20:39 / 28.03.2018
7 943

«Och qolsa, tanasini sotaverishi kerak emas..» Bu mavzuda yozish og‘ir, o‘qish ham. Lekin jim turib ham bo‘lmaydi

«Och qolsa, tanasini sotaverishi kerak emas..» Bu mavzuda yozish og‘ir, o‘qish ham. Lekin jim turib ham bo‘lmaydi
Qulog‘ingizga yoqmaydigan, qalbingizni tirnaydigan gaplar bo‘lsa, avvaldan uzr so‘raymiz.

Ikki yil avval Turkiyaga sayohatga borib, do‘kon aylanayotgan dugonalarimdan turk erkaklari “asli qayerliksiz” deb so‘rashgan. Keyin ortlaridan qolmay ergashib ketaverishgan, tegajoqlik qilishgan, falon pul beraman, yur men bilan deyishgacha borishgan.

Bir necha oy avval Rossiyaning “newsturk” sayti Antaliya politsiyasi matbuot xizmati ma’lumotlari asosida xabar tarqatdi. Unda aytilishicha, kurort shahar Antaliyada fohishalarga qarshi reyd o‘tkazilgan va unda 100 kishi qo‘lga olingan. Ular orasida 22 nafar Qirg‘iziston, 20 nafar Turkiya, 14 nafar O‘zbekiston, 9 nafar Gruziya, 5 nafar Rossiya, 4 ta Ukraina, 2 ta Eron, bittadan Qozog‘iston, Nigeriya, BAAdan kelgan ayollar o‘z tanasini sotayotgani aniqlangan. Ya’ni qizlarimiz sharmandali uchlikdan o‘rin olishgan.

2016 yilda Turkiya politsiyasi O‘zbekiston va Qirg‘izistondan borgan 30 nafar ayolni fohishalik bilan shug‘ullanayotganida qo‘lga olgan.

Internetda bunday xabarlar tobora ko‘payib boryapti. Biz ularning barini yolg‘on deya olmaymiz, chunki xorijga borgan yurtdoshlarimiz bunga shaxsan guvoh bo‘lib, aytib beryapti.

Fohishabozlikka qarshi mamlakatimizda ham qator chora-tadbirlar o‘tkazilayotgani, shu biznesga ishlayotgan ko‘plab ayollar qo‘lga olingani haqidagi xabarlarni o‘qiyapmiz. Hatto O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari ham tungi klublarga borib, «kapalak»larni fosh qilgani va huquq-tartibot organlariga topshirgani ma’lum. Xullas, vaziyat o‘z holiga tashlab qo‘yilgani yo‘q. Lekin nima uchun bu «soha» gullab-yashnashda davom etyapti?

Aslida fohishalik juda qadim kasb, uni butunlay yo‘qotib bo‘lmaydi ham. Lekin har bir davlat, har qanday tuzum unga qarshi kurashadi, jarayonni nazoratda ushlab turishga harakat qiladi. Ba’zilar nuqul fohishalarga qarshi reyd o‘tkazaverishni yoqlamaydi, buni hatto inson huquqlariga zid deguvchilar ham bor. Biroq G‘arbning eng demokratik davlatlarida ham fohishalar tartibbuzar sifatida qo‘lga olinadi, turli profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi. AQShning ayrim shtatlarida nafaqat fohishalar, balki ularning mijozlari-da javobgarlikka tortilishi, jinoyat quroli sifatida avtoulovlari va turar joylari musodara qilinishi haqidagi qonunlar bor. Demoqchi bo‘lganim, oqibat bilan ham kurashish, bu sohadagi ishlarni hech qachon to‘xtatmaslik kerak. Axir, shu reydlar natijasida qanchadan-qancha noqonuniy faoliyat olib borayotgan shaxslar, qullikda ushlab turilgan insonlar aniqlanadi, katta jinoyatlar fosh qilinadi, tanosil kasalliklari tarqalishining oldi olinadi, nechta odamning sog‘lig‘i, nasli saqlab qolinadi.

Ammo… Bu shunday dardki, har tomonlama kurashmasangiz, kompleks chora ko‘rmasangiz jilovlay olmaysiz: naslni buzadi, oilalarni barbod qiladi, axloq va tarbiyaga putur yetkazadi, hozirgi globallashuv zamonida esa xalqaro miqyosda obro‘ingizni to‘kadi. bizda choralar bor, ammo kompleks choralar tizimi yetarlicha ishlab chiqilmagan va joriy etilmagan. Kompleks chora deganda muammoga olib keluvchi sabablar zanjirining har bir halqasiga zarba berilishi va uzilishi, parchalab tashlanishi tushuniladi.

