14:24 / 30.03.2018
5 796

Narigi dunyoda turib ham bolam deydigan arvoh

Narigi dunyoda turib ham bolam deydigan arvoh
— Bir paytlar Volinsk guberniyasida bir ruhoniy yashagan, — deya hikoya qiladi rossiyalik Vladimir Petrovs­kiy ismli qariya. — Mening otam rahmatli ruhoniy bilan qalin do‘st edi. Kunlarning birida uning zavjasi rixlat qilib qoldi. Bo‘y yetgan qizi bor edi. Yetim qoldi sho‘rlik. Otam do‘stiga, uning qizi Nadyaga azbaroyi achinganidan singlim Varvarani ruhoniynikiga tez-tez jo‘natib turar, singlim Nadyani turli suhbatlar bilan chalg‘itishga urinardi. Bir kuni Varvara hadeganda qayta qolmadi. Soat kunduzgi beshlardan oshgandi. Otam ikkimiz xavotir olib ruhoniynikiga jo‘nadik. Kelsak, Varvara va Nadya xona ichkarisida musiqa tinglab o‘tirishgan ekan. Ruhoniy esa ibodat qilish uchun o‘z xonasiga kiribdi. Otam ham u bilan birga ibodat qilish niyatida ichkariga kirib ketdi. Men bo‘lsam hovlidagi o‘rindiqqa cho‘kdim. Shu mahal nariroqda qora kiyingan bir ayol paydo bo‘ldi. Oldiniga tanimadim ham, qo‘rqib ketdim. Sal o‘zimni qo‘lga olib qaradim-u, tosh qotib qoldim. Qora kiyimdagi ayol yaqindagina olamdan o‘tgan ruhoniyning zavjasi Anastasiya xola edi. Men o‘zimni idora eta olmadim. Duch kelgan tarafga qarab qochdim. Biroq uzoqqa bormadim. Hovlining boshqa burchagigacha borib taqqa to‘xtadim va ortimga o‘girildim. Qora kiyingan ayol g‘oyib bo‘libdi…

Jonholatda ichkariga kirib Varvarani asta chetga tortim-da, ko‘rganlarimni aytdim.

— Men Nastya xolaning arvohini ko‘rdim, — dedim shivirlab. — Hozirgina hovlida mening ro‘paramga kelib to‘xtagandi, jilmaydi ham. Keyin yo‘qolib qoldi…

Sal o‘tib otam ham ibodatni tugatib tashqariga chiqdi. Men unga ham ko‘rganimni to‘kib soldim. Ammo otam ishonmadi. Kulib qo‘ya qoldi…

Shu kuni otamning xohishiga ko‘ra ruhoniynikida yotib qoldik. Bilmadim… Kechasi taxminan soat ikkiga yaqinlagandi. Beixtiyor uyg‘onib ketdim. Asta o‘rnimdan turdim-u, o‘zim sezmagan holda xona eshigini ochdim. Shunda erkak va ayol tovushlari qulog‘imga chalindi. Yaxshiroq quloq tutdim. Bu ruhoniy va Nastya xolaning tovushi edi.

— Nega bugun kech kelding? — so‘radi ruhoniy.

— Men erta keluvdim, — bu aniq Nastya xolaning ovozi edi. — Mehmonlaringiz bor ekan. Bog‘da Vlad o‘tirgan ekan. Bir erkalab qo‘yay deb to‘xtasam, qochib ketdi. Keyin ichkariga kirib Varvaraga qizimiz bilan birga ekanidan quvonib minnatdorchilik bildiray devdim. Uyam qo‘rqib ketdi.

— Oldin ruhan tayyorlab qo‘ymaysanmi unda? — dedi ruhoniy. — Qo‘qqisdan kirib borsang, qo‘rqadi-da!

— Yo‘q, biz marhumlarga qo‘rqadigan odamga qaytib ko‘rinish taqiqlangan. Taqiqlovni buzsak, keyin yaqinlarimiz bilan uchrashish baxtidan mahrum qilishadi…

Bu men uchun dahshatning o‘zi edi. Bu marhuma ekaniga to‘liq amin bo‘lgach, hovliqqancha otam yotgan karavot tomon yurdim. Meni hayron qoldirib, otam ham shu suhbatni tinglayotgan ekan. Miq etmasligimni ta­yinladi-yu, uxlashga yotishimni talab qildi. Men itoat bilan qayta karavotga cho‘zildim. Lekin ancha paytgacha uxlay olmadim. Ko‘zimni yumsam, qora kiyimdagi Nastya xolaning arvohi ko‘rinaverdi…

Ertasi kuni otam nonushta paytida tungi suhbatdan so‘z ochdi. Ruhoniy esa sira hayron bo‘lmadi.

— Ha, sen ilgaridan ishonmasding, — dedi u otamga sinchkov tikilib. — Ibodat qilasan-u, ammo narigi dunyo, ruhlar, arvohlar borligiga ishonmaysan. O‘zing bilasan. Biroq men yashirmayman. Ruhoniy bo‘lganim boismi, bilmadim, marhum va marhumalar bilan tez-tez tillashib turaman. Qo‘rqmayman. Xotinim ham o‘shalarning biri. Marhum, marhumalar duoga muhtoj bo‘lib qolsalar, kelib menga murojaat etishadi. Men iltimoslarini so‘zsiz ado etaman. Chunki olamdan o‘tganlar faqat duo kuchi bilangina yashaydi. Nastya esa qizim ikkimizdan xavotir olgani-olgan. Deyarli har kuni kelib bizdan xabar oladi. Men kuzatib qo‘yayotganimda uni duo qilaman. Yo‘q, u bir umr uyimizga qatnamaydi. Bunga ishonaman. Nasib bo‘lsa, kelgusida duolar yordamida uning ruhini tinchlantirish payida bo‘laman, o‘z dunyosida muqim qolishiga yordam beraman. Xudo xohlasa, u yoqdagi hayotini kechira boshlaydi. Bizni bezovta qilmaydi…

Otam ikkimiz ham ruhoniyning so‘zlarini xuddi ertakdek qabul qilgandik. Lekin shaxsan men Yaratganning qudratiga yana bir karra qoyil qoldim. O‘sha hodisadan so‘ng ruhoniyga shogird tushdim. Bilganimcha o‘tganlar haqiga duo qiladigan bo‘ldim.
«Sovershenno sekretno» saytidan olindi

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Narigi dunyoda turib ham bolam deydigan arvoh