22:13 / 25.09.2018
4 809

Rossiyaning Suriyaga S-300 zenit-raketali majmuani yetkazib berishi nimani anglatadi?

Rossiyaning Suriyaga S-300 zenit-raketali majmuani yetkazib berishi nimani anglatadi?

Rasmiy Moskvaning Damashqqa S-300 zenit-raketali komplekslar yetkazib berish toʻgʻrisidagi qarori Suriya hukumatiga muhim obyektlarni muhofazalash, shuningdek, Isroil va boshqa bir qator Gʻarb davlatlari harbiy samolyotlari Suriya boʻylab zarbalar berish imkoniyatlarini cheklash maqsadini ifodalaydi.

24 sentyabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu maʼlum qildiki, Rossiya ikki hafta mobaynida suriyalik harbiylarga S-300 zenit-raketali majmuasini yetkazib beradi.

Bu Latakiyada urib tushirilgan Il-20 ga javob chorasi sifatida koʻrilmoqda.

Shoyguning soʻzlariga koʻra, Rossiya 2013 yilda Isroilning iltimosi bilan Suriyaga S-300 majmuasini yetkazib berishni toʻxtatgan edi. Shoygu “bugun vaziyat oʻzgargani, bunga esa Rossiya aybdor emasligi”ni qayd etib oʻtdi.

U 17 sentyabr kuni Rossiyaning Il-20 samolyoti Xmeymim aviabazasiga qaytib kelish chogʻida urib tushirilgani, uning bortidagi 15 nafar rossiyalik harbiy halok boʻlganini eslatib oʻtdi. U Il-20 samolyoti xuddi shu vaqtda Suriyaning gʻarbiy qirgʻoqlariga hujum qilgan Isroilning F-16 samolyotlari tufayli zarbaga yoʻliqqanini takrorladi. Vazirning soʻzlariga koʻra, bu voqea Rossiyani Suriyada terrorizmga qarshi kurashayotgan rossiyalik harbiylarni himoya qilishga qaratilgan choralarni koʻrishga undadi.

“Aminmizki, ushbu choralar «qizigan boshlar”ni sovitadi va bizning harbiy xizmatchilarimiz uchun xavf tugʻdiruvchi bemulohaza xatti-harakatlardan tiyadi. Aks holda, yuzaga kelayotgan holatga muvofiq chora koʻrishga majbur boʻlamiz», degan u.

Isroilning bu qarorga munosabati, bu qaror Rossiya va Isroil munosabatlariga qanday taʼsir etishi masalasi hozircha ochiq qolmoqda. Hozircha Isroilning Moskvadagi elchixonasi bu borada izoh bermayapti. Ammo shu yilning aprel oyidayoq Isroil mudofaa vaziri Avigdor Liberman agar Suriya Isroilga qarshi S-300 zenit-raketali majmualarini qoʻllaydigan boʻlsa, bu qurollar yoʻq qilinishi haqida ogohlantirgandi.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov suriyaliklarga zenit-raketali majmualar yetkazib berilishidan maqsad uchinchi davlatga qarshi harakatlar emas, Suriyadagi rossiyalik harbiylar xavfsizligini taʼminlash ekanini qayd etib oʻtdi.

Harbiy munozaralardan diplomatik muzokaralarga

Mudofaa boʻyicha Federatsiya kengashi qoʻmitasi aʼzosi Frans Klinsevichning hisoblashicha, S-300 yetkazib berilishi ortidan Suriyada Isroil qurolli kuchlari va Rossiya harbiylari oʻrtasida toʻqnashuv kelib chiqishi ehtimoli yoʻq.

“Bunday majmuaga ega boʻlgan davlat oʻz hududidagi obyektlar - tinch aholi va harbiylarini aviatsiya hujumidan muhofaza eta oladi”, degan u. Uning soʻzlariga koʻra, “C-300 yetkazib berilishi mavjud taranglikni yumshatib, tomonlarni diplomatik yoʻlga undaydi”.

RF tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Bogdanov ham C-300 majmuasi yetkazib berilishi Rossiya va Isroil munosabatlarini buzmasligiga ishonch bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra, bu qaror “Rossiya va Suriyaning suveren huquqi”.