Bu yerda nafaqat axloqiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy sabablar, ancha rivojlangan va chuqur ildiz otgan “seks-industriya” tizimi, bu industriya ortidan kun ko‘rayotgan va milliardlarni ishlayotgan katta «nahang»lar, shunga yo‘l qo‘yib bergan sharoit, qonunchilikdagi zaif tomonlar, ayollar ijtimoiy himoyasi, oilalardagi ajrashishlar va hokazo o‘nlab jihatlar borki, har biri bilan eng so‘nggi g‘alaba nuqtasigacha kurashilmas ekan, odob-axloq darslari, “tungi kapalaklar ovi” amaliyotlari, diniy va’zlar va jamoatchilik fikri bilangina natijaga erishishimiz qiyin.

Birgina misol. Jurnalistligimni, ayollar, oila mavzularida uzoq yillardan beri yozishimni bilgan bir ayol dardini aytib qoldi. Eri giyohvandligi tufayli OITS yuqtirgan va virus ayoliga ham o‘tgan. O‘rtada farzand tug‘ilgan, u sog‘lom, lekin ona emizsa, kasal bolaga ham o‘tadi. Shu sababli sun’iy ovqatlantirish bilan boqadi. Erida kasallik so‘nggi bosqichga chiqqan va u ishlay olmaydi, ayol ham. Bolaning ovqati esa juda qimmat. “So‘nggi oyda o‘g‘lim kasal bo‘lib qoldi, noiloj uzun sochimni sartaroshxonaga sotdim, shuning puliga davolatdim va “smes” sotib oldim. Bu yog‘iga qanday yashaymiz? Agar kasal bo‘lmaganimda, o‘lay agar, o‘zimni sotishga ham tayyor edim, chunki bolam yana kasal bo‘lsa, hech qanday choram yo‘q”, deydi ayol. Bu yagona hol emas, birgina shu voqeaning o‘zida bir nechta muammo bo‘y ko‘rsatadi. Eri ishlamagani uchun bolasiga moddiy yordam ololmaydi, o‘zining hunari yo‘q, bolalar uchun sun’iy ovqatlar esa asosan chetdan olib kiriladi va juda qimmat.

Och qolsa, tanasini sotaverishi kerak emas, albatta. Ammo bu bilan ayrim ayollar moddiy qiyinchilik tufayli shu yo‘lga kirayotganidan ham ko‘z yuma olmaymiz. Xo‘sh, nima qilish kerak? Ishlamasa, bolasini boqa olmasa, davlat boqib bersinmi? Albatta, yo‘q. Qo‘ldan berganga qush to‘ymas. Qorni och odamga baliq bergandan ko‘ra, qarmoq berib, qayerda yaxshi baliq ilinishini ko‘rsatgan savobliroq, chunki ikkinchi holda siz unga bir umrlik yaxshilik qilgan bo‘lasiz. Demak, ayollar, qizlarni yoshlikdan katta hayotga puxta tayyorlab borish, ularga bilim, hunar, malaka o‘rganishlari uchun yetarlicha sharoit yaratib berish, ish bilan ta’minlash, oilani rejalashtirish kabilar katta ahamiyatga ega. Yaqinda bir xabar o‘qidim: Birlashgan Arab Amirligida ayollar uchun Mehribonlik uyi ochilibdi. Qiyin ahvolga tushib qolgan ayollar uch oygacha shu uylarda bolalari bilan yashashi mumkin ekan. Ularga bepul boshpana, uch mahal ovqat, tibbiy yordam berilar ekan. Bu yerga oilasidan ajrashgan, borar joyi yo‘q, eri bexosdan o‘lib qolgan, xullas, hayotning kutilmagan zarbasiga duch kelgan ayollar murojaat qilar ekan. Uch oy ichida ayol biron kasb o‘rganishi, ish topishi, xullas, muammosini yechish yo‘llarini axtarishi mumkin. Men xayriya mablag‘lari evaziga shunday maskanlarni barpo etish ko‘plab ayollar, bolalar, insonlarning taqdirini yaxshi tomonga o‘zgartirib yuborishi mumkin deb hisoblayman.

