qulayroq - ko‘chmanchi hayot qiyinchiliklari u uchun qo‘rqinchli emas".

Ue­zer­fordning yozishicha, yetakchilikning bu saboqlari xonga dono ustozlaridan meros qolgan. Tinimsiz kurash va xaos olamida u kambag‘al va savodsiz muhitda dunyoga kelgan. U o‘ziga o‘zi xon bo‘lishni o‘rgatgan:

"Uning birdaniga buyuk sarkarda, ilhom baxsh etuvchi yetakchi va iste’dodli tashkilotchiga aylanishida hech qanday sehrli hal qiluvchi lahzalar bo‘lmagan. U bu sifatlarga ilohiy anglash yoki shahzodalarcha ta’lim olish natijasida erishmagan - bular tinimsiz o‘rganish, nazariyaning amaliyot bilan sinalishi va o‘z bilimlarini takomillashtirish natijasi bo‘lgan. Chingizxon noyob aql va temir irodaga ega bo‘lgan".

Biz ham buyuk maqsadlarimizga erisha olamiz. Boshlanishiga qo‘rqinchlidek tuyulgan misoldan boshlash mumkin. Chingizxonning ta’rifi ("na erkak, na ayol va na bolalarga shafqat qilmagan qonxo‘r hayvon") doim undan oldin yurgan, biroq uning o‘zi bunga turtki bergan. Dushmanlar qo‘rqib, qarshiliksiz qochishlari uchun xon o‘zining shafqatsizligi haqidagi gap-so‘zlarga e’tiroz bildirmagan. Boshqa tomondan qaraganda esa, Buyuk Xondan sodiqlik, insonlarni tushunish, o‘zgarishlarni to‘g‘ri targ‘ib qilish va o‘z fikrlaringizni shakllantirishni o‘rganishingiz mumkin.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Chingizxondan kuch-qudrat va yetakchilikka oid saboqlar