12:58 / 22.06.2018
3 812

Qozog‘istonning AQSh bilan hamkorlikda ishlashi Rossiya rahbariyatiga sira yoqmayapti…

Qozog‘istonning AQSh bilan hamkorlikda ishlashi Rossiya rahbariyatiga sira yoqmayapti…
Yaqinda Kremldagilar Qozog‘iston rahbariyatidan bu hamkorlikning asl sababini surishtirib, ular bilan hisoblashmay turib qaltis qadam qo‘yilgani haqida gapirib o‘tgandi. Rossiya rahbarlarining aytishicha, Qozog‘iston okean ortidagi mamlakat bilan hamkorlik o‘rnatishdan oldin Kreml bilan maslahatlashishi lozim ekan. Xuddi shu gaplarni yaqinda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida aytib o‘tgandi. Lavrovning gapiga qaraganda, Qozog‘iston Amerikaga Oqtov va Qo‘riqdagi portlarini ochib bergani sababli Rossiya rahbariyati ranjigan. Eslatib o‘tamiz, bu portlar Kaspiy dengizida bo‘lib, Amerika shu ikki port orqali Afg‘onistonga o‘z yuklarini olib o‘tishi mumkin.

Ism-familiyasini sir tutgan rossiyalik rahbar lavozimli shaxslardan biri Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning xuddi shu masalaga taalluqli hujjatni imzolashi Rossiya bilan maslahatlashmasdan, bu haqda qo‘shni davlat rahbarlarini ogoh etmasdan amalga oshirilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shubhasiz, Qozog‘istondagi ko‘zga ko‘ringan siyosatchilar, obro‘li shaxslar rasmiy Moskvaning bu ta’nalaridan hayratga tushgan. Masalan, qozog‘istonlik tadbirkor Oydan Karibjonovning aytishicha, Amerikaga ikki portni ochib berilishi ham O‘rta Osiyoda tinchlik hukm surishini ta’minlab bergan. Sababi, Amerika qurolli kuchlari nafaqat Afg‘onistonni, balki butun O‘rta Osiyoni himoyasi ostiga olgan ekan. Karibjonov Lavrovning fikrlariga javob sifatida 1999-2000 yillardagi voqealarni eslatib o‘tdi. O‘shanda bir necha yuzlab jangarilar Afg‘onistondan Tojikiston tarafiga o‘tib, Qirg‘izistonga kirib borishgani, u yerda 20 kishini garovga olgani, ular orasida Qirg‘iziston xavfsizlik xodimlari va Yaponiya geologlari ham bo‘lganini alohida tilga oldi.

Qozog‘iston hukumat rahbarlari mamlakat bundan buyon mustaqil ish yuritish yo‘liga o‘tganini sir tutishmayapti. Bunga jiddiy sabablar yo‘q emas albatta. Qozog‘iston tadbirkorlari bunga mamlakati ichkarisida benzin tanqisligi yuzaga kelganda, rostakamiga mushkulotlar iskanjasida qolishgani asosiy sabab bo‘lganini qayta eslab o‘tishdi. O‘shanda Rossiya bilan munosabatlar sovuqlashishi tufayli bu davlat Qozog‘istonga benzin yoqilg‘isi yetkazishni qisqartirgandi. Garchi Qozog‘istonda neftni qayta ishlash korxonalari mavjud bo‘lsa-da, ular aholiga to‘liq benzin yetkazib berish quvvatiga ega emasdi. Bu narsa mamlakat iqtisodi poyiga dahshatli darajada bolta urgan. Benzin haydovchilarga talon orqali tarqatilgan. Shunga majbur bo‘lishgan.

Qozog‘iston energetika vaziri Qanot Bozumboyev Rossiya benzinini temir yo‘l orqali olib kelish jiddiy qisqartirilganini ma’lum qilib, bundan buyon Qozog‘iston shu kabi masalalarda Rossiyaga qaram bo‘lmasligi tayinligini aytdi. Vazirning aytishicha, mamlakatdagi uchta yirik neftni qayta ishlash zavodi modernizatsiya qilindi. Endi ular mamlakatdagi benzinga bo‘lgan talabni yuz foiz qondira oladi. Chunki xuddi shu zavodlarda Yevro-4, Yevro-5 benzini ishlab chiqarilmoqda. Yana to‘rtinchi zavodni ham qisqa muddatlarda bunyod etish rejaga kiritilgan.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonning AQSh bilan hamkorlikda ishlashi Rossiya rahbariyatiga sira yoqmayapti…