08:02 / 04.06.2018
9 263

O‘rik – shifokor, kosmetolog, vitaminlar zahirasi!

O‘rik – shifokor, kosmetolog, vitaminlar zahirasi!
Mavsumiy mevalar g‘arq pishadigan pallaga ham yetib keldik! Mazasi tilni yoradigan o‘rik yeyapsizmi? Ochlik xissidan xalos etuvchi, ko‘p miqdorda vitamin va mikroelementlarni o‘zida mujassam qilgan, kattayu kichikka birdek foydali o‘rik, nafaqat salomatlik, balki go‘zallik borasida ham ayni muddaodir. Bugun o‘rik haqida suhbatlashamiz!

Rekord haqida eshitganmisiz?
Bir dona o‘rikda: ko‘rish qobiliyati, teri, soch, tish ko‘rinishini yaxshilovchi A vitamini, xotira va moddalar almashinuvini rag‘batlantiruvchi V2 vitamini, artrit va tomir tortishishidan xalos bo‘lishga yordam beruvchi V5 vitamini, shuningdek mashhur V9, ya’ni foliy kislotasi, immunitetni chiniqtiruvchi S vitamini, sizni hamisha yosh va maftunkor ko‘rsatuvchi Ye vitamini mavjud. Ushbu meva kaliy, kalsiy, magniy va fosfor minerallariga ham boy sanaladi. Ta’mi qanday shirin bo‘lishiga qaramay 100 gr o‘rikda 44 kilokaloriyagina mavjud. Ya’ni o‘rik oson o‘zlashtiriluvchi uglevodli parhezbop mevadir. Qomatim demasdan, maza qilib o‘rikxo‘rlik qilavering.

Kimlarga qanday ta’sir qiladi?
O‘rik tarkibidagi karotin moddasi nafaqat yurak kasalliklarini davolaydi, balki erkaklik salomatligi uchun ham foydalidir. Ayollarga esa go‘zallik borasida asqatadi. Teringiz tarang va ajinlardan holi bo‘lishini istasangiz, o‘rik sharbatini kanda qilmang. Danagidan tayyorlangan efir moyini esa teridagi husnbuzar va toshmalar ustiga surtsangiz osongina undan xalos bo‘lasiz.

Sarvqomat bo‘laman desangiz...
Ochlik hissini bartaraf etish bo‘yicha o‘rikka teng keladigani yo‘q. Ammo qorinni to‘q tutar ekan deya, me’yorni unutib qo‘ymang-a... Shirin ta’miga asir bo‘lsangiz, oshqozoningiz qiynalib qoladi-ya. Och qoringa ham yemang, ovqatlanib bo‘lgach, desert, pirojniy va shirinliklar o‘rniga o‘rik qoqidan 5-6 ta yeb olsangiz kifoya.

Kimlarga mumkin emas?
Tarkibida shakar moddasi ko‘p bo‘lganligi tufayli qand kasalligi bilan og‘riganlar oz miqdorda o‘rik yeyishlari lozim. Qand miqdori yuqorilaganda esa umuman cheklagan durust. Pankreatit kasalligida esa bir kunda bir marta, 2 dona yeyish kifoya. Xastalik xuruj qilganida o‘rik qoqisigagina ruxsat bor.

Niqob tayyorlaymizmi?
Mevani po‘stidan ajratib, bo‘tqa ko‘rinishiga keltiring. Aralashmani tozalangan yuz terisiga surting-da, 5 daqiqadan so‘ng iliq suvda yuvib tashlang. Niqobdan so‘ng yuzga krem surtish shart emas, muolajani har ikki kunda takrorlab tursangiz yuzingiz vitaminlarga to‘yinib, yarqiray boshlaydi.

Yog‘li yuzlar uchun o‘rik bo‘tqasiga 3 osh qoshiq kefir aralashtirish va 20 daqiqaga yuzga surtib qo‘yish tavsiya etiladi.

Darvoqe, o‘rik sharbatidan ham go‘zallik muolajasi o‘rnida foydalanish mumkin. Buning uchun ikki qavat dokani meva sharbatida xo‘llab, yuzingizga qo‘ying. Doka quriguncha uni yuzda ushlab turing, so‘ng yana xo‘llang-da, muolajani takrorlang. 3 martadan so‘ng yuzni quruq paxta bilan artib oling.

Quruq yuzli xonimlarga esa o‘rik bo‘tqasi va tvorogni teng miqdorda aralashtirib, niqob o‘rnida qo‘llash maslahat beriladi.

Mevasini yeng-u, danagini...
Dorixonadan o‘rik danagidan tayyorlanganmoyni sotib oling-da shampun idishiga 2-3 tomchi aralashtirib qo‘ying. Yangicha tarkibli shampun sochlarni yumshoq, mayin va mustahkam ko‘rinishga keltiradi.

Tush ta’biriga nima deysiz?
Ajoyib kunlarning birida tush ko‘rdingiz, gullagan o‘rik daraxti! Aytishlaricha, bunday tush ta’biri hayotingizda ijobiy o‘zgarishlar yuz berishi, sahiy insonlar bilan uchrashish va ko‘ngil hotirjamligiga erishishingizga ishora ekan. Agar hosilga kirgan o‘rik daraxti mevasidan totib ko‘rayotganingiz tush ko‘rilsa, moliyaviy ahvolingiz yaxshilanishidan darak bo‘ladi. «Eh, har kuni o‘rik daraxtini tush ko‘rsam edi» deysizmi? Aytganingizdek bo‘lsin!
Anora G‘ULOMOVA tayyorladi.

Manba: Darakchi.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » O‘rik – shifokor, kosmetolog, vitaminlar zahirasi!