23:35 / 07.03.2018
6 321

Jangarilar 2018 yil bahorda Rossiyaga ommaviy hujum uyushtirishni mo‘ljallashmoqda

Jangarilar 2018 yil bahorda Rossiyaga ommaviy hujum uyushtirishni mo‘ljallashmoqda
Suriya va Iroqdagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin dunyoda faoliyati taqiqlangan “ISHID” jangari kallakesarlar guruhi a’zolari turli manzillarga qochib borib, o‘sha yerda o‘zlarining chirkin ishlarini davom ettirishga urinmoqda. Checheniston, Dog‘iston va yana Kavkazning boshqa hududlaridan Suriyaga borib Al-Bag‘dodiyning xizmatini qilgan jangarilar endi yoppasiga Gruziyaga kirib kelmoqda. Ular kirib kelib tinch o‘tirmoqchi emas. Balki, Rossiyada shu yil bahor oylarida ko‘plab terror harakatlarini amalga oshirishni niyat qilishgan.

“Vashington post” gazetasi xabariga ko‘ra, shu kunlarda ellikdan ortiq jangari Gruziya ichkarisiga kelib o‘rnashgan. Ular Gruziyada o‘zlarining shaxsiy jangari guruhlarini tuzishga ham kirishib ulgurishgan. Gruziyalik jangarilarga Checheniston, Dog‘istondan kelgan terrorchilar ham bajonidil qo‘shilishmoqda.

Ha-da, bir paytlar Gruziyani Mixail Saakashvili boshqargan. O‘shanda Rossiyaga qarshi fikr hamda harakatga ega har bir odam Saakashvili tarafidan qo‘llab-quvvatlangan, ilhomlantirilgan. Hozir ham deyarli shunday. Gruziyaning amaldagi hukumati ham Rossiyaga qarshi siyosat olib borishdan mosuvo emas. Shuning uchun ham Suriya, Iroqdan quvilgan terrorchilar Gruziyaga kelib o‘rnashishni ma’qul ko‘rishyapti. Ular o‘zlarini muxolifatchi, Ramzan Qodirovning dushmani deb atashdan ham tiyila olishmayapti…

Ko‘pchilikka ma’lum, keyingi yillarda dunyoning turli burchaklaridan Suriyaga yo‘l olgan radikal xarakterga ega jangarilar Turkiya orqali manziliga yetgan. Ularni chegarada hech kim to‘xtatmagan. Hozir ham jangarilar omadsizlikka uchragach, yana Turkiya orqali ko‘zlangan manzilga yetib olish ilinjida harakatlanmoqda. Erdo‘g‘an ham ularga qarshi hech qanday harakat sodir etmayapti. Ayniqsa, Turkiyada ikki yil oldin amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin Erdo‘g‘an armiya tarkibida rosmana tozalov ishlarini olib borgan. Buni ham dunyo ahli biladi. Shundan beri Turkiya orqali o‘tish tugul, shu mamlakat ichkarisida yashab qolishni xohlagan odam umuman qarshilikka uchramaydi. U Turkiyada yashab o‘zi istagan ish bilan shug‘ullanishi mumkin. Faqat Erdo‘g‘an yuritayotgan siyosatga aralashmasa, xalal bermasa bas. Qolaversa, Turkiya hukumati terrorchilarni chegarada ushlab turish, yoki ularning boshqa davlatga o‘tib ketishiga to‘siq qo‘yish noto‘g‘ri ekanini anglab yetgan. Ortiqcha bosh og‘riqqa duchor bo‘lgandan bu og‘riqni nari surish to‘g‘ri ekanini idrok qilib ulgurgan. Shuning uchun chegarada jangarilarga deyarli xalal berilmayapti. Hujjati joyidami, tamom, o‘tib ketmoqda. Ular bilan janjallashish, qarama-qarshiliklar befoyda ekanini turklar juda yaxshi tushunib qolishgan…

“Vashington post” gazetasidagi maqolada tilga olingan 50 nafar gruziyalik jangari o‘ta xavfli radikal kuchlar ekani tan olindi. Buni Gruziyadagi siyosatchilar, harbiy mutaxassislar ham rasman tan olishmoqda. Aynan ularning Rossiya shaharlarida o‘ta kuchli terror harakatlari sodir etishiga ishonishmoqda. Shu o‘rinda mutaxassislar dunyoda faoliyati taqiqlangan “ISHID” jangarilar guruhi a’zosi, juda xavfli kallakesar Ahmad Chatayevni yodga olishdi. Chatayev o‘z davrida Gruziyaga kirib kelib bir qator portlashlar seriyasini amalga oshirish niyatida bo‘lgan. Gruziya hukumati, maxsus xizmati esa o‘shanda ham xavfli terrorchilarga qarshi kurashish tajribasiga kamroq egalik qilgan. Ular Chatayev mamlakatga bemalol kirib kelib mustahkam joylashganidan ham bexabar bo‘lishgan ekan. Faqat Amerika markaziy razvedka boshqarmasidagilar rasman murojaat etib, Chatayevni yo‘q qilish yo‘llarini qidirish zarurligi haqida aytishgachgina gruzinlar harakatga tushib qolishdi. Shunda ham Chatayev bilan Gruziya maxsus xizmati vakillari bir kecha-kunduz davomida o‘qlar yomg‘irini “oldi-berdi” qilishgandan so‘nggina terrorchi o‘ldirilgan.

Hozirgi kunda ham Gruziya razvedka xizmati rahbari David Sujashvili Rossiyani o‘z mamlakati uchun asosiy xavf deb biladi. O‘tgan haftada parlament qarshisida so‘zga chiqib yana shu haqda to‘xtalib o‘tdi. Bu mamlakat bilan birga jangarilarga qarshi kurashish aqlga sig‘mas ish ekanini alohida ta’kidladi.

Rossiya tarafi-chi? Ular bir kunmas bir kun Gruziya hukumati albatta Rossiyadagi hamkasblarga murojaat etib, terrorizmga qarshi shafqatsiz kurash yo‘lida kuchlarni birlashtirish taklifini kiritishiga umid bog‘lashmoqda.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jangarilar 2018 yil bahorda Rossiyaga ommaviy hujum uyushtirishni mo‘ljallashmoqda