17:00 / 01.02.2018
34 214

Pistaning “foydali” xususiyatlari...

Пистанинг "фойдали" хусусиятлари...
Pista insonlar tomonidan qadim zamonlardan buyon iste’mol qilib kelinadi. Dunyoda uning juda ko‘p turlari mavjud. Pista ayrim xalqlarda boylik va farovonlik ramzi ham sanaladi.

Bugungi kunga kelib pistaning foydali xususiyatlari haqida ko‘plab manbaalar yaratilgan. Tabobat, qolaversa, zamonaviy tibbiyot tomonidan pista sog‘lik va go‘zallik uchun muhim ne’mat ekanligi e’tirof etiladi.

Pista antioksidantlar, foydali yog‘lar manbaidir. Shuningdek, uning tarkibida inson organizmi uchun foydali ozuqalar, oqsil, kalsiy va fosfor, asablarni tinchlantiruvchi V hamda Ye vitaminlari mavjuddir. Ayniqsa, pistaning quyidagi foydali xususiyatlarini alohida e’tirof etish lozim.

Yurak sog‘lomligini ta’minlaydi. Pista zararli xolesterin miqdorini kamaytiradi. Shuningdek, uning antioksidantlarga boyligi, tarkibida A va Ye vitaminlarga ega ekanligi yallig‘lanishning oldini olib, qon tomirlarini himoya qiladi, shu tariqa yurak-qon tomirlari xastaliklariga chalinish xavfini kamaytiradi.

Asablarni tinchlantiradi. Pista tarkibidagi V 6 vitamini asab tizimining to‘g‘ri ishlashida muhim rol o‘ynaydi. Ushbu vitamini asab tolalari o‘rtasidagi impulslarning to‘g‘ri yetkazilishini ta’minlaydi, turli asab buzilishlari, uyqusizlik, xotira bilan bog‘liq muammolar, hattoki, ruhiy holat buzilishining oldini oladi.

Ko‘z uchun foydali. Pista lyutein va zeaksantinga ega. Ular ko‘z gavhari va to‘r pardasining markaziy qismida to‘planib, ularning himoya qobig‘ini mustahkamlaydi va ko‘z kasalliklaridan himoya qiladi.

Immun tizimini mustahkamlaydi. Pistani muntazam iste’mol qilish organizmning tashqi ta’sirlarga qarshiligini oshiradi. Unda immun tizimi faoliyati uchun muhim sanalgan foliy kislotasi, biotin, riboflavin, niatsin vitaminlari hamda fosfor, kaliy va magniy kabi minerallar mavjud.

Terini yoshartirish xususiyatiga ega. Pista Ye vitaminining boy manbasi sanaladi. Mazkur vitamin esa sog‘lom teri uchun eng muhim vitaminlardan biri hisoblanadi. U terining qurishi va qarilikda paydo bo‘luvchi dog‘larning oldini oladi. Yoz oylarida uni ko‘proq iste’mol qilish zarur.

Moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Pista tarkibida boshqa yong‘oq turlarida bo‘lgani kabi ko‘p yog‘ mavjud. Uni iste’mol qilishda ham me’yordan oshish yaramaydi. Ozuqaviy tolalari hisobiga pista ozishda yordam beradi. U organizmni uzoq vaqt davomida to‘q tutadi. To‘yinmagan yog‘ kislotalari esa moddalar almashinuvini tartibga soladi va organizmda ortiqcha yog‘ to‘planishining oldini oladi.

Kamqonlikda foydali. Pistaning tarkibida ko‘p miqdorda temir moddasi mavjud. Shuning uchun uni kamqonlikda iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Minura BOZOROVA tayyorladi.

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Pistaning “foydali” xususiyatlari...