Normalar va huquqqa zid emas

Isteʼfodagi general-polkovnik, harbiy ekspert Leonid Ivashovning soʻzlariga koʻra, C-300 majmuasi yetkazib berilishi qarori shuni anglatadiki, Suriya hududlarining asosiy qismida hamda Oʻrta Yer dengizining akvatoriyasida “agressiyadan xoli xavfsiz hudud” barpo etiladi.

Ivashovning soʻzlariga koʻra, “bunday hudud tashkil etish Rossiyaning va Suriyaning huquqi boʻlib, bu qaror halqaro huquq normalariga zid kelmaydi”. “Bu harakat AQSH, Isroil va xalqaro koalitsiya tarkibida Suriyada harbiy amaliyotlar oʻtkazib kelayotgan bir qator Gʻarb davlatlarining keskin qarshiligiga uchraydi”, deb hisoblamoqda u.

Isroil va Gʻarb davlatlariga signal

“Bu Moskvaning shunchaki bir harbiy qadami emas, bu harbiy-siyosiy choradir. Birinchidan, bu Bashar Asad armiyasiga mamlakat hududini noqonuniy havo hujumlaridan himoya qilishda qoʻshimcha ishonch bagʻishlaydi. Ikkinchidan, bu amerikaliklarga va koalitsiya tarkibidagi boshqa hamkorlariga Suriya havo hududiga kirish taqiqlanishini anglatadi”, degan “Interfaks” bilan suhbatda harbiy ziddiyatlar va geostrategik prognozlash boʻyicha ekspert, professor Yevgeniy Nikitenko.

Uning soʻzlariga koʻra, Damashqqa C-300 zenit-raketali majmuani yetkazib berish shunchaki Suriya hududiga berilishi mumkin boʻlgan zarbalarni toʻsishga emas, “hukumatning mamlakat hududi ustidan nazoratni taʼminlashi”ga xizmat qiladi. “Bu shunchaki zenit-raketali majmua emas, balki Suriyaning iqtisodiy tiklanishi va xavfsizligi kafolatidir”, degan ekspert.

AQSH va Kanada harbiy-siyosiy tadqiqotlar instituti rahbari Vladimir Batyuk ham Suriyaga S-300 yetkazib berilishini “amerikaliklarga kuchni koʻrsatib qoʻyish” sifatida baholamoqda. U S-300 - qudratli havo hujumidan mudofaa majmuasi ekani, “bu majmua amerikaliklarni Suriyaga hujum qilishidan avval yaxshilab oʻylab koʻrishga undashi”ni aytib oʻtgan.

U “shu vaqtgacha Suriya havo hujumidan mudofaa tizimida boʻlgan qurollar eskirgani, Rossiyaning Il-20 samolyotini adashib urib tushirgan S-200 Sobiq Ittifoq davrida olib kelingani”ni qayd etib oʻtgan.

Ekspertlar S-300 yetkazib berilishini Isroil va Gʻarbning boshqa qudratli davlatlariga Rossiya tomonidan berilgan signal - Rossiya bundan keyin Suriya havo kengliklarini nazorat qilmoqchi ekanini anglatish sifatida baholashgan.

S-300 Suriyani “oʻq oʻtkazmas” qilib qoʻya olmaydi

Harbiy ekspert Nikolay Surkovning aytishicha, bu majmuani olgach, Suriya “mutlaqo mukammal havo hujumidan mudofaa tizimiga ega boʻlib qolmaydi”. Ammo hujum qiluvchi tomon keng koʻlamli amaliyotda natijaga erishishi uchun yanada koʻproq harbiy kemalar va harbiy samolyotlarni harakatga keltirishi zarur boʻladi.

