16:41 / 18.07.2018
6 342

“Katta bo‘lsam, Farrosh bo‘laman!”

“Katta bo‘lsam, Farrosh bo‘laman!”
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lganim uchun ham yosh bolalarning psixologiyasini yaxshi bilaman. Ular beg‘ubor va samimiy bo‘lishlariga qaramay, gohida biroz beshafqat va adolatsiz ham bo‘la oladilar. Nazarimda, bu ularda hali vijdon tushunchasi va tuyg‘usi shakllanmaganidan bo‘lsa kerak. Lekin, biz kattalardan farqli o‘laroq, bir-biriga nohaqlik qilib, arazlashib qolgan bolalar juda tez fursatda yana apoq-chapoq bo‘lib ketaveradilar. Gina saqlamaydilar, bir-birlaridan alam olishni o‘ylamaydilar.

Yaqinda o‘zim rahbarlik qiladigan uchinchi sinfda ko‘ngilsizlik ro‘y berdi: otasi ko‘chada farrosh bo‘lib ishlaydigan bir o‘quvchimni boshqa o‘quvchilar mazax qilib, yakkalab qo‘yishibdi.

- Ular: “Sening otang ko‘cha tozalovchi, isqirt bir odam, sendan ham chiqindining hidi kelib turadi”, deya o‘g‘limni haqorat qilishibdi, - dedi uning otasi. – O‘g‘lim bundan qattiq aziyat chekyapti, maktabga kelishni ham istamayapti. Uni boshqa maktabga o‘tkazganim ma’qulmikan?..

O‘g‘lining nohaq aziyat chekkanidan iztirobda qolgan otaga taskin berolmadim. Bu voqea o‘zimni ham qattiq ranjitgan edi.

- Boshqa maktabga o‘tkazish haqida qayta gapirmang, - dedim. – Menda bir reja bor... Hamkorlikda bir ish qilmaymizmi? Agar rozi bo‘lsangiz, hamma bolalarga katta dars bo‘lar edi.

Ota bajonudil rozi bo‘ldi. Biz rejamning mayda-chuydasiga qadar muhokama qilib, kelishib oldik.

Ertasi kuni maktabga barvaqt keldim-da, sinf xonasiga o‘zim bilan olib kelgan chiqindilarni sochib chiqdim va xonaning eshik-derazalarini zichlab berkitdim. Dars boshlanadigan vaqtgacha sinf xonamiz chiqindining sassiq hidi bilan to‘ldi. Bolalar sinf xonasiga har doimgidek shovqin-suron bilan kirib keldilar va ahvolni ko‘rib, dong qotib qolishdi. Men sassiq hiddan ko‘ngli behuzur bo‘lib, og‘iz-burunlarini ro‘molcha bilan berkitishga urinayotgan bolalarni ko‘z qirim bilan kuzatar ekanman, yolg‘ondan jahl qila boshladim:

- Bu nima ahvol? Bu nimasi axir? Nega shunday chiroyli sinf xonamiz bu holga tushdi?..

Bu vaqtda rejaga muvofiq yetib kelgan hamkasblarimdan biri bu holatning sababini “tushuntira ketdi”:

- Kecha farroshimizning tobi qochib, ishga kelmagan edi. Boshqa sinflardagi bolalar o‘z sinf xonalarini va maktab oshxonasini tozalab, chiqindilarni shundoq yo‘lakda qoldirib ketishibdi. Menimcha, ochiq derazadan daydi itlar kirib, ovqat qoldiqlarini yeb, chiqindilarni titkilab, sinf xonangizga sochib tashlagan ko‘rinadi... Bir kun farrosh bo‘lmasa, ahvol shu-da!

Bolalar bizning bu to‘qimalarimizga chippa-chin ishonib, biri olib biri qo‘ygancha chug‘urlasha boshladilar:

- Endi nima bo‘ladi, ustoz?

