17:25 / 28.05.2018
5 806

AQShning eng yaxshi shifokorlaridan biri deya tan olingan nukuslik O‘zbekistonga kelmoqda

AQShning eng yaxshi shifokorlaridan biri deya tan olingan nukuslik O‘zbekistonga kelmoqda
Joldas Quljonov Foto: jahonnews.uz
AQShning yetakchi klinikalaridan biri Sent Luis universitetining Ortopedik jarrohlik departamenti rahbari, mashhur jarroh - Joldas Quljonov O‘zbekistonga keladi. "Dunyo" axborot agentligiga tayanib Kun nashri shu haqida xabar berdi.

Quljonov O‘zbekistonga tashrifi davomida Respublika nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida qator xayriya operatsiyalari va maslahatlashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. U shuningdek displaziyasi bo‘lgan yoshlarda operatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiydi.

Ta’kidlash joizki, jarroh prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarga sog‘liqni saqlash tizimini keng isloh qilishga o‘z hissasini qo‘shishga doir murojaatiga birinchilardan bo‘lib javob bergan.

Shifokor davlat rahbarining AQShga tashrifi davomidagi qisqa suhbat va respublikadagi qo‘shma loyihalar istiqbollari muhokamasidan keyin amaliy ishga kirishish uchun shijoatga to‘la ekanini ta’kidladi.

Joldas Quljonov asli nukuslik bo‘lib, 27 yildan buyon Qo‘shma Shtatlarda ishlaydi. Ancha yillardan beri universitet klinikasida MDH shifokorlariga saboq beradi, shuningdek Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda boshqa mamlakatlarning yetakchi markazlarida mahorat darslarini olib boradi. U bir necha marotaba "AQShning eng yaxshi shifokorlaridan biri" sifatida e’tirof etilgan.

Taniqlik shifokor qator noyob operatsiyalar o‘tkazgan bo‘lib, ularga doir ma’lumotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yetkazilgan. U ixtisoslashtirilgan xalqaro konferensiyalarning doimiy ishtirokchisi hisoblanadi, muntazam ravishda xorijiy mamlakatlarda operatsiyalar o‘tkazadi.

Quljonov O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish juda muhim deb hisoblaydi. U O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ko‘magida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi tibbiyot muassasasiga General Electric'ning kompyuter tomografini, shuningdek umumiy summasi 100 ming dollarni tashkil qiluvchi boshqa diagnostika qurilmalarini yetkazish masalasini ishlab chiqmoqda. Bundan tashqari, u yuqori texnologik uskunalarni o‘rnatish va ularda ishlashga o‘zbekistonlik mutaxassislarni o‘rgatishda ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek Quljonov 23 iyun - 3 iyul kunlari Sent-Luis va San-Diyegodagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridagi neyrojarrohlar, neyrofiziologlar, urologlar, ortopedlar va boshqa shifokorlar guruhlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirishni niyat qilgan. Ular ham O‘zbekistonda mahorat darslari va yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazishi rejalashtirilmoqda.

Quljonovning ta’kidlashicha, bu "xamir uchidan patir", xolos. Uning fikricha, O‘zbekiston rahbariyatining mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishga qaratayotgan e’tibori, shuningdek Amerikaning sohadagi ilg‘or tajribasini tatbiq qilish natijasida O‘zbekiston tibbiyoti modernizatsiyasi uchun keng istiqbollar ochiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » AQShning eng yaxshi shifokorlaridan biri deya tan olingan nukuslik O‘zbekistonga kelmoqda