Muammoning yechimini qo‘shxotinlilikda ko‘radiganlar ham bor. Ya’ni ayollar ersiz qolmasa, ularni ta’minlab turadigan erkak bo‘lsa fohishalik qilmaydi deyishadi. Lekin bu ta’minlash erkak pul topib turgungacha, u bir kun sinib qolsa, bitta oilasini ham boqolmasligi mumkin. Qolaversa, ko‘pincha erkaklar birinchi oilasiga bildirmay uylanadi va qonuniy nikohidagi ayoli kundosh haqida bilgandan so‘ng janjaldan qo‘rqib yo bezib ikkinchisidan voz kechishadi. Natijada ayolning ahvoli avvalgidan ham battarlashadi. Undan ko‘ra puli ko‘p erkaklar xayriya qilib ayollarga Mehribonlik uylari qurib bersalar, o‘sha uylarni ta’minlasalar yaxshi emasmi? Bu yaxshiliklaridan o‘nlab-yuzlab ayollarga naf tegadi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda xorijda yurgan, mijoz talashib bir-birining sochini yulgan yoki chet elga yangi borgan kezlari pulsizlikdan fohishalikka majbur bo‘lgan ayollarning videolari ko‘plab tarqalmoqda.

Biz ko‘pmillionli aholimiz, istasak-istamasak xorijga ishchi kuchi eksport qilamiz. Bundan uyalish, bu holatni yomon deb baholash va uning oldiga to‘siq qo‘yish mumkin emasligini hukumatimiz ham yaxshi angladi. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan xorijga ishchi kuchi eksporti tizimli ravishda amalga oshirilyapti. Lekin o‘tgan yili bu sohada o‘ziga yarasha korrupsiya tizimi ishlayotgani agentlik o‘tkazgan Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish uchun tanlov jarayonida ayonlashib qoldi va soha mutasaddilari tegishli jazo oldi. Bu yagona hol emasligini bilamiz. Ayollarni xorijga ishga jo‘natish borasida alohida tadbirlar qo‘llash, bu ishni shaffof tarzda amalga oshirish lozim va bu soha birgina Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari emas, boshqa tizimlar orqali ham yo‘lga qo‘yilishi kerak, masalan, xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqaruv organlari va hokazo. Toki sharoit taqozosi bilan xorijga ishlashga ketayotgan ayollar faqat tizimli ravishda, avvaldan tuzilgan shartnomalar asosida chetga yuborilishi, bu keng miqyosda amalga oshirilishi kerak.

Qonunchilikda esa fohishabozlikning ishtirokchilari sifatida mijozlarga javobgarlikni yanada kuchaytirish lozim. Talab taklifni keltirib chiqarishini bilamiz-ku.

Eng og‘riqli, kurash qaqshatqich bo‘ladigan jabha esa o‘rtakashlar, ularning ortidagi katta «nahang»lardir. Shu paytgacha fohishalar qo‘lga olinganini bilamiz-u, ammo ularning ishini tashkillashtirib berganlarni bilmaymiz. Kim ularni himoya qiladi, joy bilan ta’minlaydi, mijozlarni boshlab boradi, qo‘lga olingach, tovon to‘lab chiqarib oladi? Ularni himoya qiladigan, panoh bo‘ladiganlar kimlar? Bu juda mustahkam halqa, “soha”ning o‘q ildizidir. Muammoning ildiziga bolta urilmas ekan, fohishabozlik bilan kurashishdan katta natijalar kutib bo‘lmaydi.

Fohisha qo‘lga tushib, jarima to‘lab chiqqach, o‘z ish o‘rniga qaytadi. Bu esa barcha kurash besamar ketganini bildiradi. Ayollar bu ish xatoligini, gunohligini bilsa ham, «yo‘li»dan qaytmaydi. Shu o‘rinda gap yana reabilitatsiya markazlariga borib taqaladi. Fohishalarni hibsxonalar emas, reabilitatsiya markazlari sog‘lom hayotga qaytarishi mumkin. Har bir fohisha ortida bir shaxs, bir ayol taqdiri, millat nomusi va kelajagi masalasi yotibdi. Shunday ekan, ularni eshitish, tushunish, muammolari bilan ishlashni ham tashkillashtirish lozim.

Davlatimiz rahbari hayotimizdagi har qanday muammoga tik qarab, kamchiliklarimizni, nuqsonlarimizni ochib tashlamoqda. Bu biz, fuqarolarga ibratdir. Keling, muammolarimizni yashirmasdan, ulardan cho‘chimasdan birgalikda hal qilish yo‘llarini izlaylik. Ana shunda biz tarixi, ajdodlari buyuk, kelajagi ham, albatta, yorqin, yorug‘ bo‘ladigan millatga xos ish tutgan bo‘lamiz.

Manba: UzA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Och qolsa, tanasini sotaverishi kerak emas..» Bu mavzuda yozish og‘ir, o‘qish ham. Lekin jim turib ham bo‘lmaydi