- Bugun dars o‘tolmaymizmi?

- Xonamizni kim tozalab beradi endi?

- O‘zimiz tozalaymiz, - dedim xotirjamlik bilan. – Qani, sumkalaringizni joyiga qo‘yib, menga qarashib yuboringlar-chi! Bo‘laqolinglar!.. Avval derazalarni ochamiz...

Bolalar istar-istamas, chiqindilarni poldan tera boshladilar. Yarim soatcha “ter to‘kdik”, lekin sinf xonamizni butkul tozalay olmadik.

- Bu ish bizlarning qo‘limizdan kelmas ekan, bolalar, - dedim “charchab” stulga o‘tirarkanman. – Bizga yaxshi bir yordamchi kerak. Yordamchi deganim nimasi, bizga xaloskor kerak! Tezda kelib, bizni bu iflos chiqindilardan qutqaradigan xaloskor kerak!

Bolalarning hammasi menga umid bilan tikilib qolganlarini ko‘rib, ovozimni balandlatib, ta’kidladim:

- Men shunday odamni bilaman. Hoziroq unga qo‘ng‘iroq qilsam, hamma ishini tashlab, bizga yordamga yetib keladi...

Men sinfdoshlari yakkalab qo‘ygan bolaning otasiga – ko‘cha farroshiga qo‘ng‘iroq qildim-da, ahvolni tushuntirgan bo‘ldim. U reja bo‘yicha maktab qorovulxonasida o‘tirib, qo‘ng‘irog‘imni kutayotgan edi. Farrosh sinf eshigi ortiga kelib, menga sekingina belgi bergach, sinf xonasidagi badbo‘y hiddan va chiqindilardan qanday qutulishni bilmay, gangib qolgan bolalarga qarab:

- Xaloskorimiz yetib keldi shekilli. Qani, bolalar, hammamiz u kishini hurmat bilan kutib olaylik-chi! – dedim. Bolalar eshikdan xuddi ertaklardagi pahlavon qahramon kirib keladigandek, ixlos va intiqlik bilan tikilib qolishdi.

Farroshimiz kirib kelgach, hamma bolalar mening ishoramni kutmasdanoq unga jo‘rovoz bo‘lib salom berdilar. Farroshimiz alik olgach, atrofni ko‘zdan kechirgan bo‘ldi va:

- Sizlar birpas toza havoda aylanib kelinglar, muallim, men ungacha sinf xonangizni tozalab beraman, - dedi. Men bolalarni maktab hovlisiga olib chiqdim, ammo ularning hech biri o‘yinga rag‘bat bildirmadi. Hamma bolalar sinf eshigidan mo‘ralashni, farroshning xonamizni qanday qilib asl holiga qaytara olishini ko‘rmoqni istashardi...

Sinf xonasiga qaytib kirganimizda atrof tozalikdan yaraqlar, havodan atirgullar isi kelayotgandi (farroshimiz rejaga muvofiq, xonani tozalab bo‘lgach, havoga atirgul isli sprey purkagan edi). Bolalar quvonchdan chapak chalib yuborishdi. Endi farroshimiz ularning ko‘ziga afsonalardagi sehrgarlar kabi har ishga qodirdek ko‘rina boshladi.

Keyin rejamizning ikkinchi bosqichiga o‘tdik: men farroshning ketishiga izn bermadim va uni o‘zimning o‘rnimga o‘tqazib qo‘ydim-da, “Bizga o‘zingiz va kasbingiz haqida so‘zlab bering, iltimos”, dedim. Bolalar kutganim kabi, suv quygandek jim-jit bo‘lib, farroshning suhbatini tinglay boshladilar.

