12:05 / 20.04.2018
6 398

AQSh Xitoyda o‘n minglab musulmon uyg‘urlar qamalganidan jiddiy tashvishlanmoqda

AQSh Xitoyda o‘n minglab musulmon uyg‘urlar qamalganidan jiddiy tashvishlanmoqda
Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida uyg‘urlar va boshqa musulmon millatlarini ta’qib qilish doirasida Xitoy hukumati o‘n minglab odamlarni qo‘lga oldi. Bu haqda Xitoy poytaxti Beyjinda o‘tgan anjumanda AQSh Davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch Okeani mintaqasi bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Laura Stoun ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning barchasi “qayta siyosiy tarbiyalash” markazlarida saqlanayotgani “o‘ta tashvishli holat”dir.

"Biz Shinjondagi uyg‘urlar va musulmon ozchilikning huquqlarini cheklash jarayoni kuchayib borayotganidan tashvishdamiz,"-dedi Laura Stoun.

AQSh rasmiysi bu masalani “Xitoy rasmiylari bilan o‘tadigan har bir uchrashuvda kun tartibiga kiritaveramiz”, deb aytdi.

Stoun Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidan olingan ma’lumotlarning ozligi tufayli qamoqqa tashlanganlar soni qancha ekanini aniqlash imkoniyati yo‘qligini, biroq ularning soni “o‘n minglab odamlar”ni tashkil qilishini aytdi.

Huquq faollari Xitoy hukumati islom dini va madaniyatiga, musulmonlarning erkin harakatlanish huquqiga jiddiy to‘siqlar qo‘yayotganini aytib kelmoqdalar.

“Ozod Osiyo” radiosining bildirishicha, joriy yil yanvar oyida birgina Qashqardan 120 ming odam “qayta tarbiyalash markazlari”ga yuborilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh rasmiysi Lauro Stoun bildiruvini inkor etmoqda. Xitoy rasmiylariga ko‘ra, Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida barcha millatlar tinch-totuvlikda va farovon hayotda yashamoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh Xitoyda o‘n minglab musulmon uyg‘urlar qamalganidan jiddiy tashvishlanmoqda