16:43 / 16.08.2018
4 809

Misr podshohini qo‘rqitgan qora tanli musulmon

Misr podshohini qo‘rqitgan qora tanli musulmon
Musulmonlar Misrni fath etgani kelishganda, Bobiliyun qo‘rg‘oni oldigacha borib to‘xtashdi. Podshoh Muqavqis musulmonlar bilan muzokara o‘tkazishga rag‘bat ko‘rsatdi va ular nimani xohlayotganlarini bilish uchun bir vafd (delegatsiya) jo‘natdi. So‘ng ular ham bir vafd jo‘natmoqliklarini so‘radi. Amr ibn Os ularga o‘n kishilik jamoani yubordi. Ularning ichida Uboda ibn Somit ham bor edi. Uboda juda qora, bo‘yi uzun kishi edi. Hatto, uning bo‘yi o‘n qarich deguvchilar ham bor edi. Amr so‘zlash vazifasini unga buyurdi. Ular Muqavqis huzuriga kirgan vaqtlarida Uboda ibn Somit oldinga chiqdi.

Muqavqis uning qoraligidan qo‘rqib ketdi va: «Bu qorani ko‘zimdan yiroq qiling. Men bilan so‘zlashgani boshqa kishi chiqsin», dedi. Shunda vafd a’zolari barobariga: «Bu qora bizning fikr va ilm jihatidan afzalimizdir. U – sayyidimiz, yaxshimiz va peshqadamimizdir. Albatta, biz uning fikri va so‘ziga quloq solamiz», deyishdi. Muqavqis bunga javoban: «Bu qora sizlarning afzalingiz bo‘lishiga qanday rozi bo‘lasiz, holbuki u sizdan tubanda bo‘lishi lozim ediku?» dedi. Ular esa: «Hech qachon! Garchi u qora bo‘lsada, ko‘rganingdek daraja, aql va fikrda afzalimizdir. Bizning ichimizda qorani inkor etadigan yo‘q!» deb keskin javob qilishdi. Shunda Muqavqis Ubodaga: «Oldinga chiq, ey qora. Menga muloyim so‘zla, men sening qoraligingdan qo‘rqaman», dedi. Uboda Muqavqisning qo‘rqinchini ko‘rgach, unga shunday dedi: «Bizning qo‘shinimizda mingta qora bor. Ular mendanda qoradirlar».

Bu – Islom hazorasining ajoyibligi va insoniyligini ko‘rsatib turibdi… Barcha odamlar, hatto yigirmanchi asr kishilari ham qoralikni nuqson, deb biladilar. Ular qora tanlilarni oqlar qatorida bo‘lishga haqli, deb hisoblamaydilaru, qanday qilib ularni e’zozlab o‘zlariga rahnamo qiladilar, fikr va ilmda afzal biladilar? Islom hazorasi kelganida, bu o‘lchovlarni yakson qildi. Bu fikrlarni ahmoqona, deb bildi. Ilmini, fikrini, shijoatini afzal bilgan paytda oqdan qorani oldinga qo‘ydi.

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Misr podshohini qo‘rqitgan qora tanli musulmon