- Men farroshman, - shoshilmay gap boshladi u qadrdonimiz. – Har kuni erta saharda - sizlar hali issiq va yumshoq o‘rinda uxlab yotgan vaqtingizda men ko‘chalarni tozalagani chiqaman. Atrofni supurib-sidiraman, chiqindilarni to‘playman va kerakli joyga eltib tashlayman. Menga o‘xshagan farroshlar juda ko‘p. Ularning ichida sizlarning otangiz, hatto bobongiz tengi kishilar ham ko‘p. Hammamiz bahamjihatlikda ishlab, odamlar ishga, o‘qishga borguniga qadar ko‘chalarni yaraqlatib tozalab qo‘yamiz. Agar biz bir kun ishga chiqmasak, ko‘chalarni bir kungina tozalamasak, atrof xuddi bugungi sizlarning sinf xonangiz holiga tushadi: hammayoq chiqindiga to‘lib, havo bad bo‘ylashib ketadi... Farroshlik juda qiyin ish. Farrosh bo‘lish uchun kishi sabrli va kuchli bo‘lishi kerak...

Farroshimiz gapirar ekan bolalar undan ko‘zlarini uzmay o‘tirishar, har bir so‘zini jon quloqlari bilan tinglar edilar. Uning o‘g‘lini aytmaysizmi! Kechagina otasining kasbi tufayli boshi egilgan bola bugun o‘z otasi bilan faxrlanib, unga mehr bilan tikilib o‘tirar edi!

Suhbat so‘ngida hammamiz jamuljam bo‘lib, farrosh mehmonimiz bilan suratga ham tushdik. To‘g‘ri, bu narsa rejamizda yo‘q edi, farrosh bilan suratga tushishni bolalarning o‘zlari istashdi. Otasining bo‘ynidan quchib suratga tushayotgan o‘rtog‘iga havas bilan qarayotgan bolalarni kuzatarkanman, rejamizdan katta foyda ko‘rganimizga to‘la ishondim. Mehmonni kuzatgach, bolalarga shunday uqtirdim:

- Har bir bola halol peshona teri bilan pul topib, oilasini boqayotgan otasi bilan faxrlanishi, unga har ishda ko‘makchi bo‘lishi kerak. Halol mehnat hech qachon hech kimning boshini egdirmaydi!..

Chindan ham, otasining qora mehnati yuzasidan bolalarning kamsitilishiga, boshi egilishiga, ko‘z yoshi to‘kishiga, masxaralarga sabab bo‘lishiga toqat qilolmayman. Agar toqat qilsam, muallim bo‘lolmasdim.

...Ertasi kuni meni maktab direktorining xonasiga chaqirtirishdi. Borsam, o‘quvchilarimdan birining otasi – viloyatdagi amaldorlardan biri savlat to‘kib o‘tiribdi. U men bilan so‘rashish uchun istar-istamas qo‘l uzatarkan, “Xush kelibsiz” deyishim hamon, “Hech xush kelmadim” dedi jerkib. Keyin jahl bilan o‘shqirdi:

- Kechadan buyon mening o‘g‘lim “Katta bo‘lsam, farrosh bo‘laman” degani-degan. Eshitsam, sinfingizda ko‘cha farroshi bilan uchrashuv o‘tkazgan emishsiz. Shunaqasi ham bo‘larkanmi?! Bolalarga farroshni o‘rnak qilib ko‘rsatyapsizmi hali?! Hech qayerda o‘qimagan, qo‘lidan ko‘cha supurishdan boshqa hech ish kelmaydigan, omi bir farrosh bolalarga o‘rnak bo‘la oladimi?! Siz bu qilmishlaringiz bilan bizning bolalarimizga nimani o‘rgatyapsiz?..

Men uning jahl bilan stol mushtlaganiga ham, direktorning menga xo‘mrayib tikilib o‘tirganiga ham e’tibor bermadim.

- Men bolalarga odam bo‘lishni o‘rgatyapman, - dedim. – Men ularga insoniylikni o‘rgatyapman!..
Naim ANVAR
Turk tilidan Farangis ISOMIDDIN tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Katta bo‘lsam, Farrosh bo‘laman!”