Ekspertning qayd etishicha, S-300 Suriya havo hujumidan mudofaa tizimi imkoniyatlarini kardinal darajada oshiradi, ammo mamlakatning barcha hududlarini havo hujumlaridan himoya qila olmaydi. “Muhim jihati shundaki, Suriyaga bunday majmualardan qancha yetkazib beriladi va suriyalik harbiylar uni oʻzlashtirishi uchun qancha vaqt kerak boʻladi? Texnikani qabul qilish boshqa ish, uni jangovar holatga keltirish va qoʻllashni oʻrganish boshqa ish. Shuni anglash kerakki, S-300 mamlakatning butun hududi himoyasi uchun emas, ayrim obyektlar himoyasi uchundir”, degan ekspert.

Mudofaa va xavfsizlik boʻyicha Federatsiya kengashi qoʻmitasi raisi Viktor Bondarev esa Suriyaga S-300 batareyalari joylashtirilishi Rossiyaning Xmeymimdagi harbiy bazasi xavfsizligini mustahkamlashini taʼkidlab oʻtgan. U Suriyaga bir nechta batareya yetkazib berilishi mumkinligini istisno etmagan.

Isroil yanada sezgir boʻlishi talab etiladi

Damashqqa S-300 yetkazib berilishi Suriya hududida eronparast kuchlarga qarshi amaliyotlar oʻtkazib kelayotgan isroillik harbiylarning taktikalari oʻzgarishiga olib keladi. Endilikda isroilliklar yanada ehtiyotkorroq boʻlib, radioelektron tizimlarini yanada sezgirroq qilib takomillashtirishlari talab etiladi.

“Ziddiyat kelib chiqish ehtimoli yuqori emas, ammo bu qaror Rossiyaning Isroil bilan munosabatlarini murakkablashtirishi tayin. Men vaziyat qurolli qarama-qarshilikkacha yetib bormasligiga umid qilaman. Ammo suriyalik harbiylar Rossiya yetkazib bergan majmua bilan isroillik uchuvchilarni urib tushirishsa, Isroil bu majmualarni va ular joylashgan bazalarni oʻqqa tutadi”, degan harbiy ekspert Aleksey Arbatov.

“Qoidalarni Rossiya belgilab beradi”

Moskvaning Damashqqa S-300 yetkazib berish boʻyicha qarori Suriyaga qarshi yirik harbiy amaliyot boshlashga hozirlik koʻrayotgan Isroilni tiyib turishga qaratilgan. Ammo bu qaror Rossiya-Isroil munosabatlariga jiddiy zarar yetkazmaydi, deb hisoblamoqda Tashqi siyosat va Mudofaa boʻyicha kengash prezidiumi raisi Fedor Lukyanov.

“Bir tomondan Isroilga aniq signal yoʻllandi. Boshqa tomondan, hech kim Isroil bilan erishilgan yuqori darajadagi munosabatlarga zarar yetkazilishi mumkinligiga qiziqmadi”, degan u.

Uning fikr bildirishicha, bu qarordan maqsad “qoidalarni Rossiya belgilashini Isroilga anglatib qoʻyish”dan iborat.

Koʻp narsani oʻzgartirmaydigan yengil javob

Yana bir harbiy ekspert Dmitriy Maryasisning fikr bildirishicha, Moskvaning qarori Isroilning Eron qoʻllovidagi kuchlarga qarshi Suriyadagi amaliyotlariga jiddiy taʼsir etmaydi.

“Menimcha, bu isroilliklar uchun juda yengil javob boʻldi. Bu toʻgʻridan-toʻgʻri Isroilning oʻziga taʼsir koʻrsatmaydi. Isroillik harbiylar oʻz nishonlariga zarba berish yoʻlini topa olishadi”, degan u.

Uning soʻzlariga koʻra, “Moskvaning Suriyaga S-300 yetkazib berish boʻyicha qabul qilgan qarori hozirgi vaziyatdan kelib chiqib qaralsa, ehtimollar orasida eng kuchsiz qaror boʻldi”.

Uning fikricha, Rossiya-Isroil munosabatlarida inqirozli holat kuzatilmaydi. “Il-20 voqeasidan keyin Rossiya Mudofaa vazirligi ayblovlari ortidan Isroil bundan qatʼiyroq reaksiya kutgandi”, deya qayd etadi ekspert.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyaning Suriyaga S-300 zenit-raketali majmuani yetkazib berishi nimani anglatadi?